April 17, 2020

Ingliz tilida zamonlar

Husniddin Mehmonov

Oʻzbek tilida zamon shunday ifodalanadi. Bular o’tgan zamon, hozirgi zamon va kelasi zamon.


Masalan:

Men kecha kitob o’qidim – o’tgan zamon;
Men hozir kitob o’qiyapman – hozirgi zamon;
Men ertaga kitob o’qiyman – kelasi zamon.
Ingliz tilida esa asosan 16 ta zamon bor. “Nega o’zbek tilida 3 ta zamon, ingliz tilida esa 16 ta zamon bor?”, degan savol paydo bo’lishi mumkin. Sabab shundaki, o’zbek tilidan farqli ravishda, ingliz tilida har bir zamon alohida turlarga bo’linadi. Ya’ni, hozirgi zamon “hozirgi noaniq”, “hozirgi davomli”, “hozirgi tugallangan”, “hozirgi tugallangan davomli” kabi turlarga bo’linadi; O’tgan zamon ham huddi shunday – “o’tgan noaniq”, “o’tgan davomli”, “o’tgan tugallangan” va hokazo turlarga bo’linadi. Mana shu sabab ingliz tilida fe’l zamonlarining soni ko’proq.

Ingliz tilidagi fe’l zamonlarini o’rganishimiz uchun qilishimiz kerak bo’lgan birinchi ish – bu ish-harakatning gapda qaysi vaqtda bajarilayotganligini tushunib olishimiz va farqlashni o’rganishimizdir. Ingliz tilida biror fe’lni qaysidir zamonda tuslashimiz uchun ish-harakat QACHON va QAYSI VAQT ORALIG’IDA sodir etilayotganligiga e’tibor berishimiz kerak: ish-harakat hozir davom etib turibdimi, doim bajariladimi, o’tgan zamonda bajarilib hozir natijasi ko’rinib turibdimi, yoki o’tgan zamondan to hozirga qadar uzluksiz ravishda davom etib kelayaptimi… Xa, bir qarashda bu juda qiyinga o’xshaydi. Ammo ishoning, qancha ko’p mashq qilsangiz, zamonlarni farqlashni shuncha tez va oson o’rganib olasiz.

Quyidagi oddiygina o’zbek tilidagi misolda ingliz tilidagi zamonlarning farqlanishini kuzatishingiz mumkin. E’tibor bering: quyidagi gaplarning hammasi hozir zamonda, faqat hozirgi zamonning bir necha turlarida tuslangan.

Men doim kitob o’qiyman – hozirgi noaniq zamon;
Men hozir kitob o’qiyapman – hozirgi davomli zamon;
Men hozirgina kitobni o’qib tugatdim – hozirgi tugallangan zamon;
Men ertalab soat 8 dan beri kitob o’qiyapman – hozirgi tugallangan davomli zamon.
Ingliz tilidagi zamonlarning har biri alohida-alohida o’rganiladi. Bu darsda Siz, asosiysi, ingliz tilidagi zamon tushunchasini bilim olishingiz, o’zbek tilidan farqli ravishda ingliz tilida har bir zamon bir necha turlarga bo’linishini tushunib olishingiz kerak edi. Agar hammasi tushunarli bo’lsa – keyingi darslarga o’tib, zamonlarning har birini alohida-alohida o’rganishga kirishishingiz mumkin.

Agar zamonlarni birinchi marta o’rganayotgan bo’lsangiz, avval hozirgi zamondan boshlab o’rganishingizni maslahat beraman. Zamon tushunchasi haqida har qanday savolingizni quyida comment sifatida yozib qoldirishingiz mumkin. Albatta javob qaytaraman!

Kanalimizga obuna boʻlishni unutmang!

Biz yoshlar,yoshlar uchun harakatdamiz!

https://t.me/joinchat/AAAAAETtjUo_BHigKHKrfw