Kitob mutolaasining inson tafakkuriga ta’siri.
2026-yil 23-aprel kuni 11-6Ghtf-23 guruhi bilan ‘‘Tili o’rganilayotgan mamlakat adabiyoti’’ fanidan Buxoro kitoblar olamiga sayyor dars tashkil qilindi. Sayyor darsda Nemis va fransuz filologiyasi kafedrasi katta o’qituvchisi f.f.f.d.(PhD) M.X.Jabbarova talabalarga kitob haqida qiziqarli ma’lumotlat berib o’tdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev: «Kitobsiz taraqqiyotga, yuksak maʼnaviyatga erishib bo‘lmaydi. Kitob o‘qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi yo‘q», - deya taʼkidlaydilar. Yaxshi fazilatlar inson ongiga kitoblar orqali singdiriladi. Har bir inson o‘z vaqtini unumli, foydali o‘tkazish, maʼnaviy saviyasini oshirish maqsadida kitoblar, badiiy adabiyotlar bilan oshno tutinadi, hordiq chiqaradi. Kitobga oshnolik kishilar hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Asrlar davomida inson kitob bilan do‘st bo‘lib, o‘zini qiziqtirgan savollarga javob topib kelgan. Kitob kishining qayg‘uli kunlarida, yolg‘iz qolgan damlarida ham, baxtli va masrur onlarida, yaʼni har bir qadamida, kundalik turmushida ham maslahatchi, sadoqatli hamroh, bebaho boylik va eng yaqin do‘st hisoblanadi.
“Kitob — bilim manbai”, deymiz. Bu isbot talab qilmas haqiqat. Zero, inson bilimni asosan kitob orqali oladi, uning tarbiyasi ham kitob yordamida shakllanadi. Yoshlarimiz badiiy adabiyotlarni oʻqiganda, ularning dunyoqarashi kengayadi, hayotga munosabati oʻzgaradi. Zero, kitob — qalb chirogʻi, tafakkur qanoti. Ayniqsa, kitobdan taraladigan va elektron nashrdan topib boʻlmaydigan oʻziga xos yoqimli hidni tuyib, varaqlash asnosida moʻjizaviy sahifalarning sirli shitirlashidan koʻngil cheksiz zavqqa toʻlgan holda kitob mutolaa qilish, uning mazmuni haqida tengdoshlar bilan fikr almashishning huzur-halovati tamoman oʻzgachadir.