Nodir Devonbegi madrasasida sayyor dars.
2025 yil 11-yanvar kuni Buxoro davlat universiteti Xorijiy tillar fakulteti Fransuz filologiyasi kafedrasi katta o'qituvchisi f.f.f.d.(PhD) Jabbarova Maloxat Xamdamovna tomonidan II-bosqich Filologiya va tillarni o'qitish(ingliz tili) ta'lim yo'nalishi 11-14 ING-23 guruh talabalari bilan Buxoro shahrining tarixiy yodgorliklaridan biri Nodir Devonbegi madrasasida sayyor dars tashkil etildi.Talabalar Nodir Devonbegi madrasasi haqida fransuz va o’zbek tillarida ma’lumotlar berishdi.
Buxoro shahrining Labi hovuz ansambli sharqiy qismida joylashgan Nodir Devonbegi madrasasi Buxoro xoni Imomqulixonning vaziri Nodir Devonbegi (Nodir mirzo Tog‘ay ibn Sulton) tomonidan bunyod etilgan. U yuz urug‘i boshliqlaridan bo‘lib, XVI asr oxiri – XVII asr boshlarida yashab faoliyat ko‘rsatgan.
Madrasa 1622-1623-yillar oralig‘ida bunyod etilgan. Bu so‘nggi o‘rta asrlar davriga to‘g‘ri keladi.
Me’moriy obida bunyod etilgan davrdagi tarixiy shart-sharoit haqida gapiradigan bo‘lsak, Imomqulixon taxtga chiqishidan biroz oldin taxtda Boqi Muhammad (1601-1605) hukmronlik qilar edi. U 1602-yilda Eron Safaviylariga zarba berib, Balxni kuch bilan bo‘ysundirdi va ukasi Vali Muhammadni hokim etib tayinladi. 1605-yil Boqi Muhammad vafot etgach, ukasi Vali Muhammad taxtga o‘tqazildi. Ichki kurashlar yana avj oldi. Qabila beklari xon hokimiyatiga bo‘ysunmay, muholifatchilikni kuchaytirdilar. Buxorolik amirlar xonga qarshi isyon uyushtirilganligidan xabar topgan Vali Muhammad farzandlarini olib Eronga qochadi. Amirlar taxtga Boqi Muhammadning o‘g‘li Imomqulixonni (1611-1642) o‘tkazadilar. U Vali Muhammad boshlab kelgan Eron qo‘shinlarini tor-mor keltirib, mamlakat mustaqilligini saqlab qoladi. Vali Muhammad asir olinib, qatl qilinadi. 1613-yilda Toshkent yerlarini egallagan qozoqlarga hujum qilib, Toshkentni o‘z tasarrufiga kiritdi. O‘g‘li Iskandar sultonni Toshkent hokimi etib tayinladi. Iskandar sulton boj, xiroj va boshqa soliqlarni ko‘paytirib, aholiga qattiq zulm o‘tkazdi. Bunga qarshi Toshkentda qo‘zg‘olon ko‘tarildi va Iskandar sulton o‘ldirildi. Bu voqeadan xabar topgan Imomqulixon Toshkent ustiga qo‘shin tortdi. Qo‘zg‘olonchilar ayovsiz jazolandilar. Imomqulixon davrida markaziy davlat hokimiyati nisbatan mustahkamlandi. Imomqulixondan keyin Nodir Muhammad (1642-1645) davrida ijtimoiy-siyosiy tarqoqlik yana kuchaydi.
Me’moriy obidaning bugungi kundagi holati: Madrasa bir necha marta ta’mirlanib, gumbaz, ravoq va devorlaridagi namlik yo‘qotilib, buzilib ketgan hujralari qayta tiklanganligini, Samarqand va Buxoro ustalarining sa’y-harakatlari bilan bosh tarzi qayta jilolanganligini aytib o‘tishimiz lozim.
1997-yilda Buxoro shahrining 2500 yilligi munosabati bilan Buxorodagi barcha obidalar qatorida Nodir Devonbegi madrasasi ham qayta ta’mirdan chiqdi. YUNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritildi. Davlatimiz tomonidan qabul qilinayotgan qonun va qonunosti hujjarlari me’moriy inshoot muhofazasining huquqiy kafolatidir.
Bu sayyor dars talabalarda katta taassurot qoldirdi.