January 16

Ismoil Somoniy maqbarasida sayyor dars.

2025 yil 14-yanvar kuni Buxoro davlat universiteti Xorijiy tillar fakulteti Fransuz filologiyasi kafedrasi katta o'qituvchisi f.f.f.d.(PhD) Jabbarova Maloxat Xamdamovna tomonidan II-bosqich Filologiya va tillarni o'qitish(ingliz tili) ta'lim yo'nalishi 11-14 ING-23 guruh talabalari bilan Buxoro shahrining diqqatga sazovor joyi Ismoil Somoniy maqbarasiga sayyor dars tashkil etildi. M.X.Jabbarova Ismoil Somoniy maqbarasi haqida talabalarga ma’lumotlar berdi.

O‘rta Osiyoda Somoniylar davri me’morchiligining nodir namunalaridan biri bo‘lgan bu tarixiy obida Ismoil Somoniy tomonidan bunyod etilgan. Ismoil Somoniy shaxsi haqida gapiradigan bo‘lsak, u Buxoroda Somoniylar davlatiga asos solgan yirik siyosiy arbob hisoblanadi. Ismoil Somoniy 848-yil Buxoro shahrida tug‘ilgan, 874-yilda somoniylarning Buxorodagi noibi, 888-yildan esa butun Movarounnahrga hokim bo‘lgan. Ismoil Somoniy markaziy hokimiyatni mustahkamlash siyosatini olib borib, turli yerlardan ulamolar, adiblar, usta va hunarmandlarni Buxoroga to‘plagan. Madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan. Bag‘dod xalifalaridan ibrat olib, o‘ziga ulkan maqbara qurdirgan. 893-yilda Tarozga yurish qilib shimoliy chegaralarni mustahkamlagan. 900-yilda Movarounnahr va Xurosonni birlashtirgan.

Ismoil Somoniy arxitekturaviy yodgorligi XI asrdan ortiq vaqt ichida yaxshi holda saqlanib qolgan. U jahon arxitekturasining takomillashgan asari, «Sharqning me’moriy durdonasi» degan nomlar bilan ham ataladi. Yodgorlik arablargacha bo‘lgan davr an’anasi asosida bajarilgan bo‘lsa-da, u nafaqat Buxoroda, balki Markaziy Osiyo me’morchiligida ham yangi stil, yangi shakl va yangi yechimlarni yaratishning keyingi taraqqiyotini aniqlab bergan.

Bino gumbazining o‘rtasida yorug‘lik tushishi va issiq havoning chiqib ketishi uchun gumbazcha bilan yopilgan baraban konstruksiya o‘rnatilgan bo‘lib, uning yon tomonlariga arkali proyomlar qo‘yilgan. Inshoot devorlarining tashqi burchaklari naqshli ustunlardan, devorlar va kirish eshiklarining arkalari esa bezakli, jilo berilgan g‘ishtlardan mohirona ishlangan. Gumbazli bino intereri bilan chuqurroq tanishilsa, uni yaratish san’ati oldingi vaqtlardan boshlanganligiga va an’anaga aylanganligiga ishonch hosil qilinadi. Yodgorlikning arxitekturaviy tahlili uni Eron, Mesopotamiya me’morchiligi bilan genetik bog‘liqlikda ekanligidan guvohlik beradi.

Maqbara gumbazsimon, Movarounnahr va Xuroson me’morchiligining o‘ziga xos “Chor” uslubida qurilgan. Me’moriy obidaning o‘ziga xos tomoni shundaki, u O‘rta Osiyo arxitektura va san’at tarixidagi dastlabki maqbaralardan biridir. Ismoil Somoniy maqbarasi loyihasidan tortib, hajmiy tuzilishigacha geometrik tartib asosida yaratilganligi uning boshqa maqbaralardan farqlantiruvchi xususiyatidir. Maqbara o‘z davrida somoniy amirlari dafn etilgan daxma hisoblangan.

Hozirgi kunda me’moriy inshoot atroflari bog‘ga aylantirilgan. U arxiologik qazishmalar orqali topilganligi uchun 60-50 sm pastda joylashgan. Bugungi kunda bu inshoot islom dunyosi ma’rifatparvarlari va allomalarining diqqat-markazida hamda turistlarning sayohatgohiga aylangan.

2000-yil 30-avgustda “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risi”dagi qonun qabul qilindi. Davlatimiz tomonidan qabul qilingan ushbu qonunlar me’moriy inshoot muhofazasining huquqiy kafolatidir. Bu sayyor dars talabalarda katta taassurot qoldirdi.

Fransuz filologiyasi kafedrasi.