Turkiston
March 3, 2020

1917 yil fevral inqilobining Turkistonga ta’siri

1917 yil fevral inqilobining Turkistonga ta’siri

 

1917 yil 27 fevralda Petrogradda demokratik inqilobi g‘alabasi Turkiston o‘lkasiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Natijada Turkistonda ham ishchi va soldat deputatlari Sovetlari va har xil toifalar vakillaridan tuzilgan ijroiya komitetlar tashkil etila boshlandi. Toshkentning hamma dahalari vakillari to‘planib «SHo‘roi Islomiya» tashkilotini tuzdilar.
1917 yilning mart oyida o‘lka muxtoriyati masalasi Turkiston ijtimoiy-siyosiy hayotidagi asosiy masala bo‘lib qoldi. Turkistonga muxtoriyat maqomini berish g‘oyasi nafaqat demokratik ziyolilar o‘rtasida, hatto oddiy fuqarolar orasida ham tarqala boshladi. 31 mart kuni rus podshosining o‘lkadagi tayanchi-Turkiston general-gubernatori hokimiyatni tark etdi. 1917 yil 7 aprelda Muvaqqat hukumat qarori bilan kadet N.N.SHchepkin raisligida Turkiston qo‘mitasi tashkil qilindi. 9 kishidan iborat bu komitet a’zolarining to‘rttasi: A. Bukeyxonov, M.Tinishboev, S. Maqsudov va A. Davletshinlar turkiy xalqlar vakillaridan edi.
Turkiston mahalliy aholisining oshib borayotgan ijtimoiy-siyosiy faolligi sharoitida Toshkentda 1917 yil 16 aprelda «SHo‘roi Islomiya» ning Toshkent tashkiloti tashabbusi bilan chaqirilgan Butunturkiston musulmonlarining 1 qurultoyi ish boshladi.
Qurultoyning so‘nggi majlisida markaziy rahbar organ-Turkiston o‘lka musulmon sho‘rosi tashkil etilishi haqida qaror qabul qilindi. SHunday qilib Turkistonning birligi va yaxlitligi tomon muhim qadam qo‘yildi.
Afsuski, birlashish jarayonlari har doim ham bir tekis rivojlanmadi. Munavvar Qori boshchiligidagi «SHo‘roi Islomiya»dan 1917 yil iyun oyida diniy ulamolardan tashkil topgan «SHo‘roi Ulamo» ajralib chiqdi. «SHo‘roi Ulamo» jamiyati tarafdorlari demokratik kayfiyatdagi milliy ziyolilar va musulmon ruhoniylarning jamiyatda islohotlar o‘tkazish yo‘lidagi har qanday urinishlariga va evropacha madaniyatning kirib kelishiga keskin qarshi chiqishdi. Ma’rifiy, siyosiy sohadagi yangilanishlar haqidagi g‘oyalarni ham rad etishdi.
Toshkentdagi ishchi va soldat deputatlari Soveti musulmonlar o‘rtasidagi ushbu bo‘linishdan ustalik bilan foydalanishga urindi. Sentyabr voqealari natijasida Toshkent Soveti hokimiyatni qo‘lga olishga harakat qildi.
1917 yil 10 sentyabrda Toshkentda Butunturkiston musulmonlarining II qurultoyi ochildi. Ushbu qurultoy hokimiyatni soldat, ishchi va dehqon deputatlari sovetlariga berishga qarshi chiqdi. Sentyabr voqealari jamiyatdagi siyosiy qarama-qarshiliklarni keskinlashtirib, o‘lkadagi ishchilar harakati bilan milliy harakatning keyingi yo‘llarini bir-biridan ajratib yubordi.
Toshkentda 1917 yil 17-20 sentyabrda turkistonlik va qozoq musulmonlarning qurultoyida «SHo‘roi Islomiya», «SHo‘roi Ulamo», «Turon» va boshqalarni birlashtirish yo‘li bilan butun Turkiston va Qozog‘iston uchun umumiy bo‘lgan «Ittifoqi muslimin» degan siyosiy partiya tuzishga qaror qilindi.
