September 27, 2021

Vaqtning ahamiyati

Inson har tong yangi kunni qarshi olar ekan, uning ixtiyoriga 24 soat vaqt beriladi. Bu unga har kuni beriladigan 1440 daqiqa yoki 86400 soniyalik fursatdir.

O'tayotgan vaqtimiz haqida o'ylab ko'radigan bo'lsak, soat millarining "chiq-chiq"lari, aslida aziz umrimizning to'xtovsiz parchalanib ketayotgan onlari ekanini his etamiz. Ushbu onlar bizning yaxshi yo yomon amallarimizga guvoh bo'lib o'tib bormoqda.

Vaqtga e’tibor muhim bo'lganidan, dinimizda ko'plab toat-ibodatlar aniq vaqtga xoslab qo'yilgan. Besh vaqt namoz, Ramazon ro'zasi, Haj ibodati, qurbonlik qilish — har birining aniq vaqti mavjud.

Bu ro'yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Dinimizda ibodatlarning aniq vaqtlari tayin qilib qo'yilgani musulmon kishini vaqtga rioya kilishga hamda qat’iy tartib va intizom bilan yashashga o'rgatadi. Shuning uchun ham dono xalqimiz vaqtga e’tiborli bo'lishni ta’kidlab shunday deganlar:

Har bir ishning vaqti bor,
vaqt bilganning baxti yor.