December 21, 2024

𝑰𝒊𝒌𝒌𝒊 𝒐𝒍𝒐𝒗 𝒎𝒖𝒔𝒊𝒒𝒂𝒔𝒊!

2ep

Yangi yo‘lning boshlanishi

Fealith o‘zining kuchini tobora yo‘qotayotganidan xavotirda edi. Olov endi uni tinglamas, o‘z xohishiga ko‘ra harakat qilar, go‘yo Fealithdan mustaqillikka erishishni xohlardi. Bir kuni otasi unga yaqinlashib, ohista, ammo qat’iyatli ovozda shunday dedi:

— Fealith, sening qobiliyating bu dunyodagi oddiy kuch emas. Bu faqat olovni boshqarish emas, balki unga yo‘n ko‘rsata olish san’atidir. Ammo endi vaqti keldi. Olov seni qora olov sohibi tomon olib boradi. Uni qidira olishing uchun avvalo olov bilan birlashishing kerak. Sen unga yo‘l ko‘rsatishga urinma — olov o‘zi senga ko‘rsatadi.

Fealith otasining so‘zlariga quloq solib, olovni yana chaqirdi. U bu safar kuchliroq his qilardi, ammo alangalar yana o‘zgarar, shiddat bilan harakatlanar edi. Fealith o‘zining qo‘rquvini yengishga va olovni nazorat qilishga urinmadi. Buning o‘rniga, u alangalar bilan gaplasha boshladi:

— Olov, sen mening kuchim va do‘stim bo‘lmadingmi? Endi nima uchun menga itoat etmayapsan? Mabudalar meni tanlaganida sen mening qudratimning bir qismi eding. Agar sening yo‘ling qora olovga olib borar ekan, menga yo‘lni ko‘rsat.

Fealith so‘zlarini qalbining tub-tubidan his qildi. Shunda olov birdaniga uning atrofida aylanib, kattaroq alangaga aylandi. Bu alanga uni bir joyga chorlayotgandek edi. Olov ichida turli xil ramzlar ko‘rina boshladi: ulkan daraxtlarning soyasi, tog‘larning o‘rkachlari va bir parcha qora osmon.

Fealith bu belgilarni tushunishga harakat qilib, otasining bergan maslahatini esladi. Otasi unga shunday degan edi:
— Olov faqatgina ishonchga va qat’iyatga itoat qiladi. Uni kuch bilan boshqarishga urinma. Uni his et, unga ergash. Faqat shunda olov senga o‘z yo‘lini ko‘rsatadi.

Fealith o‘zi bilan olib kelgan kichik bir idishga suv quyib, uni olovning harakatlarini aks ettirish uchun ishlatdi. Olov idishdagi suvga yaqinlashdi va unda qora alangalar paydo bo‘ldi. Bu suv orqali Fealith nihoyat qora olov sohibi yashaydigan joyni tasavvur qila boshladi. Suv yuzasida bir qishloq tasviri paydo bo‘ldi — u tog‘larning o‘rtasida joylashgan, qora daryoning yonida edi.

Fealith olovni yana bir bor chaqirib, endi uning ichki qudratini boshqarishni his qildi. Olov uni asta-sekin shu qishloq tomon yo‘naltira boshladi. U buni aniq bilardi: qora olov sohibi uning taqdirining kaliti edi, va bu yo‘l uning eng katta sinovi bo‘lishi kerak edi.

Fealith qora olov sohibi tomon yo‘lga chiqishga qaror qilganida, ich-ichidan o‘zida qo‘rquvni his qilardi. Lekin otasi aytgan so‘zlar, olovning sirli belgilar orqali unga yo‘l ko‘rsatgani uni ortga chekinmaslikka majbur qildi. Endi u olovning harakatlariga ishonishi kerak edi.

— Men sendan boshqacha kuchni his qilyapman. Bu kuch meni qaerga olib borishini bilmayman, ammo seni tinglashga tayyorman," dedi u ichidagi alangaga qarab.

