"Globallashuv jarayonida yoshlar ma'naviyati" mavzusida ma'rifat soati.
2025-yil 15-aprel sanasida Buxoro davlat universiteti Fransuz filologiyasi kafedrasida "Globallashuv jarayonida yoshlar ma'naviyati" mavzusida navbatdagi ma'rifat soati o'tkazildi. Unda kafedra mudiri f.f.f.d(PhD) O.O.Bobokalonov hamda kafedra professor-o'qituvchilari ishtirok etib, mavzu yuzasidan o'z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Tan olishimiz kerak, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ayniqsa, internet taraqqiyot darajamizni bir necha pog‘onaga ko‘tardi, uzog‘imizni yaqin, ishimizni yengil qildi. Lekin yoshlarimizning uyali telefonga asir bo‘lib borayotgani, internet va ijtimoiy tarmoqlardan, ulardagi ma’lumotlardan oqilona foydalanishlari borasida jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz kerak bo‘lgan jihatlar talaygina. Bu, eng avvalo, ularning salomatligiga, ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, oxirgi vaqtlarda internet tarmoqlarida aldov va g‘arazli maqsadlar yo‘lida tarqatilayotgan turli axborot va ma’lumotlar domiga yoshlar osongina kirib ketmoqda. Natijada oqni qoradan, yaxshini yomondan ajrata olmay, kimlarningdir qurboniga aylanayotir.
Yoshlarimiz ma’naviyatini yuksaltirish, ularda yurish-turish odobi, muloqot va kiyinish madaniyatida me’yorni saqlay bilish ko‘nikmasini hosil qilish uchun milliylik bilan zamonaviylik uyg‘unligini ta’minlashimiz shart. Bu borada ijobiy natijaga erishish uchun nafaqat pedagoglar, huquq-tartibot idoralari, yoshlar bilan ishlovchi tashkilotlar, balki keng jamoatchilik hamkorlikda ish olib borishi, xususan, tushuntirish va targ‘ibot ishlarini kuchaytirish lozim. Ayniqsa, mahallalarda, har bir oilada ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, ota-onaning farzand tarbiyasiga, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga bo‘lgan e’tibori va mas’uliyatini oshirish, o‘sib kelayotgan avlod ong-u shuurida hech qanday g‘oyaviy bo‘shliqqa joy qoldirmaslikka alohida e’tibor qaratish kerak.