April 22, 2023

#imtihon_2023 ona tili va adabiyot fanidan. 11-sinf 3-bilet 2-chisi

# imtihon_2023 11-sinf 2. “Choliqushi” romani bosh qahramoni – Farida obraziga chizgilar. Reja: 1. Kirish. Rashod Nuri Guntegin - Turk adabiyotining yetuk vakili. 2 Asosiy qism. Choliqushi - jahon adabiyotining yorqin asari) a) "Choliqushi" asari haqida) b) Asarning mazmuni va obrazlari) c) Feride - jasoratli muhabbat sohibasi. 3 Xulosa. Epigraf: haqiqiy muhabbat orada to'siqlar bo'lishiga qaramay yo'qolib ketmaydi. Shohruh Karimov QarDU. Turk adabiyotining ko'zga ko'ringan vakili Rashod Nuri Guntegin bo'lib, u o'zining bir qancha asarlari bilan jahon adabiyotida yorqin iz qoldirgan. U 1892-yil 25-noyabrda Turkiyaning Istanbul degan joyida tavallud topdi. Yozuvchi, adabiyotshunos va dramaturg Rashod Nuri Guntegin 1912-yilda Istanbuldagi universitetni Turk tili va adabiyoti bo'limini tugatadi. Dastlabki asarlari bo'lmish "Eski shahar", "Xanjar", "Sirli qo'l" asarlarida kiborlar jamiyatiga xos bo'lgan illatlarni qalamga oldi. XX asrning 20-yillarida bir qancha kitoblari bosilib chiqadi. Guntegin "Sirli qo'l" asari uning ilk romani hisoblanadi. Rashod Nuri Guntegin bir nechta asarlar "Xazonrezgi", "Yashil tun", "Tamg'a" kabi romanlar muallifi bo'lsada lekin uni nafaqat Turkiyaga balki butunjahonga tanitgan asari "Choliqushi" romani bo'lib, bu asar 1922-yilda yozilgan edi. Yozuvchining eng mashhur asari hisoblangan ushbu roman 1922-yilda “Vaqt” gazetasida bo‘lim-bo‘lim e’lon qilina boshlangan. Asar birinchi marta 1923-yilda kitob holida chop etilgan. Yozuvchining o‘zgartirishlaridan keyin 1937-yilda “Choliqushi” romani mukammal holga keltirilgan. “Choliqushi” ishqiy mavzuda yozilgan asar bo‘lishi bilan birgalikda o‘sha davrning ijtimoiy muammolariga mohirona tanqidiy yondasha olgan roman sifatida ham muhimdir. “Choliqushi” Turkiyada yangi va modern davrning boshlanishini ifodalagan asar hisoblanadi. Romandagi voqealar hayot haqiqatlariga mos kelishi bilan ham kitobxonni befarq chetlab o'tmaydi. Unda tasvirlanayotgan obrazlar, ularning ruhiy kechinmalari mushohada qilishga chorlaydi. Asarning Bosh qahramonlari Feride va Komron bo'lib, ular xolavachcha edilar. Romandagi voqealar Birinchi jahon urushi arafasida yuz beradi. Asarning bosh qahramoni Feride yoshligida ota-onasidan ajrab, hayotda turli qiyinchiliklarga duch keladi. Feride oʻz xolasining oʻgʻli Komronni sevib qoladi. Kamron ham uni sevadi, ammo oilaviy shartlarga koʻra ular birga boʻla olmaydilar. Feride oʻqituvchi boʻlib ishlash uchun chekka qishloqqa ketadi. Feride o'qituvchi bo'lish bilan birga asar davomida u mehribon inson sifatida ham talqin etiladi. U o'ziga bir qizni boqib olmoqchi bo'ladi va o'sha qiz afsuski vafot etadi. Hamshiralarga yordam berib, bemorlarga ham qarar edi. Uning yana bir tomoni qayerda bo'lmasin Kamronga, muhabbatiga sodiq qola olishi bu ayol muhabbatining betakrorligi sifatida talqin etiladi. Asar faqat sevgi-muhabbatdan iborat bo'lmay, unda mehr va insoniylik haqida ham so'z yuritiladi. Asarda Xayrullo ismli bir keksa inson ham bo'lib, u o'z kasbiga vijdonan yondashib ish qiladi. Atrofdagilarning gap-so'ziga e'tibor bermay, Feridega ota kabi mehribonchlik qiladi. Romanning oxirgi bo‘limidan tashqari to‘rt qismi bosh qahramon Feridening xotira daftari sifatida uning tilidan hikoya qilinadi va ikki yarim yoshidan boshlab yigirma besh yoshiga yetguncha, muhabbati Kamronga erishguncha bo‘lgan voqelarni o‘z ichiga oladi. Beshinchi qismda esa Feride va Kamronning topishishi hikoya qilinadi. Asar oxirida Feride va Komron yana topishishadi. Ular bir-biri bilan ayriliqda yashay olmasliklarini anglab yetishadi. Bu asarni ilk bora turk tilidan Mirzakalon Ismoiliy tarjima qilgan bo'lib, u shu kunga qadar bir necha marta nashr etilgan. Asarni o'qib shuni xulosa qilish mumkinki, Feride ayni vaqtda sevgisiga sadoqat bilan yondasha oladigan, biroz qaysar bo'lsada lekin muhabbat yo'lida kurashuvchan obrazdir. Guntegin bu obraz orqali insonning ichki tuyg'ularini, kechinmalarini tasvir etadi. Komron obrazi esa har bir insonda ham u qanchalik yaxshi inson bo'lmasin ozgina kamchlikka, xatolikka yo'l qo'yishi mumkinligini ko'rsatadi. Asardagi "Choliqushi" deyilishiga sabab, aslida choliqushi bu qush turi bo'lib, bunda ham yozuvchi ramziy ma'no borligini anglashimiz mumkin. Bu romanning oxirida sinovlardan so'ng Kamron va Feridening topishi kabi umidbaxsh yakun topishi bilan beixtiyor inson yuragiga bahor havosini olib kirgandek bo'ladi. ©Shohruh Karimov QarDU telegram orqali murojaat uchun https://t.me/filolog_master telefon orqali bog'lanishingiz uchun : +998948391168