OITS - asr vabosi.
Buxoro davlat universiteti Xorijiy tillar fakulteti Fransuz filologiyasi kafedrasi katta o’qituvchisi f.f.f.d.(PhD) M.X.Jabbarova tomonidan, ’’Oits - asr vabosi’’ mavzusida davra suhbati tashkil etildi. 1-dekabr sanasi an’anaviy ravishda ’’ OITS ga qarshi butunjahon kurash kuni’’ sifatida nishonlanadi. Tadbirda Ekologiya va geografiya kafedrasi o’qituvchisi G.S.Muratova va 11-1 FRA-22, 11-2 FRA-22, 11-3FRA-22 guruh talabalari ishtirok etdi.
Davra suhbatida G.S.Muratova OITS ning tarixi va kelib chiqish sabablari, virusning aniqlanishi haqida talaba-yoshlarga batafsil ma’lumot berib o’tdi. Los-Аnjeloslik doktor Maykl Gottlib tibbiyot faniga nomaʼlum boʼlgan kasallikni uchratadi. 1980 yil Maykl Gottlibning ish jarayonida bir bemor pnevmoniyadan oʼladi. Tekshirishlar shuni koʼrsatadiki, oʼlgan bemor yosh, gomoseksualist boʼlib, uning immun tizimi butunlay pasayib ketgan. U OITS bilan kasallangan edi.
Parijlik Lyuk Montan'ye OITS kasalligiga uchragan bemorning limfatik bezidan va Аmerikalik olim Robert Gallo kasal odam qonining limfotsit hujayralaridan 1983 yilda oldinma-ketin bir xil virus ajratishgan.Bu virus 1985 yil JSST tomonidan odam immuntanqisligi virusi deb nomlangan.Virusni faqat oʼta kuchli elektron mikroskoplarda koʼrish mumkin.
Hozirgi kunda amaliyotda OIV infeksiyasi tashxisini qoʻyish qonda kasallik virusiga qarshi paydo boʻlgan antitelolarni aniqlash – immun ferment taxlili (IFT) reaksiyasiga asoslangan. Dastlabki antitelolar virus organizmga tushgach, 3 haftadan soʻng shakllana boshlasa ham, qoʻllanadigan diagnostikumlar ularni ilgʻay olmaydi. Shu bois, odamga ushbu infeksiya ilashgani toʻgʻrisida virus organizmga tushganidan soʻng 90 kun oʻtkazib olingan tekshirish natijasiga qarab xulosa chiqarish mumkin.