Fransuz filologiyasi kafedrasida Ma'rifat soati o'tkazildi.
2025-yil 22-aprel sanasida Buxoro davlat universiteti Fransuz filologiyasi kafedrasida “Erta turmush qurish hamda yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish, ularning inson sog‘lig‘iga zararlari” mavzusida navbatdagi ma'rifat soati o'tkazildi. Unda kafedra mudiri f.f.f.d(PhD) O.O.Bobokalonov hamda kafedra professor-o'qituvchilari ishtirok etib, mavzu yuzasidan o'z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
“Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega”. Bu esa oila hamda jamiyatning farovonligini belgilaydi. O‘z navbatida oila farovonligi davlat farovonligiga, oiladagi sog‘lom muhit sog‘lom jamiyat barpo bo‘lishiga olib keladi. Har bir oilaning taqdiri jamiyat taqdiriga bevosita dahldor ekan. Bir masala borki, bu haqda jiddiy o‘ylash, mulohaza qilish zarur. Bu oila tuzishdir. Voyaga yetgan qizlarni turmushga uzatib, o‘g‘illarni uylantirib, nevara-chevarali bo‘lish har bir ota-onaning ezgu maqsadidir.
Xalqimizning an’anaviy va hayotiy muhim tadbiri bo‘lmish nikoh bizda ko‘proq ota-onaning keksalarning aralashuvi bilan amalga oshiriladi. Shu sababmi hayotimizda qarindoshlar o‘rtasida quda-andachilik rishtalarini bog‘lash, qizlarni erta turmushga uzatish, yigitlarimizni erta uylantirish kabi achinarli holatlar hamon uchrab turibdi. Oila qurishdan asosiy maqsad farzand ko‘rish o‘zidan nasl qoldirish emasmi. Afsuski, buni anglab yetsalarda, begonani kelin qilishni xohlamaydigan, qizini o‘z urug‘iga berishni afzal ko‘radigan ota-onalar ham uchrab turibdi.