Olovning qizil va qora ranglari bir-biriga qorishib, yo‘lda uchqunlarni qoldirardi. Fealith ularning izidan borarkan, yo‘l tobora g‘aroyiblashib borayotgandek tuyuldi. Atrofdagi daraxtlar ildizlari g‘aroyib shakllarga aylanar, shamol esa odatdagidan o‘zgacha g‘imirlardi. Har bir qadam o‘ziga xos jumboq edi, go‘yo olov o‘zi bilan birga bir sirni olib kelayotgandek.

Birdan, olov katta alanga shaklida yonib, havoga ko‘tarildi. Fealith to‘xtab qoldi va alangaga diqqat bilan qaradi. Olovning ichidan tovush eshitildi. Tovush past, ammo kuchli edi:

— Bu yo‘l sen uchun oson bo‘lmaydi. Agar sen qora olovni tushunmoqchi bo‘lsang, o‘zingni o‘zing yengishing kerak.

— Men bunga tayyorman," dedi Fealith qat’iyat bilan.

Olov qaynagan daryo shakliga kirdi. Endi Fealith uni kesib o‘tishi kerak edi. Daryo qop-qora suvlardan iborat edi, ammo u ichida o‘t chaqnab turardi. Bu o‘t unga qichqirgandek tuyuldi:

— Qadam tashla, lekin ichingdagi qo‘rquvni olib tashla. Agar shubhalansang, bu yerda qolasan.

Fealith qo‘rquvini yengib, suvga qadam qo‘ydi. Suv iliq edi, ammo har bir qadamida g‘alati issiqlikni his qildi. Daryo bo‘ylab yurarkan, olovning uchqunlari uning atrofida aylanar, yo‘lini ko‘rsatar edi. Daryoning o‘rtasiga yetganda, suv chuqurlasha boshladi. Fealithning yuragi tez ura boshladi, ammo u ortga chekinmadi.

— Sen meni bu yerga olib kelding. Endi menga o‘zing ko‘rsatgan yo‘lda davom etishga yordam ber," dedi u qattiq ovozda.

Olov yana yonib, qizg‘ish nurga aylandi va daryoning oxirini yoritdi. Fealith daryodan chiqqanida, oldida ulkan qora tog‘larni ko‘rdi. Tog‘larning tepasida qora alangalar o‘ynardi. Bu joy qora olov sohibining maskani ekanini his qildi.

Olov Fealithni tog‘ning cho‘qqisiga olib chiqmoqchi edi. Yo‘l davomida shamol tobora kuchayib, sovuq havo qalbida noaniqlik uyg‘otdi. Ammo olov uni doim qo‘llab-quvvatlardi.

Tog‘ning oxiriga yetib kelgach, u ulkan eshikni ko‘rdi. Eshik qora toshdan yasalgan bo‘lib, uning ustida olov bilan yozilgan ramzlar bor edi. Fealith qo‘llarini eshik tomon uzatdi va uning qalbidagi barcha qudratni birlashtirib, so‘zsiz olovni chaqirdi. Eshik asta-sekin ochildi, ichkaridan esa qora olovning yorug‘ligi ko‘rindi.

— Bu yerda sening qismating kutmoqda, — dedi ichkaridan qudratli ovoz.

Fealith, bir nafas chuqur olib, ichkariga qadam tashladi. Olov uni qorong‘ulik ichiga olib kirar ekan, uning ko‘zlarida qat’iyat va kuch porlab turardi.

Fealith qora eshikdan ichkariga qadam qo‘yganda, havo o‘zgacha sovuq edi, lekin qora alangalar atrofini yoritib turardi. Eshik ichida oppoq bo‘shliq bor edi, lekin bu bo‘shliq ichkarida yashiringan kuchni his qilishga majbur qilardi. U o‘zining tinmay urayotgan yuragiga qarshi chiqib, sekin olg‘a qadam tashladi.

