Oilangiz farovonligi yo‘lida mehnat qilib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shing!
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini izchil rivojlantirish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, yangi daromad manbalarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish borasida davlatimiz rahbari – Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu islohotlar natijasida aholi uchun keng imkoniyat va imtiyozlar yaratib berilmoqda.
Bugungi kunda tomorqa yer maydonlari va dehqon xo‘jaliklariga ijaraga berilgan yerlar aholi daromadini oshirish, ichki bozorni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash hamda eksportbop mahsulotlar yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, "Bir mahalla – bir mahsulot", "Bir kontur – bir mahsulot" tamoyillari asosida olib borilayotgan ishlar ko‘zlangan natijani bermoqda. Yer – bu boylik va baraka manbai. Undan oqilona va samarali foydalanish har birimizning fuqarolik mas’uliyatimizdir.
Shu munosabat bilan 2026-yilda tumanning 52 ta mahallasidagi 2 ming 456 gektar aholi tomorqasi va 1 ming 525 gektar dehqon xo‘jaliklariga ijaraga berilgan yer maydonlarida bahorgi ekinlar ekish rejalashtirilgan.
Mazkur rejalar asosida yuqori daromadli, eksportbop hamda bozor talabi yuqori bo‘lgan mahsulotlar yetishtirish ko‘zda tutilgan. Bu esa minglab oilalarning daromadini oshirish, bandligini ta’minlash va farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida quyidagi imtiyoz va subsidiyalar joriy etilgan:
➡️Namunali va innovatsion loyihalar uchun BHMning 100 baravarigacha grant;
➡️Usta dehqonlarga 2 million so‘mdan 75 million so‘mgacha subsidiya;
➡️Qisqa muddatli o‘quv kurslari uchun BHMning 15 baravarigacha mablag‘;
➡️Vertikal sug‘orish quduqlari xarajatlarining 100 foizi (belgilangan miqdorgacha) qoplab beriladi;
➡️Quduq burg‘ilash va quyosh panellari o‘rnatish xarajatlarining 70 foizi subsidiya qilinadi;
➡️ Uzumchilik, bog‘dorchilik va tomchilatib sug‘orish tizimlari uchun moliyaviy ko‘mak;
➡️7 yilgacha imtiyozli kreditlar hamda 5 yilgacha lizing asosida uskunalar ajratiladi.
Bundan tashqari, tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish ustidan har chorakda monitoring o‘tkaziladi. Yer maydonlari qarovsiz qoldirilgan taqdirda berilgan imtiyozlar bekor qilinishi, kredit mablag‘lari ajratilmasligi hamda yer solig‘i miqdori oshirilishi mumkin.
Shu bois, har bir fuqaro o‘ziga biriktirilgan yer maydonidan oqilona foydalanib, yuqori hosildorlikka erishishi va oilasi daromadini oshirishga intilishi lozim.
Yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, oilalarimiz farovonligi va yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shaylik.
Babajanov Ulug'bek - Shovot tumani kambag'allikni qisqartirish va bandlikka ko'maklashish bo'limi boshlig'i.