«Ulamochilar»ning ushbu qurultoyidagi asosiy masala Turkiston o‘lkasining bo‘lg‘usi siyosiy boshqaruvi to‘g‘risida bo‘lib, unda demokratik Rossiya tarkibida hududiy federatsiya-»Turkiston federativ respublikasi» tuzilishi g‘oyasi olg‘a surildi. Fevral inqilobining ta’siri bilan Turkistonda kasaba uyushmalari ommaviy ravishda tashkil etildi, mahalliy xalqlar tillarida gazetalar chiqa boshladi.

Oktyabr to‘ntarishi. Turkistonda mustabid Sovet hokimiyatining o‘rnatilishi, uning shovinistik siyosati

1917 yil sentyabr oyida bolsheviklashgan Toshkent Soveti soldatlarni va asli rossiyalik ishchilarni o‘z tomoniga torta olgan edi. Oktyabr oyida Rossiyada to‘ntarish bo‘lib o‘tgandan co‘ng, uning ta’siri tez orada mustamlaka o‘lkaga ham yoyildi. Toshkentdagi Oktyabr to‘ntarishi qatnashchilari 1 noyabrda Bosh komissar general Korovichenko va Muvaqqat hukumatning Turkiston qo‘mitasini qamoqqa oldilar va shu kuni Turkistonda Sovet hokimiyatini o‘rnatilganligi e’lon qilindi. Qurollangan evropali ishchilar, asosan temiryo‘lchilar, Toshkent garnizonining soldatlari davlat to‘ntarishini o‘tkazdilar.
Turkiston bolsheviklari o‘lkadagi butun hokimiyatni o‘z qo‘llariga olish uchun shafqatsiz kurash olib bordilar.
1917 yil 15-22 noyabrda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ishchi, soldat va dehqon deputatlarining III o‘lka s’ezdida hokimiyat masalasi hal qilindi. Bunda 15 kishidan iborat Turkiston Xalq komissarlari soveti tuzildi (8 so‘l eser va 7 bolshevik). Hukumatga mahalliy aholidan bironta ham vakil kiritilmadi. S. Lapin boshliq «ulamochi»lar, menshevik va so‘l eserlarning o‘lka Soveti tarkibiga musulmon vakillarini ham kiritish borasidagi takliflari inobatga olinmadi. Bu esa bolsheviklarning milliy masalada yo‘l qo‘ygan katta siyosiy xatosi bo‘lib, bunda sovet rahbarlarining shovinistik kayfiyatlari ochiq namoyon bo‘ldi. Hukumatning bunday ziddiyatli tarkibi o‘lkada evropali aholi hukmronligini mustahkamladi.
Rossiya Xalq Komissarlari Soveti 2 noyabrda «Rossiya xalqlari huquqlarining deklaratsiyasi» va 20 noyabrda «Rossiya va SHarqning barcha musulmon mehnatkashlariga» murojaatnomasini e’lon qildi. Ushbu dabdabali hujjatlarda xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi rasmiy ravishda tan olindi; hattoki ajralib chiqish va mustaqil davlat tuzish huquqi; hamma va har qanday milliy, diniy imtiyozlar va cheklashlar bekor qilindi.
Bu hujjatlar qanchalik balandparvoz va’dalar bermasin, amalda quruq tashviqot bo‘lib chiqdi. Ko‘p o‘tmay, Turkiston XKS «SHo‘roi Islomiya», «SHo‘roi Ulamo» tashkilotlarini tarqatib yubordi. Bu tashkilotlarning a’zolari Turkiston muxtoriyatini, keyinroq esa milliy istiqlol harakatini qo‘llab quvvatladilar.

Turkiston muxtoriyatining e’lon qilinishi va bolsheviklar tomonidan tor-mor qilinishi

1917 yil 26-28 noyabrda Qo‘qon shahrida Turkiston o‘lka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoyda demokratik musulmon ziyolilar talabi bilan Turkiston aholisining evropali qismi vakillari ham teng huquqli bo‘lib ishtirok etdilar. Turkistonning boshqarish tuzumi to‘g‘risidagi masala uch kun davom etgan qurultoyning diqqat markazida turdi. Qurultoyda o‘lkaning barcha mintaqalari va ko‘pgina jamoat tashkilotlaridan 200 nafardan ortiq vakillar hozir bo‘ldi. Unda vakillarning siyosiy faolligi tufayli muhim masalalar yuzasidan munozaralar bo‘lib o‘tdi. Muxtoriyat e’lon qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlovchilar ko‘pchilikni tashkil etdi.
