November 24, 2023

Abdulla Qodiriy ("Jadidlar" toʻplamidan)

Garchi men turlik boʻhton, shaxsiyat va soxtalar bilan, ham anglashilmovchilik orqasida, ikkinchi oqlanmaydurgʻon boʻlib qoralandim... Endi jismoniy oʻlim menga qoʻrqinch emasdir...

Asarning badiiy gʻoyasi:

Bu asar "Jadidlar" toʻplamining bir qismi boʻlmish Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga bagʻishlangan bebaho boylik va badiiy jihatdan ham uning bizga qoldirilgan tengsiz boyliklari va hayot mashaqqatlari, ularni qanday yengib oʻtgani tasvirlanadi. Abdulla Qodiriy shaxsiyati, qalami asar mushtariylariga tanishtiriladi.

Asarning yosh chegarasi:

Abdulla Qodiriy ilmiy-badiiy asarini 16 yosh va undan katta yosh toifasiga oʻqishni tavsiya beraman. Chunki adibning hayot yoʻlini, asarida qalamga olgan taqdirlar orqali nimalarni anglatmoqchi ekanligini yaxshi tushunib yetiladi. Jumladan, "Oʻtgan kunlar", "Mehrobdan chayon", qissa, drama, felyetonlari, satirik hikoyalari, sheʼrlari va hokazolar. Asarni har oʻqiganingizda yanada keng tushunchalarga, fikrlarga ega boʻlasiz.

Abdulla Qodiriy ijodida taxalluslarining oʻrni:

Abdulla Qodiriy xalqqa oʻz ijodini yetkazib, ularni ilmli qilish, Chor Rossiyasi uni bilib qolib, asarlarini yoʻq qilmasliklari uchun 10dan ortiq taxalluslar va ularning turli shakllarini qoʻllashga majbur boʻladi.

Eʼtiborga loyiq jihati shundaki, Abdulla Qodiriy ijodi boshida taxalluslarini toʻliq qoʻllaydi, ammo 1924-yildan boshlab, taxalluslari va ism-familiyasining bosh harfini qoʻllashni boshlaydi. Bu shuni anglatadiki, 1924-yilga kelib, uning shaxsiyati va ijodi gʻoyat qattiq taqiqlarga uchragan. Oʻsha paytda "Mushtum" jurnali va boshqa jurnal-gazetalarda qoʻllagan taxalluslari: oʻgʻli: Julqunboy, Mirza sovrin, Dulbul, Ju-boy, Mirzavits, Julqunboy, Julqunboy Dumbulboy oʼgʻli, Dumbulboyev, Kelin yangasi Dumbulnisa, Mirza Julqun, Julqunboy Sovrinboy oʻgʻli, Dumbul devona, Domla Dumbul, Ovsar, Moshxoʻrdachi Shilgʻay, Eski shayton, Kalvak Maxzum, Goʻzimatchi, (J.), (A.Q.)... Bu roʻyxatni ancha davom ettirish mumkin. Lekin bir narsani unutmaylik, bu ishlar ham bekordan bekorga qilinmagan. Bizga mustaqil Vatanni inʼom etish, ilm ulashish uchun qilingan

Asardagi iqtiboslar:

1️⃣Jaholat dardlarining daʼvosi — maʼrifat. Maʼrifat ziyosidan bahra olish millatning qalbini nurlantirish demakdir.

2️⃣Haq hamisha gʻolibdir, haqsizlik esa magʻlub.

3️⃣Muhabbat degan narsa juda oz kishilarga nasib baldıran bir durri bebahodir. (Asar iqtiboslaridan bir shingil)

Abdulla Qodiriy va asarlari:

Abdulla Qodiriy qisqa umr koʼrgan boʻlsa-da, salmoqli ijod qilgan. Uning asarlarini oʻqib, uqqan inson asarlari Qodiriy taqdiridan soʻzlayotganini ham sezadi, his etadi. Masalan, "Oʻtgan kunlar" romanida shom azonidan boshlaydi, sababi yashayotgan kunlari ham shom azoni vaqtidagidek qora, lekin uning ortidan bomdod azoni vaqtidagidek subhidam tong kelishiga umid qiladi. Asarlariga betaraflik bilan yondashib, Otabekni oʻlimi bilan yakunlaydi. Xoʼsh, nega? U oʻz oʻlimi tobora yaqinlashib kelayotganini va taqiqlar kuchayib, tinkasini quritayotganini yaxshi fahmlagan. Hatto, bu haqida oʻgʻli Habibulla Qodiriy ham otasining oʻta aqlli va uzoqni koʻra olishini koʻp bora taʼkidlagan. Yoki boʻlmasa, Otabekni Oqmachit (hozirgi Qozogʻiston hududlari) qalʼasidagi jangda oʻlim topdiradi. Otabek Oqmachit qalʼasida ruslarga qarshi kurashadi. Bu orqali yozuvchi ruslar biz oʻylagandan-da bizga yaqin, ey fuqaro, ogoh boʻling deb ogohlantirmoqchi boʻladi. Yana aytadigan boʻlsak, "Shodmarg" hikoyasida xursandligidan vafot etgan mulla Karim hoji. Bu obraz orqali Qodiriy Chor Rossiyasidan qutulganlarni tasvirlaydi va juda koʻp quvonib yuborgani, natijada boshlariga undan-da yomon kunlarni SSSR solganligiga ishora qiladi.

Asar haqida mening qarashlarim va taklifim:

Asarda Abdulla Qodiriy siymosi bilan tanishar ekanman, menda bir savol tugʻildi. Men Abdulla Qodiriy bilan zamondosh boʻlsam nima qilar edim. Qodiriy kabi ilm tarqatarmidim yoki bir kunim oʻtsa boʻldi deb taslim boʻlarmidim? Xoʻsh, sizchi? Siz nima qilar edingiz? Asarda shunchalik oʻtkir qarashlar, fikrlar ifodalanganki, oʻqigan inson yozuvchi va uning ijodi orqali nimalarga ishora qilayotganini bir zumda anglab oladi. Abdulla Qodiriy har tomonlama yetuk ijodkor va Vatan taraqqiyotining yorqin namoyondasi. U bizga erk va mustaqillik tushunchalarini anglashimizda oʻz hissasini qoʻshdi. Hech qachon taslim boʻlmaslikni oʻrgatdi. Men shuni taklif qilar edimki, yangi chiqarilayotgan maktab darsliklariga Abdulla Qodiriyning "Shodmarg" hikoyasi va shunga oʻxshagan turli felyeton, sheʼrlarini ham kiritishni. Chunki oʻzbek xalqi, mushtariylar Abdulla Qodiriyning "Oʻtgan kunlar" va "Mehrobdan chayon" asarlari bilangina cheklanib qolishmasin. Zero, uing shaxsiyati va ijodini yanada chuqurroq oʻzganishsin.

Inson bu asarni nima uchun oʻqishi kerak?

Negaki, bu asarni oʻqib, oʻsha davr muhitiga tushib qolish, his qilish juda oson. Abdulla Qodiriy asarlari makon va zamon tanlamasligi anglab yetadi. Yana bir bor Qodiriyni yaqindan taniydi. U bilan moziyda uzoq va mazmunli suhbat quradi. Choʻlpon aytganidek: "Oʻzbek onasi yaqin oʻrtada ikkinchi Abdulla Qodiriyni tugʻmasa kerak".