"Kitob va kitobxonlik - inson ma’naviyatining ko’zgusi" mavzusida sayyor dars.
2024 yil 23-dekabr kuni Buxoro davlat universiteti Xorijiy tillar fakulteti Fransuz filologiyasi kafedrasi katta o'qituvchisi f.f.f.d.(PhD) Jabbarova Maloxat Xamdamovna tomonidan II-bosqich Filologiya va tillarni o'qitish(ingliz tili) ta'lim yo'nalishi 11-14 ING-23 guruh talabalari bilan 5 tashabbus doirasida "Kitob va kitobxonlik – inson ma’naviyatining ko’zgusi" mavzusida sayyor dars tashkil etildi.
M.X.Jabbarova kitob va uning jamiyatda tutgan o’rni haqida talaba-yoshlarga ma’lumot berib o’tdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev: «Kitobsiz taraqqiyotga, yuksak maʼnaviyatga erishib bo‘lmaydi. Kitob o‘qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi yo‘q», - deya taʼkidlaydilar.Kitoblar haqida so‘z borar ekan, bugungi kunda bolalarimizning deyarli kitob o‘qimay qo‘yganligi afsuslanarli. Kitob bilan dillashishdan yiroq farzandlarimizning maʼnaviy olami sayoz, nutqida tarqoqliklar ildiz otgan, ko‘ngildagi kechinmalarda tuyg‘usi yo‘q, qisqasi kitob o‘qish ular uchun majburiy bir daʼvat bo‘lib qolmoqda. Nima qilsak, bolalar bu zaruratdan qiziqishlar tomon o‘zgaradi? Har bir jumboqning kaliti, har ilmning xazinasi, tarbiyalovchi kuch ham kitob ekanligini anglab yetadi. Agarda biz juda yoshlikdan ularning taʼlim-tarbiyasiga jiddiy eʼtibor berib, kitob o‘qishga odatlantirsak-chi? Qiziqishlari asosida ular bilan do‘stona suhbatlar qursak-chi? Bunda biz ko‘zlagan maqsadlar qanchalar o‘z ro‘yobini topar edi!
“Bolaga kitob sovg‘a qilish kerak” degan gapning zamirida ham hikmat ko‘p. Shunday qilaylikki, bola quvonchini kitobdan topsin, kitoblar oilada ham bolalarimizga bilim beruvchi, tarbiyalovchi kuchga aylansin. Shundagina ularni o‘zi “o‘ch” bo‘lgan “foydasiz qiziqishlar”dan yiroqlashtirishga erishamiz, kitobdan maʼnaviy ozuqa olishni risoladagidek yo‘lga qo‘ya olamiz. Mutolaa orqali maʼnaviy boylikka ega bo‘lgan kitobsevar bolaning dunyoqarashida mukammallik bo‘ladi. Shu bilan birga, ko‘nglida yomonliklarga o‘rin qolmaydi.
Oiladagi kitobxonlik masalasiga ham jiddiy eʼtibor qaratish lozim. Kitobxon ota-onalar faqatgina o‘zlari o‘qib, maʼnaviy ozuqa olmasdan, uni farzandlari bilan ham baham ko‘rishsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, bolaga ijobiy taʼsir etib, mustaqil o‘qish, o‘rganish ehtiyojini paydo qilsa, bolani kitoblarga o‘z-o‘zidan oshno etsa, ajab emas.
Guruh talabalari ham kitob haqida o’z fikr mulohazalarini bildirib o’tdilar. Kitoblar tarixdan so‘zlaydi, kelajakka yo‘l ko‘rsatadi, yashashga o‘rgatadi, hayotda qoqilganimizda yiqilmasligimiz uchun suyanchiq bo‘ladi. Ko‘p kitob o‘qigan kishi hech qachon yomon axloqli bo‘lmaydi, egri yo‘lni tanlamaydi, o‘g‘rilik, qotillikka qo‘l urmaydi. Kelajagi buyuk O‘zbekistonimizning taqdiri “bilimli, aqlli va albatta, baxtli” insonlar qo‘liga topshirilar ekan, bunday shavkatga erishishni kitoblarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.