Qurultoyda qabul qilingan qarorda: «Turkistonda yashab turgan turli millatga mansub aholi Rossiya inqilobi da’vat etgan xalqlarning o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilash xususidagi irodasini namoyon etib, Turkistonni Rossiya tarkibida hududiy jihatdan muxtor deb e’lon qildi».
28 noyabrda tarkib topayotgan mazkur davlatning nomi aniqlanib, Turkiston muxtoriyati deb ataladigan bo‘ldi. Butunrossiya Ta’sis majlisi chaqirilgunga qadar hokimiyat Turkiston Muvaqqat kengashi va Turkiston xalq (millat) majlisi qo‘lida bo‘lishi kerak edi. Turkiston Muvaqqat kengashi a’zolaridan tuzilgan Muvaqqat huqumat hay’ati tarkibiga 8 kishi saylandi, yana 4 o‘rin evropa aholi vakillariga ajratildi.
Qurultoy jarayonida Turkiston Millat majlisi 54 kishidan iborat qilib saylandi, shundan 2/3 qismi, ya’ni 36 nafari mahalliy aholi vakillaridan edi.
Turkiston Muxtoriyati hukumati qisqa fursat ichida xalq o‘rtasida katta e’tibor qozondi. Abdurauf Fitrat muxtoriyat e’lon qilingan kunni «milliy laylatulqadrimiz» deb atadi. Turkiston muxtoriyatini barcha demokratik kuchlar qizg‘in quvvatladi.
Afsuski, o‘lka bolsheviklari Turkiston Muxtoriyati huqumatiga katta xavf deb qaradilar. Turkiston Sovetlarining IV s’ezdi Turkiston Muxtoriyati hukumati va uning a’zolarini qonundan tashqari deb hisobladi va hukumat a’zolarini qamoqqa olish haqida qaror qabul qildi. Turkiston XKS muxtoriyat hukumatni tugatish uchun harbiy harakatlarni boshladi. Turkiston bolsheviklari buning uchun qizil askarlardan tashqari armanlarning «Dashnoqsutyun» partiyasi a’zolaridan keng foydalandilar.
1918 yilning 19 fevralida (eski hisob bilan 6 fevral) Qo‘qon shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan Turkiston muxtoriyati hukumati bolsheviklarning qonli hujumlari natijasida ag‘darib tashlandi. Hukumat ag‘darilgach ham Qo‘qon va uning atroflaridagi tinch aholini talash va o‘ldirish battar avjiga chiqdi. Faqat Qo‘qonning o‘zida uch kun davomida 10000 kishi o‘ldirildi.
«Ulug‘ Turkiston» gazetasi chuqur qayg‘u bilan xabar berganidek, 20 (7) fevral Ho‘qand tarixining eng dahshatli kuni bo‘ldi. Eski shahardagi hamma magazinlar, savdo firmalari, banklar va ozmi-ko‘pmi yaxshiroq ko‘ringan xususiy xonadonlarning hammasi talangan. Gazetadagi ushbu maqola «Ho‘qand hozir o‘liklar shahri» deb tugaydi. Turkiston Muxtoriyatini ag‘darilishi O‘rta Osiyoni sovetlashtirishga keng yo‘l ochib berdi.

Turkiston mintaqasidagi istiqlolchilik harakati va uning tarixiy ahamiyati

Turkiston Muxtoriyati hukumati bolsheviklar tomonidan tor-mor qilinsa ham, u Farg‘ona vodiysida istiqlolchilik harakatini tashkiliy jihatdan rasmiylashtirdi, unga milliy bo‘yoq va tus berdi. Muxtoriyat hukumatining tugatilishi istiqlolchilik harakatining butun Farg‘ona vodiysida ommaviy ravishda boshlanishiga bir turtki vazifasini o‘tadiki, chor Rossiyasining mustamlakachilik zulmi ostida ezilib kelgan farg‘onaliklar endi bolsheviklar tuzumi va sovet Rossiyasiga qarshi qurolli kurashga otlandilar. Demak, Turkistonda sovet hokimiyati va bolshevikcha tuzumga qarshi istiqlolchilik harakatining boshlanishini xronologik jihatdan 1918 yil fevral oyining so‘nggi o‘n kunligida deb belgilashimiz mumkin.
