[REAKSIYA]
Bugun deraza oldiga borganimda, tashqarida yomg‘ir yog‘ayotganini ko‘rdim. Bu manzara qalbimni o‘ziga tortardi. Yomg‘irni bolaligimdan yaxshi ko‘rganman, uning har tomchisi xotiralarimni uyg‘otib, dardlarimni yuvib yuboradigandek edi. Shoshilinch kiyimlarimni kiyib, yomg‘ir ostida sayr qilish uchun ko‘chaga otildim.
Havo salqin, ko‘chalar esa huvillab yotardi. Men bu sokinlikni his qilish uchun maxsus chiqqandek edim. Yomg‘ir tomchilari yuzimdan sirg‘alib o‘tar, yuragimni qandaydir tinchlantirar edi. Shu payt ko‘chaning narigi chekkasidan yugurib kelayotgan kimnidir ko‘rdim. Yigit.
U yomg‘ir ostida yugurib kelardi, sochlari nam, paltosi yomg‘irda ivib ketgan. Bir lahza ko‘zlarimiz to‘qnashdi. Yigitcha to‘xtab qoldi, nigohida qandaydir hayronlik yoki qiziqish bor edi. Men esa bir muddat nafasimni ushlab, unga qarab qoldim. U menga yaqinlashdi.
— Yomg‘irni yaxshi ko‘rasizmi? – deb so‘radi yengil tabassum bilan, nigohida qandaydir sirli bir jiddiylik paydo bo‘lib.
Men uning ovozidan biroz hayajonlandim, lekin jilmayib javob berdim:
— Ha, yomg‘ir meni tinchlantiradi. Uning ostida o‘zimni erkin his qilaman.
Uning nigohi o‘zimga qaratilgan edi. U biroz jilmayib:
— Juda kam uchraydigan javob. Odatda odamlar yomg‘irni yashirinishga sabab deb biladi, – dedi.
Men indamay jilmaydim. Unga qanday javob berishni bilmasdim. U esa bir lahza jim qoldi, so‘ng birdan o‘ziga kelgandek orqasiga qaradi.
— Kechirasiz, men... ketishim kerak, – dedi u shoshilib.
Men uning bu harakatidan hayron bo‘ldim. U ortiga o‘girildi, lekin ketishdan oldin yana bir bor menga qaradi. Uning ko‘zlarida nimadir yashiringan edi, lekin men uni anglay olmadim.
U yugurib ketdi, yomg‘ir tomchilari uning izlarini yuvib tashlayotgandek edi. Men esa uning ortidan qarab qoldim. U kim edi? Nega shoshildi? Nimadir ichimda bu uchrashuvning shunchaki tasodif emasligini his qilardim.
Shu kuni kechqurun yomg‘ir tomchilarining ohangiga quloq solib, bu notanish yigitning ovozini va sirli nigohini o‘yladim. Balki bu hikoya endi boshlangandir...
Oradan bir necha hafta, balki oylar o‘tdi. Hayot o‘z yo‘lida davom etardi, lekin men o‘sha yomg‘irli kunni va notanish yigitni tez-tez eslardim. Uning nigohi, sirli jilmayishi va shoshilib ketishi xayolimdan chiqmas edi. Qandaydir qiziq his uyg‘otgan edi u. O‘sha kuni undan hech qanday iz qoldirmadi, ismini ham aytmadi. Lekin, qandaydir ichki tuyg‘u yana uchrashishimizni aytayotgandek edi.
Bugun yana yomg‘ir yog‘ayotgandi. Shu payt tashqariga chiqib sayr qilishni istadim. Yomg‘ir ostida yurib, o‘sha kunni xotiralarimda qayta-qayta yashadim. Ko‘chalar ho‘l va huvillagan edi, faqat yomg‘irning mayin shovqini quloqlarimni qamashtirardi.
Shu payt, boshqa tomondan tanish bir ovoz eshitildi:
— Yomg‘irni tinchlantiradi, deb o‘ylayotganing uchun bu yerga chiqdingmi?
Nigohimni ko‘targan zahoti, u – o‘sha yigit, yana mening qarshimda turardi. Qo‘llari cho‘ntagida, o‘sha tanish jilmayishi yuzida aks etgan edi. Ichimda qandaydir issiqlik tarqaldi, lekin bir vaqtning o‘zida hayrat ham uyg‘ondi.
— Siz?! – deb yubordim beixtiyor, ovozimni zo‘rg‘a boshqarib.
U xotirjamlik bilan menga yaqinlashdi.
