LENUR TIMOFEYEV: ENTER SOLAR’DA ISHLAYOTGANIMDAN MAMNUNMAN
Obunachilarimizni Enter Solar zavodining mehnat jamoasi bilan tanishtirishni boshlaymiz. Bizning birinchi qahramonimiz — smena ustasi Lenur Timofeyev. Uni tasodifan tanlamadik — yosh xodim korxonada ishlayotgan davri davomida o‘zini eng ijobiy tomondan ko‘rsata oldi va birinchilardan bo‘lib lavozimda ko‘tarildi.
— Ko‘pchilik hamkasblarim kabi men ham zavodda aprel oyidan beri ishlayapman, — deydi Lenur Timofeyev. — O‘shanda faol faoliyat endigina boshlanayotgan, ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirish bosqichidan o‘tayotgan edi. Men operatorlikdan boshlaganman, biroz vaqt oldin esa smena ustasi lavozimigacha ko‘tarildim. Endi mening vazifalarimga belgilangan uchastkada liniyaning ishlashini nazorat qilish kiradi. U yacheykalar bilan tayyor panelga ikkinchi shishani o‘rnatadigan robot, panellarda tashqi nuqsonlar (yoriqlar, ulanishdagi nosozliklar, simlarning uzilishi) tekshiriladigan laboratoriya va ikkita laminatorni o‘z ichiga oladi.
Lenur Enter Solar haqida yaqin atrofdagi Enter Steel mashinasozlik zavodida ishlaydigan do‘stidan bilgandi.
— Yangiyo‘lda shunday korxona qurilayotgani haqida ma’lumotni katta qiziqish bilan qabul qildim, — deydi qahramonimiz. — Qurilish tugallangach, suhbatga keldim, shundan so‘ng ishga qabul qilindim. Munosib haq to‘lanadigan doimiy ish va yana uyga yaqin — bu hozirgi zamon uchun juda yaxshi holat. Bir so‘z bilan aytganda, Enter Solar’da ishlayotganimdan mamnunman.
Ta’kidlash joizki, Lenur tabiatan mehnatkash inson, zavoddagi faoliyatidan bo‘sh vaqtlarida u yigiruv uskunalariga xizmat ko‘rsatadigan firmada xizmat ko‘rsatish muhandisi sifatida ham ishlaydi. Bungacha u kompyuter texnikasiga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullangan.
— Hayotda haqiqatan ham arziydigan narsaga faqat mehnat, o‘z qo‘llaringiz va miyangiz yordamida erishishingiz mumkin, — deb davom etdi Lenur Timofeyev. — Bundan tashqari, oilamiz katta — rafiqam Anna va uchta o‘g‘lim bor. Ularni voyaga yetkazish kerak, xarajatlar juda ko‘p. Shuning uchun men zavodning rivojlanishi bilan shaxsiy o‘sishimga bog‘liq katta umidlarim bor. Kelgusi yilda universitetga sirtqi ta’lim bo‘yicha o‘qishga kirishni rejalashtirilganman, bilim darajamni va kasbiy malakamni oshirishim kerak.
Lenur Timofeyev va uning hamkasblari oldida juda ko‘p ishlar bor, zavodning buyurtma portfeli faqat o‘sib boradi. Biz esa yosh mutaxassisga omad, oilasiga baxt va sihat-salomatlik tilab qolamiz!