December 3, 2024

Fransuz filologiyasi kafedrasida Ma'rifat soati o'tkazildi. 

2024 yil 3-dekabr sanasida Buxoro davlat universiteti Fransuz filologiyasi kafedrasida 1-dekabr - Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni munosabati bilan "OITS qurboni bo'lib qolmang!" mavzusida hamda 3-dekabr - Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan "Mehr ulashaylik - qalblar quvnasin" mavzularida Ma'rifat soati o'tkazildi.

Davra suhbati davomida kafedra professor-o'qituvchilari belgilangan mavzular yuzasidan o'z fikr-mulohazalari bilan ishtirok etishdi.

Bugungi kunda respublikamizda OITS kasalligining oldini olish uchun qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, OITSga qarshi kurashga yo‘naltirilgan davlat dasturlari asosida tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, bu esa OIV infeksiyasining parenteral yo‘l (in'yeksion muolajalar orqali) bilan yuqishi ko‘rsatkichini kamaytirdi. Infeksiya onadan bolaga yuqishining oldini olish bo‘yicha ham ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Ya'ni, har bir ayol homiladorlikning o‘n to‘rtinchi haftasidan joylardagi tibbiyot muassasasi tomonidan nazoratga olinib, OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. OIV infeksiyasi aniqlangan homilador ayolga belgilangan muddatdan tug‘ruq amalga oshirilgungacha virusga qarshi maxsus profilaktika dori vositalari beriladi. Tug‘ilgan bolaga ham bir oy davomida virusga qarshi profilaktik dori preparatlari beriladi. Buning natijasida kasallik onadan bolaga yuqishi ko‘rsatkichlari keskin kamayishiga erishildi. 2013 yilda OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishi 2,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 0,3 foizga teng bo‘ldi. Ayni vaqtda O‘zbekiston OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqish holatlaridan ozod hudud sifatida sertifikat olish arafasida turibdi.

«Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonunning 15-moddasiga muvofiq, turmush qurmoqchi bo‘lgan yoshlar OIV infeksiyasi bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkaziladi, agar ularda kasallik aniqlansa, dispanser nazoratiga olinadi.

Shuningdek, davra suhbatida "Mehr ulashaylik - qalblar quvnasin" mavzusida 3-dekabr - Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan ishtirokchilar fikr-mulohazalari tinglandi. “O'zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to'g'risidagi Qonun, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992 yil 14-oktyabrdagi 47/3-sonli qaroriga asosan har yili “3 dekabr - Xalqaro nogironlar kuni” sifatida respublikamizda keng nishonlanishi hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan kuchli va manzilli ijtimoiy himoya siyosatining yaqqol isbotidir. Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab aholini ijtimoiy muhofaza qilishni yanada kuchaytirish, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand nogironlarga hayotda keng imkoniyat va sharoitlar yaratib berish masalasiga alohida ahamiyat berib kelinadi.

Fransuz filologiyasi kafedrasi.