July 29, 2025

KO'NGIL ESHIKLARI

Men — Ozoda. Endigina 18 yoshga to'lganman. bir shahar chekkasida, yog‘och eshiklari qirilib ketgan, devorlari qoraygan kichkina uychada yashaymiz. Biz deganim — men, onam va og‘ay singlim Malika.
Malika — onamning erlaridan emas, ya’ni men uchun og‘ay. Lekin bu aytishga oson, yurakda esa… u haqiqiy singlimday. Men qachon yiqilsam, u ushlagan. Qachon yetsam, u meni kutgan. Faqat bilmadim… onam bilan nega bunchalik kelisha olmaydi. Har safar bir dasturxon atrofida o‘tirsalar, go‘yo havodagi sukut ham o‘tkir qilichday kesiladi. So‘ng urush, so‘ng eshik yopilishi, so‘ng Malika ketadi… kech kirguncha qaytmaydi.
Onam esa... kuchsiz. Ularning so‘nggi janjalidan keyin yotib qolgan. Ehtimol, sog‘lig‘i chidamadi, ehtimol yuragi. Yurak dedim-u, qanday yurak bu — har tongda og‘riq bilan uyg‘onadigan, har kechada sovuqda titraydigan Ko‘chada esa ayoz, devorlar yelga chidamay shitirlab ketadi.
Onamning ustiga yana bir adyol yopdim. Keyin yana. Ko‘zlari yumuq, lablari oqargan, nafaslari sekin. Dorilari tugagan edi.
Singlim yo‘q. Uyda yo‘q. Yana yuribdi... Qayerda yuribdi, Nima qilyabdi qanday holatda — bilmayman. Telefon ham yo‘q.
Shunda yuragimni g‘ijimlab, boshimni egib qo‘shni tomon yo‘l oldim. Ular ilgari yordam bergan. Ehtimol yana…
Eshik oldida qaltirab turdim. Yuragimda g‘urur kurashardi – “borma”, derdi. Lekin onamning ko‘z o‘ngimdan ketmaydigan holda yotgani… meni eshikni taqillatishga majbur qildi. Sekin, so‘ng biroz balandroq, keyin yana sekin.
Vaqt o‘tdi. To‘rt devorlar jimjit. Go‘yo hamma uxlardi, faqat men va shamol uyg‘oq edik. Nihoyat, eshik ochildi. Ostonada bir ayol – qo‘shni opamiz. U hamon o‘sha — o‘zini ko‘rganingda mehr kutib, javobida sovuq ko‘z qarashlar oladigan ayol.
— Assalomu alaykum… Opajon… — dedim sekin. Ovozim xuddi sovuqdan ko‘tarilmayotganday titrardi. — Onam juda og‘ir… Dorilari tugagan. Iltimos… ozgina qarz bera olmaysizmi?
Uning yuzi o‘zgardi. Avval hayronlik, keyin bezorilik. So‘ng… haqorat.
— Pul? Yana pul?! Nima, men bankmanmi?! O‘tgan safar ham olding, hali ham qaytarmading! Yana kelibsan, uyalmasdan!
Men jim qoldim. Na bahs qildim, na javob qaytardim. Faqat ortimga o‘girdim. Yuragim muzlab borardi. Yuzim issiq — uyalganimdan, ammo ko‘z yoshlarim muzga aylanganday to‘kilmasdi.
Qadam tashladim.
“Bezbet,” — dedi orqamdan ayol. Ovozi eshitildi, yuragimni tirnadi. Lekin yana jim ketdim. Chunki yuragimda boshqa narsa o‘sgandi – chidash.
Yana bir eshik sari yurdim. Balki bu safar eshik ochilar… yoki hech bo‘lmasa, yuragimdagi og‘riq biroz yengillar.