— Ha, men. Bir necha hafta oldin uchrashganimizni eslaysizmi?
Men boshimni biroz egib, jilmaydim.
— Albatta, qanday qilib unutishim mumkin? Ammo siz mendan shoshilib ketgandingiz...
Uning ko‘zlari jilvalanib, nimadandir xijolat tortgandek tuyuldi.
— Kechirasiz. O‘sha kuni... biroz shoshilyotgandim, – dedi u. So‘ng yana bir lahza jim qoldi va qo‘shib qo‘ydi: — Balki bu safar ham shoshilib ketarman, lekin kamida o‘zimni tanishtirishga vaqtim bor. Men Taehyungman.
Uning ismini bilganimda, qandaydir tuyg‘u yuragimga joylashdi. Bu oddiy uchrashuv emas edi, bu yana bir yangi bobning boshlanishiga o‘xshardi. Taehyung bilan yana ko‘rishganimni taqdirning o‘z sovg‘asi deb bildim.
Yomg‘ir yog‘ishda davom etardi. Bu safar esa, yomg‘ir tomchilari bizni uzoqlashtirish emas, yaqinlashtirish uchun yog‘ayotgandek edi.
Oradan ancha vaqt o‘tdi, va Taehyung bilan mening do‘stligimiz kuchliroq bo‘lib bordi. Biz har kuni uchrashmasdik, lekin har safar birga vaqt o‘tkazganimizda, bu lahzalar menga alohida aziz edi. Taehyung mening uchun do‘st sifatida katta ahamiyatga ega bo‘lib qoldi. U har doim sokin, mulohazakor va o‘zini tuta biladigan inson edi. Uning yonida o‘zimni xavfsiz va xotirjam his qilardim.
Lekin vaqt o‘tishi bilan bu do‘stlik mening uchun o‘zini boshqa tusga kirgandek tuyuldi. Qalbimning bir chekkasida yashiringan his-tuyg‘ular asta-sekin kuchayib borardi. Men Taehyungni do‘st sifatida ko‘rishga harakat qilardim, lekin u bilan birga bo‘lganimda yuragim tezroq ura boshlardi. Har safar uning sokin ovozini eshitganimda yoki u kulib berganida, yuragim nimadir boshqacha his qilardi.
Bir kuni yomg‘irli kunda, biz odatdagidek bog‘da o‘tirardik. Taehyung osmondan yerga tushayotgan tomchilarga tikilgancha o‘z hayollari bilan band edi. Uning yuzida doimiy jiddiylik, lekin shu bilan birga qandaydir sokinlik bor edi.
— Taehyung, — dedim uning diqqatini o‘zimga qaratib.
U menga qaradi, ko‘zlarida hech qanday gumon yo‘q edi.
— Ha, Mia?
Men jilmayib qo‘ydim, ichimda esa yuragim tez-tez urar edi. Uni sevishimni bilsam-da, bu tuyg‘uni sir saqlashga qaror qilgandim. Chunki Taehyung menga do‘st sifatida qarashini bilardim. Men uni yo‘qotishni xohlamasdim.
— Hech narsa, — dedim oxiri, jilmayishga majbur bo‘lib. — Faqat bu kunlarni yaxshi ko‘rishimni aytmoqchi edim. Sen bilan bo‘lgan kunlarni.
Taehyung jilmayib, boshini egib qo‘ydi.
— Men ham bu kunlarni qadrlayman, Mia. Do‘st bo‘lishimizdan xursandman.
Uning so‘zlari yuragimni bir zumga qattiq og‘ritdi, lekin tashqaridan hech narsa sezdirganim yo‘q. Men ham jilmaydim, xuddi hammasi joyida ekanini ko‘rsatmoqchi bo‘lgandek. Chunki do‘stlikni buzishdan qo‘rqardim.
O‘sha kundan keyin ham men Taehyungni sevishni davom ettirdim, lekin bu sevgini ichimda yashirib, uni do‘st sifatida yonimda saqlashni tanladim. Bu mening ichki kurashim edi. Do‘stlik ba’zan eng chiroyli tuyg‘ularni ham yashirib, yurakni og‘ritadigan darajada kuchli bo‘lishi mumkin ekan.
Oradan yana bir qancha vaqt o‘tdi. Men Taehyung bilan har uchrashuvimizda o‘zimni baxtli his qilardim, lekin yuragimning bir chekkasida nimadir og‘ritib turardi. Uni do‘st sifatida yonimda ushlashga harakat qilar, lekin his-tuyg‘ularimni boshqara olmasdim.