Dastlabki istiqlolchi guruhlarining tuzilishi Qo‘qon atrofidagi Bachqir qishlog‘idan chiqqan Kichik va Katta Ergashlarning nomlari bilan uzviy bog‘liqdir. 27 fevralda bo‘lgan janglarning birida Kichik Ergash shahid bo‘lgach, uning o‘rniga Katta Ergash qo‘rboshi (uni Mulla Ergash ham deyishgan) Farg‘ona vodiysida bolsheviklarning mustamlakachilik tartibiga qarshi kurash boshladi.
Skobelev uezdida esa Marg‘ilon militsiyasining sobiq boshlig‘i Muhammad Aminbek Ahmadbek o‘g‘li – Madaminbek sovetlarga qarshi kurash e’lon qildi. «YAkkatut volosti Garbobo qishlog‘idagi Madaminbek guruhining qarorgohiga ommaviy ravishda mahalliy yoshlar kelib qo‘shilardi», deb yoziladi 1918 yilga oid arxiv hujjatlarining birida.
1918 yil mart oyiga kelib Farg‘ona vodiysida bir-biridan mustaqil ravishda 40 dan ortiq qo‘rboshi dastalari faoliyat ko‘rsatardi. Madaminbek Skobelev uezdida, aka-uka SHermuhammadbek va Nurmuhammadbek Marg‘ilon atroflarida, Omon Pahlavon, Qobul, Sotiboldi Qozi va Rahmonqul Namangan uezdida, Parpi qo‘rboshi Andijon shahri atrofida, Eshmat qo‘rboshi Qo‘qonning Buvayda qishlog‘ida, Jonibek Qozi O‘zgan tomonda, Muhiddinbek Novqatda o‘z faoliyatlarini boshladilar.
Istiqlolchilik harakatining harbiy birlikka aloqasi bo‘lmagan qurolli bezorilik yoki bosqinchilik, yoxud «bosmachilik» harakati emasligini alohida ta’kidlab o‘tish kerak. Istiqlolchilik harakatining o‘ziga xos milliy yo‘nalishi va Turkistonga mos xususiyatlari bo‘lgan. Harakatning boshdan oxirigacha ustuvor g‘oya – bu butun Turkistonning milliy istiqloli edi.
Sovet hokimiyati vakillarining butun Turkiston o‘lkasida yuritgan shovinistik va mustamlakachilik siyosati, mahalliy aholi manfaatlari bilan hisoblashmay ularning nafsoniyatiga tegishi istiqlolchilik harakatining doimiy ravishda avj olishi hamda uning uzluksiz davom etishiga olib keldi.
Turkistondagi istiqlolchilik harakatining asosiy harakatlantiruvchi kuchlari dehqonlar, chorikorlar, mardikorlar, hunarmandlar va kosiblar edi. Turkiston respublikasi rahbarlaridan birining e’tirof etishicha, istiqlolchilik harakatiga «asosan dehqonlar va hunarmandlar qatnashdi». Farg‘onadagi qurolli muxolifat kuch va son jihatdan tish-tirnog‘igacha qurollangan sovet qo‘shinlaridan ba’zan mag‘lubiyatga uchrab tursa-da, e’tiqod va ozodlik uchun kurashayotgan istiqlolchilar vodiydagi butun aholi orasidan doimo madad va yordam olib turardilar.
Turkistondagi istiqlolchilik harakatining uyushgan bir shaklda namoyon bo‘lishida qo‘rboshilar ko‘rsatgan g‘ayrat-shijoatni alohida ta’kidlab o‘tish kerak. O‘z vaqtida Farg‘ona vodiysida Kichik va Katta Ergashlar, Madaminbek, SHermuhammadbek, Islom Pahlavon, Buxoro Xalq Respublikasida Said Olimxon (sobiq amir), Ibrohimbek, Mulla Abdulqahhor, Anvar Posho, Salim Posho, Davlatmandbek, Jabborbek, Oston Qorovulbegi, O‘rmon Polvon, Hayit Amin, Fuzayl Mahdum, Doniyolbek, Xorazm Xalq Respublikasida Junaidxon, o‘ulomalixon, Qo‘shmamedxon, Temir Alixon kabi qo‘rboshilar bu harakatni yagona kuchga birlashtirish uchun rahbarlikni birin-ketin o‘z qo‘llariga olsalar-da, lekin Farg‘ona vodiysi, Xorazm va Buxorodagi istiqlolchilik harakati boshdan oxirigacha yagona markazga to‘liq uyusha olmadi. Turkiston fidoyilarining ozodlik harakatini yagona markazga birlashtirish uchun izchil kurashayotgan Madaminbek bilan Anvar Poshoning taqdirlari esa fojiali tugadi.
Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilik harakati 1919 yil yozining oxiri va kuzida o‘zining yuqori cho‘qqisiga chiqdi. Madaminbek boshchiligidagi islom qo‘shinlari safiga Jalolobodda turgan rus krestyanlar armiyasining qo‘shilishi vodiyda sovet hokimiyatini ag‘darish uchun real kuch edi. Sentyabrning dastlabki kunlarida Madaminbek lashkarlari Jalolobod shahrini egalladi. Qurshob qasabasi yonidagi janglarda sovet armiyasi qismlari katta mag‘lubiyatga uchrab, O‘sh shahriga chekindi. 8 sentyabrda bir yarim kecha-kunduzlik qonli janglardan keyin O‘sh shahridagi garnizon taslim bo‘ldi va qamoqhonada yotgan mahbuslar istiqlolchilar tomonidan ozod qilindi.
Madaminbek qo‘shinlari 13 sentyabrda Eski Marg‘ilon shahrini egalladilar. SHu bilan birga vodiydagi eng yirik strategik shahar-Andijonni qamal qilishga kirishdilar. Afsuski, bir oy davomida Farg‘ona vodiysini larzaga keltirgan Madaminbek boshchiligidagi musulmon qo‘shinining hujumi pirovard natijada mag‘lubiyat bilan tugadi.
1919 yil 22 oktyabrda Pomirning Ergashtom ovulida bo‘lgan anjumanda Farg‘ona muvaqqat muxtoriyat hukumati tuzildi. Hukumat tarkibiga 16 musulmon va 8 rus, hammasi bo‘lib 24 kishi kiritildi. Madaminbek hukumat boshlig‘i bo‘lishi bilan birga Bosh qo‘mondon qilib ham tayinlandi.
1919 yilning kech kuziga kelib Madaminbek qo‘l ostida 30 mingga yaqin yigit qizil armiyaga qarshi istiqlol janglarini olib bordilar. Bu paytda SHermuhammadbekda 20000 yigit, Ergash qo‘rboshida 8000 yigit bo‘lgan. Aynan ana shu uch lashkarboshi vodiydagi jangovor harakatlarni yo‘naltirib turganlar.
Madaminbek siymosida sarkardalik, davlat va siyosat arbobiga xos sifatlar o‘zaro uyg‘unlashib ketgan edi. U Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilarning haqiqiy ma’nodagi dohiysi, tan olingan yo‘lboshchisi edi. Madaminbek vodiydagi sovet hokimiyati organlariga muqobil ravishda o‘z siyosiy boshqaruv usulini joriy qildi. Bunday boshqaruv usulini yana Ergash va SHermuhammadbek qo‘rboshilargina joriy etgan edilar.
Turkistondagi istiqlolchilik harakati 1920 yilning yozi va kuzida o‘zining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Kurash yana ham shafqatsiz va murosasiz tus oldi. Farg‘ona vodiysi va Samarqand viloyatidagi vatanparvarlar bilan bir qatorda endilikda Xorazm va Buxorodagi fidoyilar ham bosqinchi qizil armiya jangchilariga qarshi muqaddas kurashga otlandilar. Kurash bayrog‘ini vodiyda Madaminbek o‘rniga endi SHermuhammadbek ko‘tardi. Farg‘ona vodiysidagi butun qo‘rboshilar va tinch aholi vakillari Oltiariq tumanida o‘zlarining nav-batdagi qurultoylariga to‘plandilar. Qurultoy 1920 yil 3 mayda Turkiston muvaqqat hukumatini tuzdi. Ushbu qurultoyda SHermuhammadbek hukumat raisi va islom qo‘shinlarining Oliy bosh qo‘mondoni qilib saylandi. Bolshevik maddohlardan birining e’tiroficha, «Madaminbek qo‘rboshilar o‘rtasida eng kuchlisi bo‘lgan bo‘lsa, SHermuhammadbek shubhasiz, eng xavflisi edi».
