‘‘Tarixiy obidalar o'tmishimiz ko'zgusi’’ mavzusida sayyor dars tashkil qilindi.
2025 yil 18-fevral kuni Buxoro davlat universiteti Xorijiy tillar fakulteti Fransuz filologiyasi kafedrasi o'qituvchisi Narzullayeva Dilfuza Bafoyevna tomonidan I-bosqich Tarjima nazariyasi va amaliyoti (fransuz tili) ta'lim yo'nalishi 11-2TNF-24 guruh talabalari bilan 5 tashabbus doirasida Buxoro shahrida joylashgan Fayzulla Xo'jayev uy-muzeyiga ‘‘TARIXIY OBIDALAR O'TMISHIMIZ KO'ZGUSI’’ mavzusida sayyor dars tashkil qilindi.
Sayyor dars davomida talabalarga Fayzulla Xo'jayev uy muzeyi, uning hayot faoliyati haqida ma'lumot berildi.
Fayzulla Xo‘jaevning uy-muzeyi, Buxoroning markazida joylashgan. Dastlab, uning egasi, taniqli savdogar Ubaydullo Xo‘ja Qosim Xo‘jaev bo‘lgan, keyin esa uy uning merosxo‘r o‘g‘li Fayzulla Xo‘jaevga o‘tgan. Uy, XIX asrning 80-yillari oxirida sotib olingan bo‘lib uch gektar maydondan iborat bo‘lgan. Savdogar, bu katta maydonda o‘zining katta oilasini hisobga olib bir nechta uy qurdirgan.
Bugungi kunda, uy-muzeyda Buxoro amirligi gullab-yashnagan davrning aks sadolari, ota va o‘g‘il Xo‘jayevlarning hayoti haqida hikoya qiluvchi bir qancha ko‘rgazmalarni ko'rish mumkin. Muzeyning qimmatbaho eksponatlari orasida chinni idishlar, o‘zbek musiqa asboblari, buxoroliklarning bashang kiyimlari bor. Ushbu g‘ayrioddiy uy-muzeyga tashrif buyurganingizdan so‘ng, siz etnografik ko‘rgazmalar, ajoyib bezaklar va Buxoroning muhtasham hayoti namunalarini ko‘rib hayratga tushasiz.