"Bayrog'imiz - faxrimiz, g'ururimiz" mavzusida Ma'rifat soati o'tkazildi
Buxoro davlat universiteti Fransuz filologiyasi kafedrasida 2024 yil 19-noyabr sanasida "Bayrog'imiz - faxrimiz, g'ururimiz" mavzusida Ma'rifat soati o'tkazildi. Unda kafedra mudiri f.f.f.d.(PhD), dotsent O.O.Bobokalonov hamda kafedra professor-o'qituvchilari ishtirok etishdi. Davra suhbati qatnashchilari belgilangan mavzu yuzasidan o'z fikr-mulohazalarini bildirib o'tdilar.
Ma’lumki, bayroq har bir davlatning davlatligini, har bir millatning tarixiy o‘zligini aks ettiradi. Azal tarixdan ma’lumki, har bir urug‘, etnik birlik yoki millat o‘z tug‘iga ega bo‘lgan. Bundan tashqari, bayroq suverenitet, mustaqillik, ozodlik, hurlik, tinchlik va barqarorlik ramzi bo‘lib kelgan.
Bayroq milliy g‘oyani aks ettiradi, chunki uning ta’rifining o‘zidayoq milliy-davlatchilik va uning mustaqillik orzusi yoki intilishi namoyon bo‘ladi.
1991-yil 18-noyabrda O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu qonun 13 moddadan iborat bo‘lib, davlat mustaqilligini mustahkamlovchi omil bo‘lishi bilan birga, davlat timsoli hamdir. Bu qonun davlat bayrog‘ini huquqiy-siyosiy jihatdan asoslovchi ikkinchi rasmiy va huquqiy hujjatdir. Qonunning 5-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatni ta’minlagan holda, undan jamoat joylarida, binolar va boshqa ob’ektlarda, yashash yoki ish joylarida, shuningdek ularga tutash bo‘lgan hududlarda, transport vositalarining salonida foydalanilishi mumkin”, bu degani, deylik, ziyolilar, tadbirkorlar va barcha fuqarolar o‘z ishxonalari, ofislari, uylaridagi ish stollarida, bolajonlarimiz va talabalarimiz dars stolida bemalol davlat bayrog‘ining kichik nusxalarini qo‘yishlari yoki ishxona va uy yoki talabalar turar joyi(yotoqxona)da “hurmatni ta’minlagan holda” o‘rnatib qo‘yishlari mumkin. Shuningdek, fuqarolar davlat bayrog‘i aks etgan yoki bayroqning kichkinagina mo‘‘jaz tasviri bo‘lgan har xil suvenirlar tarzidagisini o‘z avtotransportlarida ilib qo‘yishlari mumkin, deganidir.