Bir kuni yana yomg‘ir yog‘ayotgandi. Osmondan tomchilar yerga tushar, men esa bog‘ga qarab borardim. Taehyung bilan uchrashish uchun belgilangan joyga yaqinlashganimda, u allaqachon u yerda edi. Xuddi har doimgidek, sokin, jiddiy va chuqur o‘ychan.
— Kechikdimmi? — deb so‘radim, jilmayishga harakat qilib.
U boshini ko‘tardi va menga qaradi. Uning nigohida nimadir boshqacha, notanish tuyg‘ular bor edi. U odatdagidek jilmaymadi, balki chuqur nafas olib, jim turdi.
— Yo‘q, kechikmading, — dedi u past ovozda. — Lekin bir narsa bor, sen bilan gaplashishim kerak.
Men yuragim tezroq ura boshlaganini his qildim. Nimadir noto‘g‘ri ekanini sezdim, lekin sukut saqladim.
— Nima gap? — deb so‘radim oxiri, ichimdagi xavotirni yashirib.
U bir lahza jim qoldi, so‘ngra menga qarab gapira boshladi:
— Mia, men senga hech qachon bu haqda gapirmaganman, chunki bu narsani aytish oson emas edi. Lekin bilishing kerak... Men unashtirilganman.
So‘zlari meni bir zumda muzlatib qo‘ydi. Yomg‘ir tomchilari yuzimga tushar, lekin bu sovuqdan emas, ichimdagi og‘riqdan titrardim. Unashtirilganmi? Bu so‘zlarning ma’nosini bir necha soniya tushunib olishga urindim.
— Unashtirilganmisan? — deb sekin qaytardim uning gaplarini.
U boshini egdi va tasdiq ma’nosida yengilgina bosh silkidi.
— Bu qaror o‘zimniki emas edi. Oilam meni bir qiz bilan unashtirdi. U yaxshi inson, lekin... — U gapini tugatolmadi, go‘yo o‘z his-tuyg‘ularini yashirishga harakat qilayotgandek edi.
Men jilmayishga harakat qildim, lekin ko‘zlarimda birinchi bor achchiq yoshlarni his qildim. Yuragim og‘rir, lekin Taehyung bu haqda bilmasligi kerak edi.
— Bu yaxshi xabar, Taehyung, — dedim oxiri, ovozimni imkon qadar sokin va quvnoq qilishga urinar ekanman. — Seni baxtli ko‘rish menga ham baxt beradi.
U bir lahza jim qoldi, ko‘zlari mening yuzimni o‘qishga harakat qilardi.
— Mia... — dedi u ohista, lekin men uni to‘xtatdim.
— Hech narsa demagin, iltimos. Biz do‘stmiz, shunday emasmi? Bu do‘stlikning eng muhimi — bir-birimizni baxtli ko‘rish.
U sukut saqladi. Yomg‘ir tomchilari ikkimizni o‘rab turgan bo‘lsa-da, o‘sha lahzada bizni ajratib turgan devor yanada balandroq bo‘lib qolgandek edi. Men uchun bu uning do‘stligidan ayrilmaslik uchun qilgan kurashim edi. Ammo ichimda, bir narsa o‘lib borayotgandek his qilardim.
O‘sha kun Taehyungni qattiqroq sevishimni va shu bilan birga, undan yiroqlashishim kerakligini angladim.
O‘sha yomg‘irli kunda Taehyung bilan bo‘lgan so‘nggi suhbatimizdan keyin biz bir-birimizdan uzoqlasha boshladik. Endi na uchrashuvlar, na uzoq suhbatlar qolgan edi. Go‘yo har birimiz o‘z dunyomizda yashashni tanlagandik. Men o‘z his-tuyg‘ularim bilan kurashayotgan bo‘lsam, Taehyungning ichki dunyosi haqida hech narsa bilmasdim.
Taehyungning o‘zi ham, men kabi, bu holatdan qiynalayotgandek edi. U o‘z his-tuyg‘ularini hech kimga ochmas, lekin ichida qandaydir kurash kechayotganini uning ko‘zlaridan payqash qiyin emasdi. U o‘zini sokin tutar, lekin har bir sukunatining ortida chuqur kechinmalar yashiringanini sezish mumkin edi.
