October 8

"Qatag'on qurbonlari - xalqimiz armonlari".

Buxoro davlat universiteti Xorijiy tillar fakulteti Fransuz filologiyasi kafedrasida 2024 yil 8-oktyabr sanasida "Qatag'on qurbonlari - xalqimiz armonlari" mavzusida Ma'rifat soati tashkil etildi. Davra suhbatida kafedra mudiri, f.f.f.d.(PhD), dotsent O.O.Bobokalonov hamda kafedra professor-o'qituvchilari faol ishtirok etib, mavzu yuzasidan o'z fikr-mulohazalarini bildirib o'tishdi.

1938-yilning 4-oktabrida jadid bobolarimiz – Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat kabi el ardog‘idagi shoir va yozuvchilar, G‘ozi Olim Yunusov, Qayum Ramazon, Otajon Hoshimov, Majid Qodirov, Ziyo Saidov kabi adabiyotshunos olimlar, birinchi o‘zbek kinorejissyori va fotografi Xudoybergan Devonovlar qatl etildi. Eng achinarlisi, ularni o‘limga hukm qilish haqidagi hujjat qatldan bir kun o‘tib, 5-oktabrda rasmiylashtirib qo‘yilgan.Harbiy kollegiyaning 1938-yil 4-oktabrdan 16-oktabrgacha bo‘lgan sayyor yig‘ilishlarida jami 507 nafar o‘zbekistonlik siyosiy mahbus ustidan hukm chiqarildi. O‘zbekistonda 1937-yil 10-avgustdan 1938-yil 1-yanvargacha 10700 nafar kishi qamoqqa olingan. Shundan 3613 kishi qatl etilgan bo‘lsa, 7087 nafari sakkiz-o‘n yil muddatga qamoqqa tashlandi. 1937–1953-yillarda mustabid tuzum tomonidan 100 mingdan ziyod xalqimiz vakillari qatag‘on siyosatining qurboni bo‘lgan. Ularning 13 000 nafari otib tashlangan, yana minglab kishilar nohaq quloq qilingan, surgunlarga jo‘natilgan.

Istiqlol yillarida milliy qadriyatlarni tiklash, tariximizni xolis va haqqoniy o‘rganish, aziz siymolar xotirasini e’zozlash, madaniyatimiz va san’atimiz rivojiga hissa qo‘shgan ijodkorlar faoliyati, ularning boy ma’naviy merosini tadqiq etish, targ‘ib va tashviq qilish, tarixiy adolatni qaror toptirish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirildi.

Fransuz filologiyasi kafedrasi.