April 6, 2020

BIZ KIM TEMUR AVLODLARI.

Osuda hayotdan zerikkanlar boqing moziy tarafga. Jang-u jadallar ila o`tgandir insonlar hayoti, haschalik qadri bo`lmagan, xatto, Vatan tuprog`ining. O`tmishga razm solar ekanmiz, ko`plab yo`qotishlar, onalar nolasi, chaqaloqlar yig`isi va yuzlaridan nuri qochgan obidalar ko`z yoshlari bilan to`lgan dunyodir u, Vatangadolar ortlariga qaytish orzusiyu, beva qolgan kelinchaklar o`kinchi. Ey inson ayting siz neni ko`rdingiz?! Biz neni bildik?! Chekdikmi iztirob? O`ylab qolamiz nega qon to`kildi, son sanoqsiz ajdodlarimiz bir qarich yer uchun jon berdi. Buning javobi bitta – Tinchlik…!

Tinchlik haqida gapirganimizda O`rta asrning atoqli davlat va harbiy arboblaridan biri, Markaziy Osiyoni yagona davlatga birlashtira olgan buyuk sarkarda- sohibqiron Amir Temur haqida e`tirof etsak hech ham yanglishmagan bo`lamiz. Amir Temur Chingizxondan so`ng O`rta osiyo hududini qayta birlashtira olgan buyuk sarkarda hisoblanadi.
Aytishlaricha dovrug`i yetti iqlimga yetgan, ,,Yevropa haloskori'' degan nom olgan hukmdorning tug`ilishi ham g'aroyib bo`lgan ekan, bu haqida o`z zamonasining yetuk olimi Ibn Arabshox o`z asarlaridan birida quyidagicha fikrlarni bayon etgan: ,,Hikoya qiladilarki, Temur tug`ilgan kechasi havoda qandaydir uchib yurgan temir qalpoqchaga o`xshash narsa paydo bo`ladi keyin u bo`shliqqa tarqalib, yer yuziga yoyilib ketgan emish..’’ Albatta bu o`xshatish Temuriylar davrida ishlangan miniatura suratlaridan ilhomlangan holda bildirilgan xulosadir.

Darhaqiqat, bobomiz Amir Temur tug`ilgan vaqtida ya`ni 1336-yil 9-aprel sanasida osmon jismlarida g`ayriodatiy hodisa ro`y beradi va shunga asoslanib Temurga ,,Sohibqiron’’ unvoni beriladi.. Keling avval sohibqiron so`zini izohlab olsak: Sohibqiron(arabcha- saodatli, zafarli, g`olib)-Ilmi Nujum va afsonalarda izohlanishicha Nohid(Venera) va Mushtariy(Yupiter) yoki Nohid va Quyosh birlashishi, ya`ni ular ekliptikaning ma`lum bir darajasida to`qnash kelishi vaqti(qiron)da tug`ilgan bola, bunday bolaning baxtli, ulug` martabali bo`lishi oldindan bashorat qilingan, Sharq mamlakatlari, xususan, Eron va Turonu zaminda qudratli hukmdor, Jahongir unvoni hisoblangan (masalan, Faridun, Chingizxon hamda Amir Temur). Tarixiy manbaalarning guvohlik berishicha bunday unvonga sazovor bo`lgan zotlar har 800 yilda tug`ilar ekan.

Amir Temur bolalikdan sog`lom, baquvvat, dovyurak bo`lib o`sgan va otda yurishni yaxshi ko`rgan, bundan tashqari u chavandozlik, ovchilik, kamondan o`q uzish, qilichbozlik singari harbiy mashg`ulotlarga qiziqqan.
Bo`lajak hukumdor siyosiy maydonga kirib kelgan paytda Movoraunnahr mo`g`ullar ixtiyorida bo`lib, Chingizxon bu yerlarni bosib vayronaga aylantiradi, qadimiy obidalar, suv inshoatlarini yaroqsiz holga keltiradi hamda Movoraunnahr hududini ikkinchi o`gli Chig`atoyga suyurg`ol(ko'chmas mulk va shaharlarni sovg'a sifatida berilishi, tortiq etilishi) tarzida in`om etadi.
1360- yillardan boshlab Amir Temur Movoraunnahrdagi ichki nizolardan kelib chiqadigan urushlarda qatnasha boshlaydi va hukmdor Tug`luq Temurxon, uning o`g`li Ilyosxo`jaga qarshi kurashlardan so`ng, Amir Husayn ustidan g`alaba qozongach, 1370-yil Movoraunnahr hukumdoriga aylanadi va Samarqandni poytaxt deb e`lon qiladi. Shu tariqa Amir Temur hayotida yaqqol tashlangan birinchi davri o`z nihoyasiga yetadi.
Amir Temur hayotining ikkinchi davri esa ikki yillik, uch yillik, yeti yillik, deb ataluvchi boshqa mamlakatlarga yurishlari bilan harakterlanadi. Bu yillar mobaynida mamlakat hududini sharqda Xitoy devoriga qadar, G`arbda O`rta Yer dengiziga, janubda esa Hindiston chegaralariga qadar kengaytirdi.

Amir Temur saltanati chegarasi.

Biz bejizga ,,Tinchlikni’’ Amir Temur bilan bog`lamadik chunki, Temur davlatni boshqarishga katta e’tibor bergan va o`z saltanatida osoyishtalikni taminlash uchun Devonu Buzruk tashkil etadi, bundan tashqari har bir viloyatlarda Devon deb atalmish boshqarmalar tuzadi. Viloyat Devonlarining vazifasi esa soliq yig`ish, tartib saqlash, qurilish va suv inshoatlari ustidan qat`iy nazorat o`rnatishdan iborat bo`lgan tom ma`noda hozirgi viloyat hokimligiga o`xshash davlat apparati bo`lgan.