Taehyungning ichki o‘ylaridan:
“Mia bilan masofani saqlash kerak. Bu unga ham, menga ham yaxshiroq bo‘ladi. Lekin nega yuragimni siqib, bu qadar og‘irlik qilmoqda? Uning ko‘zlarida bir marta bo‘lsa ham og‘riqni ko‘rganman... Men uni himoya qilishni istagan edim. Lekin endi himoya qilishning eng yaxshi yo‘li uni mendan yiroq tutish bo‘lsa-chi? Axir, mening hayotim unga baxt keltira olmaydi...”
Har kuni o‘zini band qilishga urinib, hissiyotlarini unutishga harakat qilardi. Lekin Mia har safar xotiralarining bir chetida paydo bo‘lar, Taehyungni o‘tmishga qaytarardi. U har safar bog‘dan yoki yomg‘irli kunlardan uzoqroq yurishga intilardi, chunki bu joylar Mia bilan bo‘lgan baxtli kunlarini eslatardi.
Taehyungning ichki kurashi unga tinchlik bermas edi. Unashtirilgan qizi bilan uchrashuvlari ham unga biror quvonch keltirmadi. U na o‘zini, na boshqa bir insonni baxtli qilishga qodir ekanini bilardi.
“Men Mia bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishim kerak edi. Uni baxtli qilolmasligimni bilsam ham, undan yiroqlashish bu qadar og‘ir bo‘lishini o‘ylamagandim,” deb o‘ylardi u har kuni. Lekin bu o‘ylar o‘tmishga qaytishga yo‘l bermas edi.
Mia esa, boshqa tomondan, uning yo‘qligini tobora ko‘proq sezardi. Har kun, har daqiqa uning ko‘z oldida Taehyungning so‘nggi gaplari qayta-qayta jonlanardi. Shu tariqa, ular orasidagi masofa nafaqat jismonan, balki ruhiy jihatdan ham tobora chuqurlashib boraverdi.
Orada so‘zsiz og‘riq bor edi, ammo bu og‘riq ularni qanchalik uzoqlashtirgan bo‘lsa, ichki dunyolarini shunchalik birlashtirardi. Va yomg‘ir, har safar yog‘ganda, o‘sha baxtli, lekin azobli kunlarni eslatishda davom etardi...
Oradan ancha vaqt o‘tdi. Kuzning sovuq shamollari endi yerga oppoq qor bilan almashdi. Havoda ilk qordan taralayotgan sokinlik bor edi, lekin mening ichimda qandaydir bo‘shliq hukm surardi. Taehyung bilan oramizdagi masofa oshgan sari, ichimdagi og‘riq ham kuchayib borayotgandi. Biz bir-birimizdan butunlay yiroqlashgan edik, lekin mening yuragim uni hech qachon qo‘yib yuborolmadi.
Ushbu kun ham odatdagidek boshlangan edi. Qor yog‘ayotganiga qaramay, men ko‘chaga chiqishga qaror qildim. Oppoq qorlarning yerga tushayotganini tomosha qilib, o‘zimni biroz tinchlantirmoqchi bo‘ldim. Lekin yuragimdagi og‘riq meni har lahzada ushlab turardi.
Ichimda chuqur o‘ylar kechayotgan bir paytda, uzoqdan tanish bir qiyofani ko‘rib qoldim. Taehyung. U men tomon kelayotgan edi. Lekin u yolg‘iz emasdi. Uning yonida bir qiz bor edi. Uning unashtirilgan qizi.
Yuragim birdan muzlab qolgandek tuyuldi. Ularni birga ko‘rish men uchun og‘ir edi. Taehyung qizga bir narsa gapirar, lekin ko‘zlari o‘ziga xos sokinlik bilan atrofni kuzatar edi. Men turgan joyimda muzlab qolgandim, lekin qochib ketishni ham o‘ylardim. Lekin aynan shu lahzada Taehyungning nigohi menga tushdi.
U bir soniya to‘xtadi. Ko‘zlari avvalgidek chuqur, lekin ichida qandaydir bezovtalik bor edi. U yonidagi qizga nimadir dedi va keyin... meni ko‘rib, qizni qoldirib, menga qarab yugurib keldi.
— Mia! — deb chaqirdi u, qorlarning shovqini ichida ovozi aniq eshitildi.
Men joyimda qotib qolgandim. Yuragim tinimsiz urib, nima qilishni bilmay qoldim. Taehyung esa endi menga yetib kelgan edi. Uning nafasi tezlashgan, yuzida esa bezovtalik va ehtiros aralash hissiyot bor edi.
— Nega bu yerda turibsan? — deb so‘radi u, ovozida g‘am aralashgan edi.
