Kitoblar olamida sayyor dars.
2026-yil 13-mart kuni Nemis va fransuz filologiyasi kafedrasi dotsenti, f.f.f.d(PhD) M.M.Jo‘rayeva tomonidan Filologiya va tillarni o'qitish(fransuz tili)ta'lim yo'nalishi 4-bosqich 11-1, 2,3Fra-22 guruhlarida Nazariy grammatika va til tarixi fanidan sayyor dars o'tkazildi. Ushbu mashgʻulot minglab kitoblarni o'zida jamlagan Bookhara books kitoblar olamida tashkil etildi. Unda til o'rganishni osonlashtirishda kitobning ahamiyati haqida debat tashkil etildi.
Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hazratlari yozganidek, “kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai”. Xalqimiz tilida kitob o‘qib bilim va munosib tarbiya olish, kasb-hunar o‘rganishning ahamiyatiga doir maqollar juda ko‘p. Jumladan, “Kitobsiz aql – qanotsiz qush”, “Bilim – aql chirog‘i”, “Go‘zallik – ilmu ma’rifatda”. Bunday hikmatli naqllarni yana uzoq davom ettirish mumkin. Necha ming yillardan buyon insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib kelayotgan, ularning bilimli, tarbiyali, kasb-hunarli va albatta baxtli bo‘lishining muhim omili – bu kitobga do‘st bo‘lish, va kitob o‘qishni kanda qilmaslikdir. Ayniqsa, yoshlarning hayotida kitobning alohida o‘rni bor. Chunki yaxshi kitob insonda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirib, yaxshilik hamda ezgulikka undaydi.
Kitobga oshno kishidan hech vaqt yomonlik chiqmaydi. Farzandlarimizga kitob o‘qishni targ‘ib etishimiz emas, balki ularga o‘rnak bo‘lishimiz lozim. Bugun jamiyatimizda kitobxonlikni rivojlantirish, mutolaa madaniyatini takomillashtirish borasida har doimgi davrdan bir necha barobar koʻp miqdorda samarali ishlar amalga oshmoqda. Ma’naviy barkamol kitobxon avlod tarbiyasida har bir oʻquv dargohi muhim va mustahkam poydevor.