October 15

"Yoshlarning ma'naviy qiyofasi: axloq-odob va kiyinish madaniyati" mavzusida Ma'rifat soati o'tkazildi. 

2024 yil 15-oktyabr sanasida Buxoro davlat universiteti Xorijiy tillar fakulteti Fransuz filologiyasi kafedrasida "Yoshlarning ma'naviy qiyofasi: axloq-odob va kiyinish madaniyati" mavzusida Ma'rifat soati o'tkazildi. Unda kafedra mudiri, dotsent O.O.Bobokalonov hamda kafedra professor-o'qituvchilari ishtirok etdilar. Kun tartibida belgilangan mavzu yuzasidan ishtirokchilar o'z fikr-mulohazalarini bildirib o'tdilar.

Inson tarbiya jarayonida yaxshi xulq-atvorga, odatlarga va aql-farosat omillariga ega bo‘lgan bo‘lsa, hayot saboqlarini shunchalik yaxshi anglaydi va yaxshi ishlarni amalga oshiradi, va aksincha, qanchalik tarbiyasi kam, hayotiy ko‘nikmalari oz bo‘lsa, bunday shaxs ba’zan bilib yoki bilmay yomon ishlarga qo‘l uradi.

Hech qachon bolalarni tarbiyalashda yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklardan ko‘z yummasligimiz kerak. Hozirgi turmushimizda ba’zi bir odobsiz, bilimsiz, aqlsiz, giyohvand, ota-onasiga qo‘l ko‘taradigan va o‘z bolalarining baxtsiz yashashiga sababchi bo‘layotgan kishilar uchraydi. Bundaylarning paydo bo‘lishiga asosiy sababchi ota-onalari-ku? Bolasining insoniy xatti harakatlariga ularning tarbiyaga loqaydliklari sabab bo‘lgan.

Yaxshi tarbiya, ba’zilar o‘ylaganidek, bir soatlik yoki bir kunlik ish emas. Maqsadli tarbiya tarbiyachidan chidam, matonat, katta bilim va tajriba talab qiladi. Demak, har bir ota-ona va o‘qituvchi tarbiyaga oid bilim va malakaga ega bo‘lishi shart.

Shu kunlarda dunyoning boshqa mamlakatlari qatori yurtimizda ham yana bir umumbashariy bayram – Xalqaro qishloq ayollari kuni nishonlanmoqda. Binobarin, BMT Bosh Assambleyasi 2007 yil 18 dekabrda qabul qilgan "Qishloq hududlarida ayollarning ahvolini yaxshilash to‘g‘risida"gi rezolyusiyaga muvofiq, 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni deb e’lon qilingan.

BMT mazkur sanada qishloq hududlarida istiqomat qiluvchi ayollarning muammolariga e’tibor qaratishga chaqiradi. Bu o‘rinda, albatta, qishloq ayollarining ta’lim olishi, mehnat qilishi, farovon turmush kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni zo‘ravonlik va tazyiqdan himoyalash, gender tenglikni ta’minlash masalalari nazarda tutilmoqda.

Ushbu xalqaro sana doirasida mamlakatimiz qishloqlarida istiqomat qiluvchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar hamda madaniy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Fransuz filologiyasi kafedrasi.