Gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati(fransuz tili) ta'lim yo'nalishida Malakaviy amaliyot davom etmoqda.
Joriy yilning 17-sentabr sanasida BuxDU Xorijiy tillar fakulteti Fransuz filologiyasi kafedrasi o‘qituvchisi D.B.Narzullayeva boshchiligida Gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati (fransuz tili) ta’lim yo’nalishi III bosqich, 11-4GHTF-22 guruh talabalari bilan Malakaviy amaliyotning faol qismini davom ettirishmoqda. Malakaviy amaliyot jarayonida Buxoroning eski shahar qismida joylashgan tarixiy qadamjolarga ekskursiya tashkil etilib, Azim shahrimiz san'atlari haqida ma'lumotlar berildi. Dastlab, talabalar tomonidan tarixiy obidalarning tarixi va bugungi holati haqidagi tayyorlab kelingan ma’lumotlar tinglandi.
Buxoro eng qadimiy shaharlardan biri bo‘lib, YuNESKOning Butunjahon me’moriy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Turli davrlarda bunyod etilgan nafis san’at va me’morchilik durdonlaridan iborat shahar 1997 yilda o‘zining 2500 yilligini nishonladi. Buxoroning tarixi eramizdan avvalgi birinchi asrlarga borib taqaladi. Aynan shu davrda shaharga muqim yashovchilar ko‘chib kela boshlashgan. Eramizdan avvalgi VI-VII asrlarda shaharda shiddatli taraqqiyot davri qizg‘in tus olgan.
Bugungi Buxoro shahri boshqa shaharlarga nisbatan shubha yo‘qki nisbatan katta ustunlikka ega: jumladan o‘zga joylarning tarixiy hududi faqat qadimiy obidalardan iborat bo‘lib, mahalliy millat vakillari yashamagani bois Ochiq osmon ostidagi muzey tarzida e’tirof etilsa, Buxoroi Sharifda hozirda shahar ahli bir necha asrlar ilgarigiday o‘ziga xos turmush tarzini o‘tkazmoqdalar. O‘z o‘rnida bu sayyohlar uchun qisman bo‘lsada, bu muqaddas dargohning o‘lmas o‘tmishini hayolan tasavvur qilishga imkon beradi. Uning zamonaviy qismida davlat idoralari, jamoat tashkilotlari, hamda ishlab chiqarish korxonalari joylashgan. 2500 yillik tarixga ega Buxoroning ilonizi ko‘chalarida zavq bilan kezishingiz va albatta moviy rang gumbazli hashamatli imoratlar hamda pastqam loysuvoq uylardagi turmush tarzining o‘zgacha qiyofasidan bahramand bo‘lishingiz mumkin. Qadimiy arxitektura yodgorliklari shamol yoki dovullar, yomg‘ir yoki qorlarga, zilzila-yu dushmanlar tomonidan otilgan zamabark o‘qlariga ham bardosh berib, necha yuz yillardan buyon qad ko‘tarib, salobat to‘kib turibdi.
Tarixchi olimlarning nuqtai nazariga binoan, Buxoro sanskritcha “vixara” so‘zidan olingan bo‘lib, “qal’a” ma’nosini bildirar ekan. Qadimiy shaharning bugungacha saqlanib qolgan ko‘chalari o‘rta asr Sharqida butun olamga dong‘i ketgan buyuk ulamolar yashab o‘tganligidan dalolat beradi. Agar hayolan tasavvur qilishga urunsak, turli sharqiy tillarda aks-sado berayotgan minglagan ovozlarni, ustaxonalardan jaranglayotgan hunarmandlarning taq-tuqlarini, gul bozoridagi shirin hangomalarni beixtiyor tinglagandek bo‘lamiz. Bugungi Buxoro ham qadimgidek sayyohlar uchun sergavjum shahar bo‘lib, faqat endilikda har-xil G‘arb tillarida so‘zlayotgan horijliklar va tarjimonlarni, maftunkor mehmonxonalarni, Sharq milliy me’morchilik san’atini zamonaviy bunyodkorlik uslublari bilan uyg‘unlashtirgan go‘zal inshootlarni ko‘rish mumkin.
Ma’lumki, Sharq shaharlari o‘zining sergavjum bozorlari bilan mashhur va Buxoro ham bundan mustasno emas. Axir u qadimda karvon yo‘llarini birlashtirgan savdo markazlaridan biri bo‘lib, Buyuk ipak yo‘lining savdogarlari bu tabarruk makonga kirmay o‘tishmagan. Labi Hovuz majmuasi qadimda yirik savdo maydonlaridan biri bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham shunday e’tirofga sazovor. Bu yerga sayyohlargina emas, balki boshqa shaharlarning aholisi kabi mahalliy turg‘unlar ham muntazam tashrif buyuradilar. Xuddi shu yerda xalq amaliy san’ati namoyondalari va hunarmandlar betakror mehnati mahsulining yarmarkasi hamda xalqaro madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Shaharning yana bir ahamiyatga sazovor jihati oq, qizil, pushti, sariq rangli atirgullardan iborat, ko‘zni qamashtiradigan klumbalarning ko‘pligidadir. Buxoroga tashrif buyuruvchilarning birontasi milliy do‘ppi, sopol idishlar yoki buyumlar, temirchilar yasagan ro‘zg‘or anjomlari, tuproqdan yasalgan qo‘g‘irchoqlar kabi turli-tuman sovg‘alarni xarid qilmasdan bu shahardan quruq qo‘l qaytishmadi. Shaharda deyarli har qadamda uchraydigan muzeylar va o‘tgan yuz yilliklardan boxabar, yoshi bir necha asrlarga borib taqaladigan ko‘hna daraxtlar bisyor. Shuni alohida ta’kidlash joizki, Buxoro amirining yozgi qarorgohi katta muzeyga aylantirilgan bo‘lib, unda XIX-XX asrlarda Yevropa va Osiyo mamlakatlaridan keltirilgan buyumlar joy egallagan.