Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga Nomzodlar 2021
Bugungi kunda saylov yaqinlashgani sari siyosiy partiyalardan Prezidentlik uchun koʻrsatilgan nomzodlar toʻgʻrisida jamoalarda, ijtimoiy tarmoqlarda, qoʻyingki, barchaning ogʻzida xilma-xil fikr, bahs-munozaralar, munosabatlar bildirilmoqda.
Mazkur fikrlar ichida ularning kasbiy professionalligi, ilmiy salohiyati, boshqaruvchilik mahoratiga shubha ostida qarashlar ham uchraydi. Qani, biz ular haqida nimalarni bilamiz?
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev. Mazkur partiyadan ilgari surilgan nomzod Shavkat Mirmonovich haqida xalqimiz uchun ortiqcha tariflash berishning zaruriyati yoʻq deb oʻylayman.
Har bir nomzodning ortida katta hayotiy tajriba, chuqur bilim va salohiyat, ularni qoʻllab-quvvatlovchi elektorati turibdi. Yaqinlashib kelayotgan Prezidentlik saylovi oʻzining qizgʻin pallasiga chiqmoqda. Shunday qilib, mamlakatimiz joʻshqin rivojlanish bosqichiga kirdi, fikrlar xilma-xilligi, yangi siyosiy irodaga ega rahbarlar shakllanyapti. Eng asosiysi, fuqarolarimiz mamlakatda yuz berayotgan siyosiy jarayonlarga befarq emas.
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Qodirov Alisher Keldiyevich. Hozir mazkur partiyaning Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari sifatida samarali faoliyat olib bormoqda.
U mehnat faoliyatini Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tizimida yetakchi mutaxassislikdan boshlab, boʻlim boshligʻi, boshqarma boshligʻi oʻrinbosari, boshqarma boshligʻi lavozimlarida shuningdek, Qonunchilik palatasi deputati, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari lavozimlarida faoliyat yuritgan. Mutaxassisligi filolog-iqtisodchi. Qodirovni biz mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotidagi jarayonlarga, boʻlayotgan voqelikka tezkorlik bilan OAVlarida oʻz munosabatini bildirishi bilan taniymiz. Alisher Qodirovning shaxsi, siyosiy-psixologik portretiga chizgi beradigan boʻlsak, qarashlari, keskin fikrlar bildira olish qobiliyatiga egaligi jihatidan xarizmatik lider sifatida namoyon boʻlmoqda. Unda hokimiyatga intilish motivatsiyasi kuchli. U shaxs va siyosiy rahbar sifatida oʻz partiyasining ishonchini olgan va elektorat ichida koʻplab odamlar simpatiyasini qozona bilgan nomzodlardan biri.
Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Bahrom Abdurahimovich Abduhalimov. Mutaxassisligi filolog-sharqshunos, arab va ingliz tillari oʻqituvchisi. Tarix fanlari doktori, professor. Bahrom Abdurahimovichni biz koʻp yillar fan va taʼlim sohasida faoliyat yuritgan olim sifatida taniymiz. U Markaziy Osiyo tarixi, fan tarixi, islom, sharq qoʻlyozma asarlari, arab davlatlari, arab tili boʻyicha yirik mutaxassis. Bosib oʻtgan hayot va mehnat faoliyatiga eʼtibor bersak, tarjimon, yetakchi mutaxassis, kichik ilmiy xodim, ilmiy xodim, ilmiy kotib, direktor oʻrinbosari, prorektor, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti kabi lavozimlarda faoliyat yuritgan. Shuningdek, mehnat faoliyati mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi lavozimida ham faoliyat yuritgan. Ish faoliyati va qaror qabul qilish jarayonida ham ilmiy asosda yondashadi. Uning ilmiy tadqiqotlarining natijalari 100 ga yaqin ilmiy maqola, risola va monografiyalarda oʻzbek, rus, ingliz va arab tillarida eʼlon qilingan. Jahon tajribasida olimlarning Prezident sifatida davlat boshqaruviga kelgan misollar talaygina. Mashhur olim, yurist, professor, Nobel mukofoti laureati Vudro Vilson AQSHning 28-prezidenti sifatida (1913-1921 yy.) davlatni boshqargan. “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Bahrom Abduhalimovni ilmdan siyosatga kirib kelgan katta tajribali shaxs sifatida taniymiz.
Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Maqsuda Azizovna Vorisova. Hozir Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Deputatlik birlashmalarining ishini muvofiqlashtirish va jamoatchilik qabulxonalari bilan ishlash masalalari boʻyicha raisi oʻrinbosari sifatida samarali faoliyat olib bormoqda. Mehnat faoliyati va bosib oʻtgan yoʻliga nazar tashlaydigan boʻlsak, shifokor-terapevt, oilaviy poliklinika mudiri, Kengash deputati, Senat aʼzosi kabi lavozimlarda ishlagan. U shifokor boʻlgani uchun odamlarning nafaqat jismoniy, fiziologik dardini his qila oladi, balki xalqning ichidagi ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy masalalarga ham chuqur kira olgan va tushunadi. Undagi intiluvchanlik, oʻz ustida doimiy ishlashi shifokor-terapevtlikdan rahbarlikka, rahbarlikdan siyosiy hayotga kirib kelishiga asosiy omil boʻlib xizmat qildi.
Mazkur Prezidentlik saylovida nomzod sifatida yagona ayol kishining mavjud ekani, mamlakatimizda istiqlol yillarida rahbar ayollar sinfi shakllanib kelgani, gender masalalari borasida olib borilayotgan oqilona davlat siyosatining natijasi sifatida eʼtirof etish oʻrinli. Dunyo tarixida mamlakatni boshqargan, lider boʻlgan ayollarga koʻplab misollar mavjud. Indira Gandi, Margaret Tetcher, Benazir Bxutto va boshqalar. Jahon tajribasi bizga shuni koʻrsatadiki, Germaniya Federativ Respublikasi kansleri Angela Merkel ketma-ket 4 muddat federal kansler lavozimiga saylanib, mamlakatni muvaffaqiyatli boshqarayotgan ayol rahbarlardan biridir. Mamlakatimiz tarixida ham oʻchmas iz qoldirgan Toʻmaris, Qurbonjon Dodxoh, Bibixonim, Nodirabegim, Uvaysiy, Zebiniso, Zulfiyaxonim kabi oqila, yetakchi ayollar boʻlgani maʼlum. Maqsuda Azizovna ham Prezidentlik uchun boshqa nomzodlar kabi teng imkoniyatlarga ega. Maqsuda Vorisova mustaqil Oʻzbekiston tarixida birinchi ayol Prezident boʻlsa ne ajab.
Mamlakatimizning eng yosh siyosiy partiyasi Oʻzbekiston ekologik partiyasidan nomzod Narzullo Naimovich Oblomuradov. Mutaxassisligi iqtisodchi, fan nomzodi, dotsent. Buyuk Britaniyaning Birmingem universitetini tamomlagan. Koʻp yillar oliy taʼlim tizimida kafedra mudiri, dekan lavozimlarida faoliyat yuritgan. Bank-moliya sohasi, qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul lavozimlarida ishlagan. Oblomurodov hozirgi kunda Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi raisi lavozimida samarali faoliyat olib bormoqda. Mazkur partiya birinchi marotaba Prezidentlik saylovida oʻz nomzodini ilgari surib ishtirok etayotganiga qaramasdan, saylovoldi dasturida davlat va jamiyat boshqaruvida katta islohotlarni amalga oshirishni oʻz oldiga qoʻymoqda. Uning bosib oʻtgan hayot yoʻliga nazar tashlasak xorijiy tajriba ega boʻlgan, strategik fikrlay oladigan ilmiy va amaliy tajribaga ega boʻlgan oʻsib kelayotgan istiqbolli boshqaruv kadrlaridan biri desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Ushbu maqoladagi ishlatilgan maʼlumotlarni barchasini sizlarga You Tube da Humoyun Mirzo Official kanali blogeri Abdunazarov Humoyunmirzo taqdim etdi. Bizning ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifalarimizga obuna boʻlishni unutmang!