December 23, 2024

BOOKHARA kitoblar olamiga sayyor dars uyushtirildi.

2024 yil 20-dekabr sanasida Buxoro davlat universiteti Xorijiy tillar fakulteti Fransuz filologiyasi kafedrasi dotsenti Joʻrayeva Maqsuda Muxammadovna tomonidan Gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati (fransuz tili) ta'lim yoʻnalishi 11-4 GHTF-22 guruh talabalari bilan Buxoro shahridagi BOOKHARA kitoblar olamiga sayyor darstashkil etildi.

Istiqloldan keyingi yillarda kitob mahsulotlari mavzu-mundarijasida keskin oʻzgarish boʻldi. Tarixiy, diniy, milliy qadriyatlarga taalluqli kitoblar nashriga alohida ahamiyat berildi. Mavjud nashriyotlar ommaning talab ehtiyojlaridan kelib chiqib badiiy, ilmiy, ommabop, darslik va boshqa tur kitoblar nashr etmoqdalar. kitoblarning badiiy va matbaa ijrosi ham jahon andozalari talablariga javob beradigan darajada yuksalib bormoqda.

Boʻlgʻusi gid hamrohlari va tarjimonlik faoliyati bilan shugʻullanadigan talabalarga kitoblarning tuzilishi va turlari haqida Joʻrayeva Maqsuda Muxammadovna tomonidan tushuncha berildi. Hozirgi kitoblar oʻquvchilar talabi va estetik didiga koʻra muayyan shaklga ega. Kitob sahifalarga ajratilib, oʻrtasidan tikiladi va muqovalanadi. Muqovaning kitob sahifalari bilan biriktirilgan qismi forzats deyiladi. Kitobning bosh qismida sarvaraq (titul list) boʻladi. Unda muallif ism sharifi, kitobning nomi, nashr etilayotgan joyi, yili, nashriyot nomi va boshqalar yoziladi. Matnning mazmuniga qarab, kitobda turli usulda sarlavhalar qoʻyiladi. Ayrim hollarda yirik sarlavhalar alohida sahifada beriladi. Shuningdek, kitobda mundarija, muqaddima, xotima, annotatsiya, ilova, izoh, turli koʻrsatkichlar, bibliografik roʻyxatlar ham boʻlishi mumkin. Kitob sahifasining hajmi uning nashr bichimi bilan belgilanadi.

Bunday kitoblar dunyosiga sayyor darslarning tashkillashtirilishi talabalarda kichkina asarlardan boshlab tarjimonlik faoliyatiga mehr uyg’otadi va ish boshlashlari uchun zamin yaratadi.

Fransuz filologiyasi kafedrasi.