"Buyuk shoir, davlat arbobi va mutafakkir Alisher Navoiyning hayoti va ijodi – ibrat maktabi" mavzusida Ma'rifat soati o'tkazildi.
Buxoro davlat universiteti Fransuz filologiyasi kafedrasida 2025-yil 4-fevral kuni "Buyuk shoir, davlat arbobi va mutafakkir Alisher Navoiyning hayoti va ijodi – ibrat maktabi” mavzusida Ma'rifat soati tashkil etildi. Unda kafedra professor-o'qituvchilari o'z fikr-mulohazalari bilan ishtirok etishdi.
Buyuk mutafakkir, sheʼriyat mulkining sultoni Navoiy ijodi bamisoli cheksiz bir ummon, ushbu ummonga qancha chuqurroq shoʻngʻisangiz shuncha koʻp inju terasiz. Shu sababdan ham Navoiy asarlari mana 6 asrdan buyon oʻz qiymatini, betakrorligini yoʻqotmagan. Navoiy asarlarini qanchalik koʻp oʻqigan sari, oʻrgangan sari, shuncha koʻp hayratga tushadi kishi.
Buyuk oʻzbek shoiri, mutafakkir, davlat arbobi Nizomiddin Mir Alisher 1441-yilning 9-fevralida Hirotda tugʻildi. Alisher Navoiyning ota tomondan bobosi Amir Temurning Umar Shayx ismli oʻgʻli bilan koʻkaldosh (emikdosh) boʻlib, keyinchalik Umar Shayx va Shohruxning xizmatida boʻlgan. Otasi Gʻiyosiddin Bahodir esa Abulqosim Boburning yaqinlaridan; mamlakatni idora etishda ishtirok etgan. Onasi Qobul amirzodalaridan Shayx Abusaid Changning qizi. Alisher Navoiyning bolaligi Shohrux hukmronligining soʻnggi yillariga toʻgʻri kelgan. U temuriyzodalar, xususan boʻlajak podshoh Husayn Boyqaro bilan birga tarbiyalangan. 4 yoshida maktabga borib, tez savod chiqarib, turkiy va forsiy tildagi sheʼrlarni oʻqib, yod ola boshlagan. Oʻzbek tili bilan bir qatorda forsiy tilni ham mukammal egallagan.