Assalomu alaykum aziz yurtdoshlar, tumanimiz ahli!
Avvalo, siz azizlarga muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar mahallalarda xavfsiz va osoyishta muhitni ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi vazifalarning amalda bajarilishi bizning kundalik faoliyatimizni ustuvor yo‘nalishi ekanini alohida ta’kidlamoqchiman.
Shu munosabat bilan, sizlarga murojaat qilmoqdaman.
2026-yilni o‘tgan 2 oyi yakuni bo‘yicha tuman hududida jinoyatchilik ahvoli, oldi olinadigan va aniqlangan jinoyatlar hamda qidiruvdagi shaxslarni ushlash borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Shovot tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan, tuman hududida jamoat tartibini saqlash, jinoyatlarni barvaqt oldini olish hamda fuqarolarning murojaatlarini ijobiy hal qilish borasida tizimli ishlar olib borildi.
Bo‘lim shaxsiy tarkibi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan jinoyatchilikni jilovlash borasida olib borgan profilaktik ishlarimizga qaramay, hisobot davriga qadar barcha sohalarda 51 (26) ta jinoyatlar qayd etilib, oldingi yilning shu davriga nisbatan 96,2 %ga yoki 25 taga oshib ketishiga yo‘l qo‘yildi.
Ro‘yxatga olingan jinoyatlarning 100.000 aholiga nisbati 27,4 (14,2) tadan to‘g‘ri kelib, 13,2 taga yoki 92,9 %ga ko‘paydi.
Oldi olinishi lozim bo‘lgan jami 6 (7) ta jinoyatlar sodir qilinib, 1 taga kamayishiga erishildi.
Oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarni profilaktika qilish doirasida 52 ta mahallada targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, bukletlar tarqatilmoqda.
Mahalla profilaktika inspektorlari tomonidan fuqarolarning qo‘l telefonlariga “Mening inspektorim” dasturi bo‘yicha shu kunga qadar 16583 nafar fuqarolar ulanib, dasturdan muntazam foydalanib kelinmoqda.
Bundan tashqari, fuqarolarga yengillik qilish maqsadida “Mahalla 24” dasturi ishlab chiqilib, ushbu ilova orqali fuqarolar uzlarining yashab turgan mahalla bo‘yicha barcha ma’lumotlar va yangiliklardan xabardor bo‘lib borishadi hamda murojaat qilish tartibi soddalashtirilgan holda taqdim etilgan. Tumandagi barcha fuqarolarni ushbu havoladan foydalanishlarini tavsiya qilaman.
Huquqbuzarlik sodir etishga moyil yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan 1619 nafar shaxslar aniqlanib, “E-ijtimoiy profilaktika” elektron axborot tizimiga kiritildi.
Joriy yilning o‘tgan 2 oyi davomida 801 nafar ijtimoiy profilaktik obyektlariga qo‘shma xulosalar (49,5 foizi) bo‘yicha xulosa qilingan.
Kiber turdagi jinoyatlarni oldini olish borasida 52 ta mahalla telegram guruhlarida profilaktika inspektorlari tomonidan ogohlikka chaqiruvchi murojaatlar qilindi.
So‘nggi vaqtlarda tumanimizda fuqarolarni aldash yo‘li bilan, ayniqsa, bank kartalaridagi mablag‘larni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish holatlari ko‘paymoqda. Kiberjinoyatlar — zamonaviy davrning eng xavfli ko‘rinishlaridan biridir va ularning oldini olishda sizning ogohligingiz va hushyorligingiz beqiyos ahamiyatga ega.
Shu bois, quyida ayrim firibgarlik usullari haqida ogohlantirib o‘tmoqchiman:
O‘zini “bank xodimi” deb tanishtirgan shaxslar:
Noma’lum raqamdan qo‘ng‘iroq qilib, sizga imtiyozli kredit, fond mablag‘i, yoki nafaqa tayinlash haqidagi yolg‘on va’dalar bilan sizning shaxsiy ma’lumotlaringizni so‘rashlari mumkin. Unutmang — hech qachon telefon orqali pasport raqami, plastik karta ma’lumotlari, yoki yuz tasviringizni hech kimga yubormang. Bu — firibgarlik!
Ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali xabarlar:
Telegram va boshqa tarmoqlarda “Bu sizmisiz?”, “Sud qarori siz haqingizda chiqdi”, “Mashina yutdingiz” kabi xabarlar orqali sizni bosim ostiga olishga “apk” kengaytmali fayllar yoki havolalarga kirishga undashadi. Bu xabarlar orqali qurilmangizga zararli dastur o‘rnatilishi yoki shaxsiy ma’lumotlaringiz o‘g‘irlanishi mumkin.
Soxta raqamlar va sovg‘a va’dalari:
Firibgarlar o‘z raqamlarini yirik tashkilotlar yoki xizmatlar raqamlariga o‘xshatib, sizga “yutuq yutib oldingiz” kabi xabarlar yuborishadi. Maqsad — sizning bank kartangizga, shaxsiy identifikatsiyangizga kirib olish va undan keyin nafaqat pulingizni, balki nomingizdan kredit olishgacha borishadi.
• Bunday holatlarda suhbatni darhol yakunlang.
• Zudlik bilan 102 raqamiga murojaat qiling va holat haqida xabar bering.
• Har qanday shubhali holat yuzasidan ichki ishlar organlariga xabardor qiling. Biz sizning murojaatingiz asosida zarur choralarni ko‘ramiz.
Shuningdek, sizga zararli havolalarni aniqlovchi va oldini oluvchi @xviib_bot Telegram botidan foydalanishingizni tavsiya qilamiz. Bu bot sizni va yaqinlaringizni firibgarlarning ko‘zbo‘yamachiliklaridan himoya qiladi.
Mahallamiz osoyishtaligini ta’minlash — hammamizning burchimiz. Jinoyatlarga qarshi birgalikda kurashaylik, ogoh va hushyor bo‘laylik.