Qobulda bomba portladi: ushbu halokatli portlash Afgʻonistonning vitse-prezidenti Amrulla Salehni nishonga olgan edi.
Birinchi vitse-prezident - Amrulla Salehga qarshi yoʻnalgan bombaning portlashi oqibatida Afgʻoniston poytaxti Qobulda yoʻl betida boʻlgan insonlarning kamida 10 tasi halok boʻldi.
Afgʻon xavfsizlik xizmatining sobiq boshligʻi boʻlgan janob Saleh yuzi va qoʻlida yengilgina jarohat bilan oson qutulib qoldi.
Mazkur portlash Afgʻoniston rasmiylari hamda Tolibonlar oʻzlarining ilk rasmiy muzokarasini boshlashga tayyorlanish asnosida sodir boʻldi.
"Tolibon" harakatining vakili - Zabihulla Mujahid Twitter da yozishicha, jangarilarning bu portlashga aloqasi yoʻq.
Portlash sodir boʻlganiga koʻp oʻtmay olingan kadrlarda voqea joyidan osmonga koʻtarilgan katta quyuq tutunni koʻrish mumkin.
Afgʻoniston Ichki ishlar vazirligi vakili - Tarek Araynning maʼlum qilishicha, yoʻl chetidʼga qoʻyilgan bomba ishga ketayotgan Salehning avtomashinalar karvonini moʻljalga olgan. Natijada oʻsha rayonda ishlayotgan 10 nafar fuqaro halok boʻlgan, 15 nafar kishi, shu qatorda Salehning tansoqchilaridan biri jarohat olgan, deb xabar qiladi janob Arayn.
Bir guvoh bomba portlagan paytda u shu yoʻldan klinika tomon mashinada ketayotgan boʻlgan.
"Ukamning biridan ayrildim, boshqasi esa yaralandi", deydi portlash sodir boʻlganiga koʻp oʻtmay ushbu guvoh Reuters axborot agentliga. "Qanday hukumat oʻzi bu? Tez yordam yoʻq, hatto politsiya ham yetib kelmadi hali."
Tolibonlar tinchlik muzokarasi: nimalarni kutish mumkin?
Janob Saleh Tolibonlarning oshkora raqibi boʻlib, ushbu sobiq razvedka boshligʻi oldin ham bir necha marotaba suiqasdni boshdan oʻtkazgan. Shulardan biri oʻtgan yili sodir boʻlgan boʻlib, oqibatda uning ishxonasida 20 kishi halok boʻlgan edi. Chorshanba kuni portlashdan soʻng janob Saleh soʻzga chiqib, siyosiy faoliyatini davom ettirishini maʼlum qildi.
"Men yaxshiman, ammo tansoqchilarimdan bir nechtasi jarohat oldi. Men va mashinada yonimda boʻlgan oʻgʻlimning ahvoli yaxshi", deydi janob Saleh videomurojaatida. Uning chap qoʻli bogʻlangan edi. "Yuzim va qoʻlimning baʼzi qismlari kuydi. Portlash kuchli boʻlgan edi."
Ichki ishlarning maʼlum qilishicha, bomba yoʻl betida turgan aravada oʻrnatilgan boʻlib, vitse-prezident avtokolonnasi oʻtib ketayotgan chogʻ masofadan turib portlatilgan.
Afgʻoniston prezidenti Ashraf Gʻani chorshanba ertalab hujumdan soʻng janob Saleh bilan uchrashib, "terrorchilar va ularning xorijdagi homiylari xalqning tinchlikka, demokratiyaga, vatanimizning yorqin kelajagiga boʻlgan qatʼiy ishonchini sindira olishmaydi", dedi.
Yevropa Ittifoqining Afgʻonistondagi vakillari hujumni qoralab, uni "tinchlikka boʻlgan urinishlarni ashaddiy darajada buzguvchi harakat" deb nomladi va ularga qarshi jamoa boʻlib turish kerakligini aytib oʻtdi.