Amir Temur ayonlari bilan Devonda

Buyuk sohibqiron o`zi bosib olgan har bir davlat, shahar va viloyatlardan ilm-u ma`rifatni rivojlantirish va davlatni gullab- yashnashi uchun eng yaxshi hunarmand, olimlarni Samarqandga olib kelgan va ularni bilim, tajribalaridan yurtni obod qilishda foydalangan, bog`lar tashkil etgan, o`zi tuzgan davlatni rivojlantirish uchun bozorlar barpo qilgan, tashqi siyosatni rivojlantirish uchun bir qancha davlatlar, jumladan Italiya, Fransiya, Xitoy, Rossiya va boshqa o`sha davrning rivojlangan davlatlari bilan o`zaro elchilik aloqalarini yo`lga qo`ygan. Tarixiy manbaalarda aytilishicha mo`g`illar istilosidan so`ng Samarqand butunlay vayron qilinib, xarobaga aylantiradi, markazlashgan davlat asoschisi Amir Temur hukmronligida esa Samarqand shahri eski Afrosiyobdan janubroqda butunlay qad ko`tarilib, shaharda Ko`ksaroy, Jome masjidi, Bibixonim madrasasi, Samarqand atrofida Bog`i Chinor, Bog`i Shamol, Bog`i Naf, Bog`i Dilkusho, Bog`i Behisht degan bog` va saroylarni barpo ettiradi.

Samarqand Registon maydoni

Temur siymosi tarixda bunyodkor shaxs hamda ilm ma`rifat homiysi bo`libgina qolmay u Islom dini targ`ibotchisi ham bo`lgan. Uning o`zi ikki til egasi bo`lga- turkiy va fors tillarida yaxshi so`zlasha olgan. Ammo Temurni dunyo buyuk lashkarboshi sifatida taniydi. Shuning uchun bo`lsa kerak u o`z qo`shinlari bilan olib borgan jang tajribasini hozir ham jahonning barcha harbiy akademiyalarida o`rgatiladi. Darvoqeya, uning ,,Temur tuzuklar’’ deb nomlangan mashhur asari esa davlat boshqaruvida dasturi amal vazifasini bajarib kelmoqda. Mana yetti asrki hali hamon Temur degan nom dunyoni larzaga soladi. Yetti asrki u bunyod aylagan binolar o`z fusn-u tarovatini yo`qotmay, gerdayib, qad rostlab turmoqda hamda hozirgacha O`zbekistonning turistik markazlaridan biri bo`lib kelmoqda. Har yil minglab chet ellik turistlarni shaydo aylab o`ziga chorlamoqda. Albatta mustaqillik yillarida olib borilgan bunyodkorlik ishlarini ham o`rni juda katta. E`tirof etish kerakki, 1996-yili Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan Samarqand va Shahrisabz shaharlarida ulug` bobomizga atab haykal o`rnatildi (Toshkent shahrida 1993-yili o`rnatilgan), 1996-yil esa ,,Amir Temur yili’’ deb e’lon qilindi, yurtimiz ko`chalari, xiyobonlariga uning nomi berildi, hali hanuz 9-aprel sanasi buyuk bobomizning tug`ilgan kuni sharafiga yurtimizda keng nishonlanib kelinmoqda.

Toshkent Amir Temur xiyoboni(1993-yil)
Samarqand Bulvar(1996-yil)
Shahrisabz Oqsaroy maydoni(1996-yil)

,,Bugungi kunda poytaxtimizning Amir Temur xiyoboniga, Samarqanndagi Ko`ksaroy, Shahrisabzdagi Oqsaroy maydoniga xoh erta tongda, xoh kechqurun- qachonki borib qaramang, chindan ham Sohibqiron siymosida doimo nur jilvalanib ko`rishingiz mumkin,’’- deb e`tirof qilgandilar birinchi prezidentimiz I.A.Karimov o`zlarining ,,Yuksak ma’naviyat- yengilmas kuch’’ kitoblarida.
Xulosa qilib aytar ekanmiz, tarixda qancha zotlar o`tgan, ularning barchasi o`zlaridan o`chmas iz qoldirishga uringanlar, kimlar johillik bilan, yana kimlardir yaxshilik bilan. Ammo shularning orasidan faqat ziyo istab, ilm-u marifatga homiylik qilganlargina tarixda o`chmas iz qoldirishga musharraf bo`lganlar.

Marifat yo`lidagi siymolarni xotirasi hech qachon o`chmaydi bu so`zlar bilan nafaqat Amir Temur balki Alisher Navoiy, Beruniy, Mirzo Ulug`bek hamda mustaqilligimiz asoschisi bo`lgan Islom Karimov va boshqa marifat yo`lidagi zotlarni xotirasini yodga olish kifoya. So`zimiz oxirida nima demoqchimiz ,,AJDODLARGA MUNOSIB AVLOD BO'LAYLIK’’.


Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti Qarshi filiali 2-bosqich talabasi Samiyeva Gulshan.


9-aprel buyuk bobokalonimiz Amir Temur tavalludining 684 yilligiga bag`ishlangan ,,BIZ KIM TEMUR AVLODLARI’’ mavzusida o`tkaziladigan blokpostlar tanlovi uchun maxsus tayyorlandi.