February 8, 2022

Lukashenko Donbassda harbiy harakatlar boshlansa, Belarus armiyasi «Rossiya armiyasidek» harakat qilishini aytdi

Lukashenko: Kiyev Donbassga qarshi urush boshlasa, Minsk Moskva bilan birga javob qaytaradi

© RIA Novosti / Aleksey Kudenko

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko rossiyalik teleboshlovchi Vladimir Solovyovga bergan intervyusida Ukraina «Donbassga qarshi urush boshlasa», Belarus armiyasi xuddi Rossiya armiyasi kabi harakat qilishini ma’lum qildi.

«Agarda ular [Ukraina] bizga yoki Rossiyaga qarshi urush boshlasa, demak, biz ham o‘zimini himoya qilish maqsadida jang qilamiz», — deydi Lukashenko. Donbassga qarshi harbiy harakatlar boshlansa, Belarus armiyasi qanday yo‘l tutishi to‘g‘risidagi aniqlashtiruvchi savolga javoban u shunday degan: «Xuddi Rossiya armiyasidek».

Lukashenko, shuningdek, bu qo‘shma harakatlar bo‘lishini tasdiqlagan. «Biz janubiy chegaralarimizda hazil qilyapmizmi?» — deydi u. Solovyovning Rossiya va Belarus ayni vaqtda kimga qarshi o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazayotgani haqidagi savoliga javoban Lukashenko «kerak bo‘lsa Ukraina va NATOga qarshi bo‘ladi», deya aniqlik kiritgan.

  • Rossiyalik harbiylar yanvar oyi o‘rtalarida Ittifoq davlatining javob qaytarish kuchlarini tekshirish va «Ittifoqchilik jasorati» qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun Belarusga kela boshlagandi, mashg‘ulotlarning ikkinchi bosqichi 10 fevraldan 20 fevralga qadar davom etadi.
  • Conflict Intelligence Team surishtiruv guruhi rossiyalik harbiylar Belarusning mashg‘ulotlar uchun poligonlar yo‘q bo‘lgan hududiga tashlangani, rossiyaliklar texnikasi esa Ukraina chegarasi yaqinidagi lagerda (Chernigov oblasti chegarasidan 40 kilometr, Kiyev oblasti chegarasidan 90 kilometr masofada) turganini aniqlagan.
  • Ikki mamlakatning qo‘shma mashg‘ulotlari G‘arbning Rossiya Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani bo‘yicha xavotirlari fonida o‘tkazilmoqda. 2021 yil kuzida G‘arbdagi siyosatchilar va OAV rossiyalik harbiylar Ukraina chegarasi tomoni surilayotgani haqida bong ura boshladi. Rossiya bostirib kirgan taqdirda, qat’iy sanksiyalarga uchraydi. Moskva shubhalarni rad etadi va Kiyevga hujum qilish niyatida emasligini aytadi.

Humoyun Mirzo Official