Eshik tomon yurarkanman, oyog‘im muzdek yerga tegdi. Qo‘llarimda hissiyot qolmagandi — baribir ularni cho‘zdim, sekingina eshikni taqillatdim. Yana bir marta. Yana.
Hech kim ochmadi. Faqat sovuq shamol eshikka urildi, xuddi ichkaridagilar o‘rniga “yo‘q” degandek. Yuragim g‘ijinib, orqaga burildim. Yana bekor ketgan umid, yana havoga sochilgan iltijo.
Qadam tashlashga majbur edim. Qo‘llarim qotgan, tirnoqlarim ko‘karib ketgan. Yurakda esa — og‘riq. Na jismim, na ruhim dam olgan edi.
Uyimga qaytayotganimda, ko‘chada bir guruh yigitlar ko‘zga tashlandi. Ko‘nglim “qoch” deb qichqirdi. Yuragim gursillab urdi. Ko‘zlarimni yerga qadab, qadamimni tezlashtirdim.
Birdan, tanish ovoz:
Ozoda! Buni qarang, kimni ko‘ryapman!
Ovoz orqamdan keldi. U ovozni tanidim. Ichimdan muzdek titroq o‘tdi. Sekin ortimga burildim. Sardor edi. Sinfdoshim. O‘sha bezorilar to‘dasining doimiy azosi, og‘zida tamaki, yuragida esa yengil kulgu bo‘lgan yigit.
U menga tikilib jilmaydi. O‘sha eski, mazaxli tabassum bilan:
Yana pul izlayapman, dema — dedi u kulib.
Ortadagi yigitlar xuddi buyruq olgandek kulishdi. Ularning kulgusi muzday havoga singib ketdi.
Men qattiq yutindim. Ammo ovozimda hech qanday hayajon sezilmasin degandek, juda sokin javob berdim:
Ha... shunday, — dedim va yuzimni chetga burib qadamimni tezlashtirdim.
U ortimdan baqirdi:
Yana ko‘rishguncha, — dedi u, ovozida yengil shafqatsizlik bilan.
Men hech nima demadim. Faqat yuragimda ichimdan qattiq qichqirdim: “Nega bu dunyo shunchalik sovuq?”
Uyga yetib kelganimda, qor bosgan eshik tagida biroz to‘xtadim. Nafas olishim og‘irlashgandi. Ostonadan kirganimda, havoda ozgina sut isib turgandi — kechasi uchun bir kosachalikgina qolgan edi. Yopgan adyollarga qaramay, onam yotgan joyi sovuq edi.
Sutni issitdim. Nonga botirib ichdim. Qornimni emas, yuragimni isitamandek tuyuldi. So‘ng onamga bir choy qoshiqdan tutdim, ohista.
U ko‘zlarini ochdi, yuzi oqarib ketgan, ovozi titrab chiqdi:
Qizim... Malika kelmadimi?
O‘zim ham undan xavotirdaman. Ko‘pdan beri uyga kechikmoqda. Qanday hayot kechiryapti — bilmayman. Lekin onamni qiynashga haqqim yo‘q edi. Shuning uchun jilmayishga urinib, ohangimda ishonch yaratdim:
Oyijon, xavotir olmang... kelib qoladi. Siz faqat dam oling.
Onam sekin ko‘zlarini yumdi. Men esa yoniga yotdim. Ammo uxlash oson emasdi. Tun jimjit edi, faqat onamning yengilgina, ammo tobora og‘irlashayotgan yo‘tali eshitilardi.
Keyin... xirillash.
Keyin — yana yo‘tal. So‘ng yalinch ovoz:
“Suv…”
Qo‘rqib uyg‘ondim. Yana suv berdim. Onamning kaftlari muzdek. Har bir nafasida og‘riq bor.
Men yostig‘imga bosh qo‘ydim. Ko‘z yoshlarim o‘z-o‘zidan oqdi. Ichimda birgina savol: “Nega onamga yordam bera olmayapman?”
Yig‘ladim… jimjimay. So‘nggina, yuragim charchaganida, ko‘z yoshlarim quriganida, uxlab qolganimni bilmay qoldim.

Tashqarida tong otayotgandek, ammo biz yashayotgan uyning ichkarisida hali ham qorong‘ilik hukmron edi. Men esa kechani uyg‘oq o‘tkazdim. Har bir yo‘tal — yuragimni yirtgandek bo‘ldi. Har bir "suv..." degan faryod — ichimni titratdi.
Onam yotgan joyga yaqinlashdim. Nafasi juda sustlashgan. Har gal ko‘kragi ko‘tarilib-tushganida, ichimda "yana bir marta..." deb pichirlardim. Har gal ko‘zlarini ochgandek bo‘lsa — "yashayaptilar", deb o‘zimni ovutardim.
Men nima qildim?
Adyolni yana qayta yopdim. Oyoqlarini iliqlash uchun o‘z switerimni tagiga tiqdim. Qo‘llariga isigan tuzli suv bilan kompress qildim. Og‘ir nafaslar orasida bir zumgina uyg‘onib ketdilar. Lablarida rang yo‘q, ko‘zlarida umid... umid emas, qo‘rquv bor edi.
Ozoda... — dedi sekin.
Men qo‘llarini ushlab, boshimni past soldim:
Men shu yerdaman, oyijon. Hammasi yaxshi bo‘ladi.
U boshini qimirlatdi. Go‘yo shunchalik og‘ir harakatki, butun vujudini larzaga solgandek. So‘ng bir gap aytmoqchi bo‘ldi. Lablari qimirlagandek bo‘ldi, lekin ovozi chiqmadi.
Oyijon, ayting... iltimos. Men eshitaman.
U lablarini qiyinchilik bilan harakatlantirib, sekin-sekin aytdi:
Men... yashay olmayman...
Bu so‘z yuragimni qattiq teshib o‘tdi. Ko‘zlarimda yosh to‘ldi. Yo‘q... yo‘q, bu bo‘lishi mumkin emas. Men bunga tayyor emasman. Yolg‘iz emasman-ku hali. Men bor-ku...
Men o‘zimga: "Yig‘lama, Ozoda" dedim. "Senga kerak emas hozir zaiflik. Hozir kuchli bo‘lishing kerak."
O‘rnimdan turdim. Xaltamda qolgan eng so‘nggi tibbiy narsalarni titib chiqdim. Kecha issitmaga qarshi dori qolgandek edi, ammo... yo‘q. Hech narsa yo‘q.
Yugurib ko‘chaga chiqdim. Qo‘shnilar eshigini yana taqillatdim. Hatto orqalarimga tupurilgan gaplar yodimdan chiqdi. Taqillatdim, yalinib so‘radim. Biroq eshik ochilmadi. Hamma uxlayotgandek emas, go‘yo men uchun ko‘r va kar bo‘lib qolgan.
Uyga qaytdim. Havo yanada sovigan. Onamning yostiq atrofida tumanli havoni ko‘rdim — bu ularning harakat bilan chiqqan ohangsiz nafasi edi.
Yugurib yoniga bordim.
Oyijon?! Men keldim. Iltimos... birozgina yana...
Ular menga qaradi. Juda uzoqdan qaragandek. Ko‘zlaridagi nurni endi ko‘rmayapman. Qo‘llarini ushladim. Muzdek. Juda muzdek.
Iltimos... men hech bo‘lmasa sizni shifokorga olib boray... — deya yig‘lab so‘zlarimni pichirlab gapirdim.
Ammo u kishi faqat ko‘zlarimga qarab yengil bosh chayqadi. Ko‘zlarida birgina ma’no bor edi: kechirasan, bu dunyodan charchadim, qizim.
Men o‘sha onni hech qachon unutmayman. Onamni ko‘zlarida so‘nggi daqiqalarda qanchalik yashashni istashganini, lekin yana qanchalik charchaganliklarini ko‘rdim. Nafaqat kasaldan, balki hayotning o‘zidan charchagan edilar.
Men yordam bera olmadim, oyijon... kechiring... — dedim, hamon qo‘llarini ushlab.
Yig‘ladim. Titrab. Qichqirmay, faqat ichimdan, yuragimni yulib-yulib yig‘ladim. Chunki endi hech narsa foyda bermasdi. Endi ko‘z yoshlarimdan boshqa hech narsa qolmagandi.

