June 26

"Dolzarb 90 kun" loyihasi amalda.

2025-yil 26-iyun kuni Buxoro davlat universitetida «Dolzarb 90 kun» loyihasi doirasida faoliyat yuritadigan to‘garaklar taqdimoti o’tkazildi. Xorijiy tillar fakulteti Fransuz filologiyasi kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Monde virtuel” nomli to’garak ham yozgi ta’til davrida til o‘rganuvchilar vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning chet tillariga bo‘lgan qiziqishini oshirish va fransuz tilidagi bilimlarni mustahkamlashni maqsad qilgan. Ushbu to‘garak kafedraning salohiyatli professor-o‘qituvchilari rahbarligida zamonaviy ta’lim yondashuvlariga tayangan holda, interaktiv metodlar orqali talabalar bilimini chuqurlashtirishga qaratilgan.

“Monde virtuel” — ya’ni “Virtual dunyo” nomi bilan atalgan bu to‘garakda talabalar nafaqat fransuz tilidagi so‘z boyligini oshirishadi, balki virtual muhitda muloqot qilish, roliklar tayyorlash, multimedia vositalaridan foydalanish kabi ko‘nikmalarni ham o‘zlashtirishadi.

Darslar haftaning dushanba va chorshanba kunlari soat 10:00 da Xorijiy tillar fakultetida o'tkaziladi. To‘garak doirasida quyidagi mashg‘ulotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan: fransuz tilidagi kundalik suhbatlar bo‘yicha treninglar; virtual ekskursiyalar: Parij, Lion va boshqa shaharlarga virtual sayohatlar; interaktiv o‘yinlar va viktorinalar; fransuz kinosi va musiqasini tahlil qilish mashg‘ulotlari kabi.To‘garak faoliyati davomida talabalar fransuz tilidagi real hayotiy vaziyatlarga mos muloqot qilish ko‘nikmalarini rivojlantiradilar. Bu esa ularning til o‘rganishga bo‘lgan motivatsiyasini oshirish bilan birga, madaniyatlararo muloqotga bo‘lgan ochiqligini ham mustahkamlaydi.

Fransuz filologiyasi kafedrasi.