Turkiston MIK raisi Inog‘omjon Xidiralievning sal keyinroq yozishicha, «1920 yil sentyabrda bosmachilarning soni 70000 kishiga etdi va kuchli vahima uyg‘otdi».
Turkistondagi istiqlolchilik harakatining g‘oyaviy rahnamolari ham etarli darajada mavjud bo‘lib, ular asosan jadid munavvarlari va islom ulamolari edi. SHuni alohida ta’kidlash kerakki, istiqlolchilik harakatiga g‘oyaviy rahnamolik qilish borasida jadidlar bilan ulamolar o‘rtasida o‘zaro raqobat mavjud edi. Namanganlik Nosirxon To‘ra Said Kamolxon To‘ra o‘g‘li, toshkentlik muftiy Sadriddinxon Maxsum SHarifxo‘ja Qozi o‘g‘li, Turkiston MIKning sobiq o‘rinbosari To‘raqul Jonuzoqov, asli boshqirdistonlik Ahmad Zakiy Validiy To‘g‘on va boshqalar istiqlolchilik harakatining g‘oyaviy mafkurachilari edilar. Harakatga rahbarlik qilgan islom ulamolari orasida yassaviylik va naqshbandiylik tariqatlarining pirlari ko‘p bo‘lgan.
1920-1924 yillarda istiqlolchilik harakati Buxoro va Xorazm respublikalarida ham avj oldi. Buxoro Xalq Respublikasidagi harakatning Turkistondagi istiqlolchilik harakatidan farq qiladigan asosiy tomoni shundan iboratki, vatanparvarlar Buxoroda ikki jabhada turib kurash olib borishlariga to‘g‘ri keldi. Bir tomondan, amirlik tuzumi tarafdorlari bo‘lgan mujohidlar, jadidlardan iborat. Buxoro hukumatiga va shuningdek, qizil armiya qo‘shinlariga qarshi kurash olib bordilar (Ibrohimbek, Mulla Abdulqahhor va b.). Ikkinchi tomondan, milliy istiqlol g‘oyalariga sodiq bo‘lgan buxorolik vatanparvarlar Fayzulla Xo‘jaev boshliq Buxoro Xalq Respublikasi hukumati bilan yashirin aloqalar o‘rnatib, Buxoroning muqaddas tuprog‘idan qizil askarlarning olib ketilishi, Buxoro respublikasining mustaqilligi amalda qaror topishi uchun kurashdilar (Anvar Posho, Davlatmandbek, Jabborbek, Doniyolbek va b.).
Xorazm Xalq Respublikasida qizil armiyaga qarshi kurashning tepasida Junaidxon turdi. U Xorazmda siyosiy hokimiyat uchun kurash boshlab, katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Qisqa muddatda Junaidxon o‘z qo‘shinini 20000 kishiga etkazdi. O‘zbek hunarmandlari va dehqonlaridan tashkil topgan dastalarga Madraimboy, Sa’dulla bola, SHokir bola va boshqalar rahbarlik qilgan. Junaidxon boshchiligidagi mujohidlar hujumga o‘tib, 1920 yil yozida Qo‘hna Urganch, Xo‘jayli, Ilonli va Taxtani qayta egallashdi, ko‘plab qizil askarlarni asirga olishdi. Junaidxon sovet qo‘mondonligiga maxsus maktub yuborib, agar qo‘shinlar Xorazmdan olib chiqib ketilmasa, asirlarni otib tashlashini bildirdi. Biroq sovet qo‘mondonligi Junaidxonning haqli talablarini rad qilgach, u bosqinchilarni otib tashlashga buyurdi.
1924 yilga kelganda istiqlolchilar iqtisodiy tanazzul va qashshoqlik, dahshatli ochlik, xalqning og‘ir turmushini ko‘rmasliklari mumkin emas edi. Tinimsiz davom etgan etti yillik kurashdan Turkiston xalqlari ham, qo‘rboshi va ularning yigitlari ham juda toliqqan edilar. SHuning uchun qasoskorlarning ko‘pchiligi 1924 yil davomida qarshilikni to‘xtatdilar. Bunga ularning rahbarlari orasida jipslik va umumiy dasturning yo‘qligi ham sabab bo‘ldi.
Lekin hali oldinda kurashning to‘liq o‘n yili turar edi. Vatanparvarlar yana 1935 yilgacha bosqinchi qizil armiya qo‘shinlariga qarshi kurashini olib bordilar.