Men unga qaradim, lekin so‘z topolmadim. Nihoyat, ichimdagi og‘riqni yashirish uchun jilmayishga urindim:
— Shunchaki, qor yog‘ayotganini tomosha qilmoqchi edim.
Taehyungning yuzidagi ifoda o‘zgardi. U boshini egdi va chuqur nafas oldi.
— Mia, men sendan uzoqlashishga harakat qildim... Lekin bunday yashash menga azob bermoqda.
Uning so‘zlari meni larzaga soldi. Qalbim o‘sha lahzada qandaydir umid bilan to‘ldi, lekin bu umidning oxiri borligidan qo‘rqardim.
— Taehyung... — dedim sekin, ovozim titrar edi. — Sen... bu gaplarni nima uchun aytyapsan?
Uning ko‘zlari menga qattiq tikildi, go‘yo ichimdagi barcha sirlarni bilayotgandek.
— Chunki men seni unutolmadim, Mia. Sen mening yuragimda chuqur iz qoldirding. Lekin bu haqiqatni qabul qilish juda qiyin bo‘ldi.
Men uning gaplarini eshitib, butunlay hayratga tushdim. Yuragim bu lahzada quvonch va og‘riq o‘rtasida edi. Unashtirilgan bo‘lsa-da, uning bu gaplarini eshitish mening uchun azobli edi.
— Lekin sen... unashtirilgansan, Taehyung, — dedim oxiri, ko‘zlarimdan yosh chiqib ketganini sezmay.
U boshini egdi, lekin mening qo‘limni ushlab, jiddiy ohangda dedi:
— Men bu unashtiruvni xohlamayman. Bu qaror meni baxtli qilmaydi. Lekin, Mia... agar sen ham meni his qilsang, balki bizning yo‘llarimiz yana kesishishi mumkin...
Men uning gaplarini eshitib, o‘zimni nima qilishni bilmay qoldim. Bu lahzada oppoq qor yog‘ayotgan edi, lekin mening ichimda ikki qarama-qarshi dunyo to‘qnashayotgan edi.
Taehyungning so‘nggi gaplari qalbimda bir chaqmoq kabi aks sado berdi. Yuragim ming xil hissiyotlarga limmo-lim edi: hayrat, baxt, qo‘rquv, va... sevgi. Men uning nigohlarida qandaydir dadillik va ishonchni ko‘rdim. U qo‘llarini ohista ko‘tardi va meni asta o‘ziga yaqin tortdi.
Bizning orasimizdagi masofa shu lahzada yo‘qoldi. Qor yumshoq tarzda atrofimizga yog‘ar, go‘yo vaqt to‘xtagandek tuyulardi. Taehyungning iliq nafasini yuzimda his qilardim.
— Mia, — dedi u sekin va muloyim ovozda, nigohlari mening ko‘zlarimdan ko‘nglimning eng chuqur nuqtasigacha yetib bordi.
Uning so‘zlarida hech qanday shoshilinchlik yo‘q edi. Har bir harakati shunchalik ehtiyotkor va mayin ediki, qalbim butkul taslim bo‘ldi. U meni ohista bellarimdan quchoqlab, yuzini menga yaqinlashtirdi. Uning qayerda boshlanib, qayerda tugashi nomalum edi, lekin bir lahzada bizning lablarimiz birlashdi.
Mayin qorlarning ostida Taehyungning bo‘sa hadya qilishi men uchun vaqtning to‘xtashi, dunyoning jim bo‘lishi va faqat uning borligini his qilish edi. Uning lablari issiq va sokin edi, xuddi uning o‘zi kabi. Bu bo‘sa hech qanday ehtiros yoki shoshilinchlikni emas, balki chuqur mehr va kechirilmas darajadagi yaqinlikni ifodalayotgandi.
Bu lahza o‘z-o‘zidan tabiatning bir qismiga aylangandek edi. Qorlar yerga tusha boshlagani kabi bizning his-tuyg‘ularimiz ham o‘zining yuqori cho‘qqisiga yetgandi. Taehyung qulog‘imga sekin pichirladi:
— Seni hech qachon yo‘qotishni xohlamayman, Mia.
Ko‘zlarimdan beixtiyor yosh sizib chiqdi, lekin bu safar og‘riqdan emas, balki ichimda uyg‘ongan iliqlik va sevgi sabab edi. Bu lahza unutilmas, xuddi qor ostidagi sevgi kabi sof va beg‘ubor edi.
Muallif: Kim Misu
Kanal: @abyss_fanfictions