September 13, 2024

"Ma'rifat ulashib" loyihasi doirasida "Ijodkorlar bilan uchrashuv"

Joriy yilning 16-oktyabr kuni Chirchiq davlat pedagogika universitetida "Ma'rifat ulashib" loyihasi bo'lib o'tadi.

Uchrashuvga elimiz ardog'ida bo'lgan yozuvchi va shoirlar tashrif buyuradi. Jumladan, Xurshid Do'stmuhammad, Sirojiddin Rauf va Shodiqul Hamroyev. Ijodkorlar faoliyati bilan qisqacha tanishing.

Xurshid Do'stmuhammad

Yozuvchi va jurnalist Xurshid Do‘stmuhammad 1951-yil 8-yanvar kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. Filologiya fanlari doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.

1976-yilda Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan. 1973-1978-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi „Fan“ nashriyoti hamda 1978—1984-yillarda Fan va turmush jurnalida muharrir va boʻlim muharriri, 1984—1986-yillarda „Selskaya pravda“ – „Qishloq haqiqati“ gazetasida muxbir, 1986—1995-yillarda Yosh kuch jurnalida boʻlim muharriri, bosh muharrir oʻrinbosari, bosh muharrir kabi lavozimlarda, 1995—1997-yillarda Oʻzbekiston Ommaviy axborot vositalarini demokratlashtirish va qoʻllab-quvvatlash ijtimoiy-siyosiy fondining hamraisi, Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi oʻrinbosari, 1997—2002-yillarda „Hurriyat“ gazetasida bosh muharrir, 2005—2007-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining oʻrinbosari – qoʻmita raisi, 2008—2010-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining oʻrinbosari, 2010—2015-yillarda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakulteti kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2020-yildan hozirga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati hisoblanadi. 2015-yildan boshlab yozuvchi nafaqaga chiqqan. Hozirda erkin ijodkor sifatida ijodiy faoliyatini davom ettirmoqda.

Sirojiddin Rauf

Sirojiddin Rauf 1967-yil 26-iyunda Qarshi shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetida (1992), Toshkent davlat yuridik institutida (2002) tehsil olgan.

Mehnat faoliyatini 1984-yili “Qashqadaryo” viloyat gazetasida musahhihlikdan boshlagan ijodkor keyinchalik “Turkiston”, “Inson va qonun”, “Birja” gazetalarida, “Tafakkur”, “Hayot va qonun” jurnallarida bo‘lim muharriri, bosh muharrir o‘rinbosari va bosh muharrir, “Jamiyat” ijtimoiy-siyosiy gazetasining bosh muharriri, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi mas’ul kotibi vazifalarida xizmat qildi.

Sirojiddin Rauf 2002-yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Shodiqul Hamroyev

Shodiqul Hamroyev 1965-yil 13-oktyabrda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan (1989). “Suratdagi ayol” (1994), “Karvon qo‘g‘irog‘I” (1999), “Qora kun” (1996), “Qaqnus qanotidagi umr” (2005) kabi hikoya va qissalar to‘plamlari nashr etilgan.