Malakaviy amaliyot - tajriba maydoni.
2025-yil 12-iyun kuni Buxoro davlat universiteti Filologiya va tillarni o'qitish(fransuz tili) ta'lim yo'nalishi 2-bosqich 11-1Fra-23 guruh talabalari Fransuz filologiyasi kafedrasi professori, f.f.d(DSc) M.H.Xamidova rahbarligida Buxoro shahrining diqqatga sazovor manzillari bo'ylab malakaviy amaliyotni davom ettirdilar.
Dastlab talabalar ko'hna obida - Ark qal'asiga tashrif buyurdilar. Ark qal’asi – Buxoro tarixining eng qadimgi va eng muhim yodgorliklaridan biri hisoblanadi. Qal’a qadimda amirlik boshqaruvi, harbiy va ma’muriy markaz bo‘lgan. Tashrif davomida talabalar Ark qal’asining ichki qismlari, jumladan amirning qabulxonasi, zindon, masjid va muzey ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdilar. Bu joylar orqali talabalar Buxoro tarixining turli davrlari, siyosiy hayoti, harbiy tashkiloti va madaniyati haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Chashmai Ayub – xalq orasida “Ayub payg‘ambar bulog'i” deb ataladigan muqaddas joy bo‘lib, uning nomi diniy va afsonaviy hikoyatlar bilan bog‘langan. Talabalarga maqbara tarixi, arxitektura uslubi, va u bilan bog‘liq rivoyatlar haqida ma’lumotlar berildi. Suv manbai bilan bog‘liq qadimiy e’tiqodlar va ularning jamiyat hayotidagi o‘rni haqida ham tahliliy fikrlar bildirildi.
Talabalar shuningdek, Buxoro shahridagi Imom Buxoriy ramziy ziyoratgohiga ham tashrif buyurishdi. Ushbu ziyoratning maqsadi – buyuk muhaddis Imom Buxoriy merosini o‘rganish, islomiy ilmlar tarixiga oid bilimlarni mustahkamlash va talabalarda diniy-madaniy qadriyatlarga nisbatan hurmat tuyg‘usini oshirish edi. Tashrif davomida talabalar Imom Buxoriy hayoti va ilmiy faoliyati haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Ulug‘ allomaning hadis ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi, “Al-Jome’ as-Sahih” asarining ahamiyati va uning islom olamidagi mavqei haqida suhbatlar o‘tkazildi. Ramziy maqbara hududi, uning arxitekturasi va unda yaratilgan muqaddas muhit talabalarga katta taassurot qoldirdi.