May 29, 2021

Quanishbek Yerejepbayev –

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga binoan "MEHR-SAXOVAT" ko'krak nishoni sohibi, "Молодой ученый СНГ-2020" xalqaro ko'rik tanlovi g'olibi, Respublika ilmiy va innovatsion loyihalar muallifi, O'zLiDeP faol a'zosi Navoiylik iqtidorli tibbiyot talabasi.

Oilangiz va tahsil olayotgan oliygohingiz haqida qisqacha to'xtalib o'tsangiz:
Mening millatim Qoraqalpoq, o'zim Navoiy viloyatida tug'ilganman.Oilada 6 kishimiz. Otam Navoiy davlat pedagogika universiteteida ishchi xodim bo'lib ishlaydilar, onam maktabgacha ta'lim muassasasida tarbiyachi. Ukam ayni vaqtda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 1-kurs talabasi hisoblanadi. O'zim haqimda qisqacha to'xtalsam, yoshligimning ko'p qismi Navoiy viloyatining olis cho'l hududida o'tgan va qishlog'imga mehrim juda ham baland, shu jabhalarni inobatga olgan holda talabalik davrimda o'z ilmiy faoliyatimni "Cho'l hududida uchrovchi yurak qon tomir kasalliklari" mavzusida boshladim. Bugungi kunda yurtimizda kamol topayotgan har bir yosh avlod uchun cheksiz imkoniyatlar eshigi har jabhada davlatimiz tomonidan yaratilib berilmoqda. Prezidentimizning viloyatimizga amalga oshirgan birinchi rasmiy tashriflari chog'ida cho'l hududidagi tibbiyotning dolrazb muammolari, kadrlar salohiyati oshirish hamda oliy ta'lim muassasalariga hudud yoshlarining o'qishga kirishini imtiyozli ta'minlash yuzasidan keng qamrovli strategik amaliy chora tadbirlarni boshlagan edilar.

Tibbiyot sohasi bo'yicha xalqaro tanlovdagi g'oliblik:
Oliygohimizda 1-kurs yakuniga ko'ra, amaliyot jarayoni uchun viloyatimga ketayotganimda O'quv ishlari bo'yicha prorektorimiz B.S.Yuldashev barcha iqtidorli talabalarni bir joyga yig'ib, kelajakda o'zimiz tanlamoqchi bo'lgan soha bo'yicha ilmiy izlanish faoliyatimizni boshlash uchun yo'nalish berdilar. Bu masaladagi tashabbusni Konimex tumanidagi hokimligimiz va tibbiyot birlashmasi ham amaliy qo'llab-quvvatladilar. Ushbu ilmiy izlanishimning 3-yillik mehnatini ilmiy rahbarim, kardiolog Z.F.Djumaniyazova va ilmiy ishlar bo'yicha prorektorimiz professor R.B.Abdullayev tomonidan maqola shakliga keltirilib, xalqaro tanlovga berildi hamda, "Молодой ученый СНГ-2020" tanlovining tibbiyot sohasi bo'yicha g'olibligiga loyiq deb topildi. Ushbu tanlovning rasmiy taqdirlash marosimi Qozog'istonning Nur-Sultan shahrida bo'lishi kerak edi, ammo pandemiya sharoitidagi og'ir davrlarga to'g'ri kelganligi uchun Navoiy viloyati hokimi Q.B.Tursunov tomonidan amalga oshirildi.

"MEHR-SAXOVAT" ko'krak nishoni bilan taqdirlanishingiz haqida aytib o'tsangiz:
2020-yil yurtimizga bir qatorda o'ziga xos global sinovi bilan kirib keldi. Eng avvalo, Buxoro fojiasi, Sardoba suv toshqini aholimizni ko'p jabhada qiynab qo'ydi. Bu vaqt oralig'ida esa har kuni butun dunyoda #uyda_qoling shiori ostida karantin tadbirlari bo'lib o'tmoqda edi. Shu sinovli vaqt oralig'ida bo'lajak tibbiyot xodimi sifatida yurtimga va yurtboshimga kamarbasta bo'lishni o'z oldimga maqsad qilib qo'ygan edim. Mahallamdagi kam ta'minlangan, boquvchisini yo'qotgan oilalarga o'z stipendiyamdan oilam va oilygohim nomidan hayriya tadbirini tashkillashtirdim. Viloyat hokimligimiz, Yoshlar tashkilotlari bilan birgalikda "Sardoba fojiasi"da, "Saxovat va ko'mak" umumxalq harakatida faol volontyor bo'lishga intildim.Bir so'z bilan bu o'tgan ma'sulyatli damlarni ta'riflab bera olmayman. Prezidentimizning nazari tushib, ushbu ko'krak nishon taqdirlandim. Buni eshitganda, eng avvalo,otam juda ham xursand bo'ldilar.

Oliygohingizdagi shart-sharoitlar va rahbariyatning talabalar bilan aloqasi qanday:

Oliygohimizni ta'riflashdan oldin, bir kunlik o'quv jarayonini kuzatishingiz uchun tashrif buyurishingizni taklif qilib qolaman. Shart-sharoitlar a'lo darajada, iqtidorli yoshlarimizga rektorimiz R.Ruzibayev agarda oliygomiz nomidan respublika va xalqaro tanlovlarda g'olib bo'lsangiz, qo'limizdan kelguncha har bir yutug'ingiz uchun ham ma'nan, ham moddiy tomondan qo'llab-quvvatlov amalga oshiramiz, deb o'z va'dalarini doimo ta'kidlab o'tadilar. Ma'lumot o'rnida ishonch hosil qilish uchun aytsam: mening bir yil davomida olgan moddiy rag'batim bir yillik kontrakt miqdorining 30-40%ni tashkil etdi. Bunday sharoit menimcha har bir talaba uchun albatta ulkan motivatsiya bo'lsa kerak, deb o'ylayman!

Kelajakka qo'ygan maqsadlaringiz va ayni vaqtda nima rejalar bilan bandsiz:
Ayni vaqtda imkon qadar bo'sh vaqt topdim deguncha amaliyot jarayonlarini mukammal o'rganishga harakat qilmoqdaman. Kelajakda ushbu tanlagan sohamning yetuk mutaxassisi bo'lib, zamon bilan hamnafas holda ta'lim sohasida ham faoliyat yuritgim keladi. Filialimizdagi xorijlik talabalar bilan doimiy fikr almashib, chet davlatlarda ham tahsil olishni niyat qilib qo'yganman.