« Vatan kelajagi uchun barchamiz daxldormiz » mavzusida davra suhbati o'tkazildi.
2024 yil 12-noyabr sanasida Buxoro davlat universiteti Fransuz filologiyasi kafedrasi o‘qituvchisi N.N.Abdullayeva 11-3 FRA 21 guruhi talabalari bilan birgalikda « Vatan kelajagi uchun barchamiz daxldormiz » mavzusida davra suhbati tashkil etdi.
Davra suhbatining dastlabki qismida guruh rahbari N.N.Abdullayeva tomonidan tanlangan mavzu nafaqat siyosiy yoki ijtimoiy masala ekanligi, balki har birimizning ichki mas’uliyatimiz va yuksak burchimizni anglatishi bilan bir qatorda Vatan deganda, avvalo, biz o‘zimiz tug‘ilib o‘sgan, yashayotgan va qalbimizda mehr bilan joy egallagan yurtimizni nazarda tutishimiz, Vatanimizning kelajagi har bir fuqaroning o‘z o‘rnida qilgan mehnatiga, fidoyiligi va vatanparvarligiga bog‘liqligi ta’kidlandi.
Davra suhbatining ikkinchi qismi Ijodkorlik va har bir sohada muvaffaqiyat – Vatan ravnaqi uchun deb nomlandi va unda Sh.Safarboyeva, S.Amonova, M.Baxtiyorova, G.G‘aybullayeva, Sh.Xakimova kabi talabalar Vatan kelajagi uchun bizga faqat siyosiy islohotlar yoki iqtisodiy o‘sish kerak emas, bizning har bir ishimiz o‘zining samarasini ko‘rsatishi kerak. Agar biz yaxshi o‘qisak, ilm-fan va texnologiya sohalarida innovatsiyalarni joriy qilsak, o‘zimiz faoliyat olib boradigan sohamizga mas’uliyat bilan yondashsak, uni rivojlantirsak, bu ham Vatanimizning kelajagini mustahkamlaydi, degan fikrlarini bayon etishdi.
Vatanparvarlik, bu faqat shior yoki bayroq ostida turish emas, bu faqat o‘z yurtingni sevish emas, balki uni rivojlantirishga, uni dunyoga tanitishga harakat qilishdir, bu mas’uliyatni har bir fuqaro o‘z yelkasida his qilishi lozim degan fikrlar bilan davra suhbati o‘z yakuniga yetdi va suhbat yakunida talabalar o‘z hayotlari, ilmiy va kasbiy faoliyatlari davomida “Kelajagimizni yaratishda birgalikda harakat qilaylik, Vatanimizni yanada gullab-yashnagan, tinch va obod qilish uchun birlashaylik” shioriga amal qilishga va’da berishdi.