November 12, 2024

O'zbekiston - bag'rikeng diyor.

Buxoro davlat universiteti Xorijiy tillar fakulteti Fransuz filologiyasi kafedrasida 2024 yil 12-noyabr sanasida "16-noyabr - Xalqaro bag'rikenglik kuni" munosabati bilan Bag'rikenglik haftaligi doirasida "O'zbekiston - bag'rikeng diyor" mavzusida Ma'rifat soati o'tkazildi. Unda kafedra professor-o'qituvchilari mavzu yuzasidan o'z fikr-mulohazalari bilan ishtirok etdilar.

O‘zbekiston – ko‘pmillatli mamlakat. Zero, shu aziz Vatan – barchamizniki. Bu zaminda asrlar mobaynida turli millat va elat vakillari qo‘lni-qo‘lga berib, yelkama-yelka yashab kelmoqda. Yurtimizda millatlararo totuvlik, dinlaraaro bag‘rikenglik muhiti hukmron.

Xalqimiz odamiylik, insonni qadrlash, mehr-oqibat, bag‘rikenglik kabi ezgu fazilatlarni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab, necha-necha avlodlarga bezavol yetkazib kelmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida izchil amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalq hayotini, dunyoqarashini, turmush tarzini o‘zgartirmoqda.

YuNESKO Bosh konferensiyasining 1995-yil 16-noyabrdagi 28-sessiyasida qabul qilingan Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi dunyoda tinchlik va totuvlikni ta’minlash, inson huquqlari va erkinliklari ustuvorligini kafolatlash, teng huquqlilik hamda o‘zaro hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining qaroriga ko‘ra, 1997-yildan buyon mazkur hujjat qabul qilingan sana, 16-noyabr – har yili butun dunyoda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida nishonlab kelinadi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad  dunyo xalqlarini bag‘rikenglikka, tinchlikni asrab-avaylashga hamda ijtimoiy-iqtisodiy farovonlikka erishishga chorlashdir.

Ushbu sanani O‘zbekistonda nishonlash ham yaxshi an’anaga aylangan. Ayni kunlarda yurtimizda Xalqaro bag‘rikenglik haftaligi bo‘lib o‘tmoqda.

Fransuz filologiyasi kafedrasi.