Birdan, bo‘shliqning ichidan bir ovoz eshitildi:
— To‘xta.

Fealith darhol to‘xtadi. Oppoq bo‘shliqdan bir erkak qiyofasi ko‘rindi. Erkak 24 yoshlar atrofida edi. Uning uzun qora sochlari va terisi sovuq qor kabi oq edi. Ko‘zlari esa go‘yo olovning o‘zidan yaratilgandek yonardi. Uning yuzidagi ifoda sovuq va hissiz edi, lekin uning ichida kuch va qudrat yashirin ekanini bir qarashda his qilish mumkin edi.

Hyunjin

Erkak Fealithga qattiq tikilib, bir qadam oldinga chiqdi. Uning bo‘ychan gavdasi va doimiy sovuq harakati Fealithni hayratda qoldirdi. Erkakning ovozi past, ammo o‘tkir edi:
— Sen kimsan?

Fealith ovozini joyiga keltirib, dadil javob berdi:
— Men Lyran ning qizi, Hwang Fealithman. Men tug‘ilganimdan beri olovni boshqaraman. Hozir 16 yoshdaman, lekin so‘nggi vaqtlarda olov itoatsizlik qilyapti.

U avvalgiday tinch va itoatkor emas. Har safar uni chaqirmoqchi bo‘lsam, u nazoratimdan chiqib ketgandek bo‘ladi. Qo‘llarim orasida alangalar chaqnab, atrofimni boshqara olmaydigan darajada issiq to‘lqinlar qamrab oladi. Men qo‘rqaman... Balki olov mendan nimanidir talab qilayotgandir yoki ichimdagi biror narsa uni izdan chiqarayotgandir.

Erkakning yuzida hech qanday o‘zgarish sezilmadi. U bir qadam oldinga bordi va Fealithni boshdan-oyoq sinchiklab o‘rgandi. Uning sovuq nigohi go‘yo Fealithning ichki dunyosini, qo‘rquvlari va kuchlarini ko‘rayotgandek edi.

— Kichkina, — dedi u bir necha lahzalik sukutdan keyin, ovozi sovuq va hissiz edi. — Senga men olovni boshqarishni o‘rgataman, deb o‘ylashga nima majbur qildi?

Fealith uning keskin ovoziga qaramay, orqaga chekinmadi. U qaddini rostlab, javob berdi:
— Chunki men olov bilan yashashni o‘rganishim kerak. Bu mening qismatim, va men olovni boshqarmasdan o‘zimni yo‘qotib qo‘yaman.

Erkakning ko‘zlari bir oz chaqnadi, lekin bu chaqnash his-tuyg‘udan emas, qiziqishdan edi. U yana bir qadam oldinga bordi va Fealithning yoniga kelib to‘xtadi. U past ovozda, lekin sovuq ohangda so‘zida davom etdi:
— Agar olov senga itoat qilmasa, bu sen yetarli darajada kuchli emassan, degani. O‘zingni bu qismatga tayyor deb hisoblayapsanmi, kichkina?

Fealith bosh irg‘ab, qat’iyat bilan javob berdi:
— Ha.

Erkak bir oz sukut saqladi, so‘ngra sovuq kulimsiradi.
— Ko‘ramiz, kichkina. Lekin eslab qol, men senga hech narsa osonlikcha bermayman.

U yana bir qadam oldinga yurib, qo‘lini cho‘zdi. Olov uchqunlari paydo bo‘lib, qora alangaga aylandi.
— Men bu alangadan foydalanaman. Senga olovning haqiqiy kuchini ko‘rsataman. Agar chidamasang, qaytishga haqqing yo‘q.

Fealith o‘zining qo‘rquvini yengib, uning yonida turgan alangaga qaradi. U endi haqiqatdan ham sinovga tayyor edi.