May 6

To'garak mashg'uloti o'tkazildi.

2026-yilning 5-may sanasida Xorijiy tillar fakulteti Nemis va fransuz filologiyasi kafedrasi qoshida faoliyat yuritayotgan “À la découverte du français” to‘garagining navbatdagi mashg‘uloti o‘tkazildi. Kafedra oʼqituvchisi Sh.D.Xolova tomonidan tashkil etilgan ushbu to‘garak mashg‘ulotining mavzusi “Les problèmes grammaticaux lors de la traduction”, ya’ni tarjima jarayonida duch kelinadigan grammatik muammolarga bag’ishlandi.

Mazkur to‘garak mashg‘ulotida “Tarjima jarayonida grammatik muammolar” mavzusi atroflicha muhokama qilindi. Mashg‘ulot davomida ishtirokchilarga tarjima jarayonida uchraydigan asosiy grammatik qiyinchiliklar haqida nazariy va amaliy tushunchalar berildi. Avvalo, tillar o‘rtasidagi grammatik tizimlarning farqlari ko‘rib chiqildi. Xususan, fransuz va o‘zbek tillaridagi gap tuzilishi, zamonlar tizimi, artikllar qo‘llanilishi hamda jins kategoriyasining mavjudligi tarjimada muhim muammo tug‘dirishi ta’kidlandi. Ishtirokchilar ushbu farqlar sababli tarjimada yuzaga keladigan xatolarni aniqlash va ularni bartaraf etish usullari bilan tanishdilar.

Amaliy qismda ishtirokchilarga fransuz tilidan o‘zbek tiliga va aksincha tarjima qilish uchun matnlar berildi. Ular tarjima jarayonida uchragan grammatik muammolarni aniqlab, guruh bilan birgalikda muhokama qildilar. Bu esa ularning tarjima ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga yordam berdi. Mashg‘ulot yakunida ishtirokchilar tarjima jarayonida grammatik aniqlikka e’tibor berish muhimligini anglab yetdilar va kelgusida bunday xatolarning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar oldilar. Mazkur to‘garak mashg‘uloti ishtirokchilarning tarjima sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, grammatik muammolarni aniqlash va ularni to‘g‘ri hal etish bo‘yicha olingan bilimlar amaliy jihatdan foydali bo‘ldi.

Nemis va fransuz filologiyasi kafedrasi.