Onam ketdi...

Qo‘shnilar yordamida uni dafn qildik. Qor tagida, tuproq muzlagan yerda, xayolimda faqat onamning muzdek qo‘llari qolgan. Hamma narsa go‘yoki tush. Yomon, sovuq, uyg‘onib bo‘lmaydigan, xotira bilan qoplangan bir tush.

Uyga qaytdim. Onamning ro‘mollarini quchoqladim. Ularning hidini ichimga singdirdim. Ko‘zlarimni yumdim — go‘yo ularni quchoqlasam, oyim qaytib keladiganday tuyular edi.

Ammo kelmadilar.

Dunyo jim. O‘limdan keyin hatto shamol ham boshqa esadi. Qor boshqa yog‘adi. U qor quvonch emas edi — yolg‘izlik edi.

Men hech nima yemadim. Hatto suv ham ichmadim. Faqat onamning rasmlarini yonimga yotqizib qo‘ydim. Ularning har biriga termulib, pichirlab bir xil gapni aytdim:

— Kechiring meni, oyijon…

Kech kirganida shamol kuchaydi. Uyimiz eski, eshiklar taqillaydi, derazalardan shivirlaydi. Men chiroqni yoqmoqchi bo‘ldim — yoqilmadi. Tok o‘chgan.

Butun uy qorong‘ida qoldi.

Ko‘zim ochiq edi, lekin hech narsa ko‘rinmasdi. Yana ham yomoni — yuragimda narsa ko‘rinyapti: qo‘rquv.

Birdan... tashqaridan g‘alati tovushlar eshitildi.

Qor ustida ohista bosilayotgan qadam tovushlari. Uzoqdan boshlangan, yaqinlashayotgan...

Men qo‘rqa boshladim. O‘rnimdan turmadim. Titrayapman. Nafasim bor, lekin chiqmayapti. Go‘yo hatto nafas olsam, o‘sha tovush meni eshitadiganday.

Devorlarimiz past ekanini esladim. Har qanday odam, bir turtki bilan devordan oshib kirishi mumkin. Bir vaqtlar bunga ko‘nikkan edik, lekin bugun men yolg‘izman.

Qadamlar to‘xtadi. Eshik oldida.

Keyin... eshik sekin ochildi.

Qorong‘ilik ichida eshikni ochayotgan kimligini ko‘ra olmadim. U yerda bir siluet turibdi. Yuragim bo‘g‘zimga tiqilib, na ovoz, na harakat chiqyapti.

Faqat ichimda bitta hayqiriq:

— “Iltimos... men bugun ko‘proq chidab bo‘lmaydi...”

Qora kiyimdagi odam sekin ichkariga qadam tashladi. Har bir tovushi men uchun chaqmoqdek edi. Shunchalik sokin edi u, lekin unga qarshi yuragim qichqirardi.

Men yostiqni qattiq quchoqladim. Ichimda faqat shuncha gap:

— Endi oyimsiz, meni kim himoya qiladi...?

Qora kiyimdagi odam yaqinlashdi. Endi u men turgan xona eshigida. Nafasi og‘ir. Shivirlayapti. Lekin gapirmayapti.