November 1, 2024

Kitobxonlik - barcha bilimlarning asosi.

Bizning yurtimizda ilm olish, kitob yozish, ijod qilish har doim ham millatning mavjudligi va u nimaga qodir ekanligini ko‘rsatuvchi muqaddas tushunchalar hisoblanadi. Arastu hakimdan Abu Ali Ibn Sinoga, Aflotundan-Abu Rayhon Beruniygacha, Jaloliddin Rumiydan- Alisher Navoiygacha, Sohibqiron Amir Temurdan-Muhammadsharif Gulxaniygacha yuzlab, minglab mutafakkirlarning shakllanishi, dunyoga tanilishi, zamonlar oshsada ahamiyati yo‘qolmaydigan tadqiqotu kashfiyotlari faqat va faqat kitob orqali yuz berdi. Ularning bugungi avlod tomonidan chuqur o‘rganilishi, ular ilmiy-ma'rifiy bisotiga bot-bot murojaat qilishning sababi ham mutafakkirlarimiz tomonidan yaratilgan kitoblar tufaylidir.

Buxoro davlat universiteti Fransuz filologiyasi kafedrasi dotsenti, f.f.f.d.(PhD) N.B.Kuldashova tashabbusi bilan 2024 yil 31-oktyabr sanasida Lingvistika (Fransuz tili) mutaxassisligi 2-bosqich 10-1FRA-23 guruh talabalari ishtirokida "Kitobxonlik - barcha bilimlarning asosi" mavzusida davra suhbati o'tkazildi. Unda magistrantlar Xorijiy tillar fakulteti binosida joylashgan kutubxonaga tashrif buyurib, fransuz tilida mavjud manbalar bilan tanishdilar, o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Haqiqatdan ham, kitob barchamizni ezgulikka undaydigan, oldimizda turgan barcha muammolarni hal etishga yordam beradigan kuchdir. Shuning uchun ham yurtimizda kitob bilan oshno bo‘lgan, kitobni suygan, kitob yozgan, kitobni muqaddas bilib, qorachig‘idek asraganlarni ziyoli deb ataganlar. Ziyoli-Nur tarqatuvchi, u o‘zining xatti-harakatlari, faoliyati bilan jamiyatni nurlantiruvchi, ma'naviy-ijtimoiy barqarorlikni ta'minlovchilar hisoblangan.

Fransuz filologiyasi kafedrasi.