Toshkent xalqaro investitsiya forumi 1,2,3 (O`zbekistonga nima beradi) tahlili
Yurtimizda 2022-yil 24-26 -mart kunlari ertalabki soat 8:30 dan kechki 19:30gacha bo`lib o`tgan 1-xalqaro investitsiya forumida dunyoning 56 ta davlatidan 1,5 mingdan ortiq ekspertlar, turli biznes vakillari, ishtirokchilar qatnashgan.
Forum dasturiga ko`ra: " Markaziy Osiyoda savdo oqimlarining transformatsiyasi va ularning kapitallashuvi, transport tizimlarini raqamlashtirish, turizm sektoriga investitsiyalar jalb qilish ufqlari, qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotni ishlab chiqarishni rivojlantirish, bo`lajak avlodlar uchun yashil energiya, savdoni erkinlashtirish va iqtisodiyotning integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish, qurilish va qurilish materiallari sanoati, moliya bozorini raqamlashtirish, to`qimachilik, charm va ipakchilik sanoatining investitsiya salohiyati, Markaziy Osiyoning investitsiya salohiyati, islohotlar oʻtkazishda makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash, moliya bozori bozorni rivojlantirish drayveri sifatida, qishloq xoʻjaligi sanoati uchun yangilangan ishlab chiqarish va yangi bozorlar, transport-logistika infratuzilmasining rivojlanishidagi yangi bosqich mavzularida ishbilarmon nonushtalar, munozaralar va davra suhbatlari o`tkazilgan. Bundan ko`zlangan maqsad O`zbekistonning jadal rivojlanayotgan bozoriga integratsiyalashishdan manfaatdor yirik xorijiy investitsiyalar, moliyaviy-iqtisodiy tashkilotlar va kompaniyalar rahbarlarini jalb etish bo`lgan. Shuningdek, forum quyidagi imkoniyatlarni yaratib berardi: Mamlakat ishbilarmonlik muhitining yangi tendensiyalarini o`rganish, O`zbekiston tadbirkorlarining keyingi avlodini shakllantirish va rivojlantirishda faol ishtirok etishga ko`maklashish, mintaqaviy tashabbuslar, shu jumladan Yevrosiyo savdo yo`llari infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari asosida logistika infratuzilmasini keng ko`lamli qurishdan foyda keltiradigan aniq loyihalarni aniqlash va amalga oshirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish davlat dasturi haqida to`liq tasavvurga ega boʻlish, asosiy to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish loyihalari va xususiylashtirish chora-tadbirlarini chuqurlashtirish, mamlakatning va qo`shni mintaqalarning biznes vakillari, moliyaviy va hukumat tuzilmalari bilan aloqalarni o`rnatish, Markaziy Osiyo bozorlariga kirish uchun boshlang`ich nuqtaga aylanish. Bu forumda umumiy qiymati 7,8 mlrd $ lik shartnomalar va sarmoyaviy bitimlar to`plami imzolangan hamda 3,5 mlrd $lik loyihalarni amalga oshirish bo`yicha dastlabki kelishuvlarga erishilgan.
2023-yil 27-28 - aprel kunlari bo`lib o`tgan 2- xalqaro investitsiya forumida 70 davlatdan 2,5 mingga yaqin biznes va moliya sohasi, xalqaro moliya institutlari vakillari ishtirok etgan.
Forumda prezidentimiz nutqida 1- forumdagi kelishuvlarni natijalarini va shu kelishuvlarning aksariyat qismini, jumladan, yashil iqtisodiyot, transport, qishloq xo`jaligi sohasidagi loyihalarni qayta moliyalashtirish haqida so`zlagan. Bundan tashqari, qonunchilikda qilingan o`zgarishlar, mulkchilik shakllarida xususiy, davlat-xususiy sherikchilikka qaratilayotgan e'tibor, energetika sohasi, soliq sohasida investorlar uchun qilingan imtiyozlar, litsenziya va ruxsat berishga oid bekor qilingan hujjatlar haqida ham so`zlagan. Jahon iqtisodiyotining retsessiya ehtimollari, zamonaviy monetar siyosat, savdoni moliyalashtirish infratuzilmasini rivojlantirish, iqtisodiyotni raqamlashtirish, transport va muqobil energetikaga investitsiya kiritish mavzulari muhokama qilingan. Investorlar uchun zarur bo`lgan 7000dan ziyod xom-ashyo va materiallarga bojxona bojlari bekor qilingan, byurokratiyani kamaytirish uchun vazirliklar soni 61tadan 28taga qisqartirilgan, chet ellik investor kelib- ketishlari, ko`chmas mulk sotib olishlari va yashashlari uchun huquqlar yengillashtirilgan.
2024-yil 2-3- may kunlari 3-xalqaro investitsiya forumida 84 ta davlatdan 2500 dan ortiq kishi qatnashgan.
Forumda axborot texnologiyalari, ta'lim, sog`liqni saqlash, ko`chmas mulk, qayta ishlab chiqariluvchi energiya, yashil iqtisodiyot, tog`-kon metallurgiya sanoati, turizm kabi sohalarga investitsiya jalb qilish haqida davra suhbatlari o`tkazildi. Bu forumda asosiy e'tibor oldingi forumlardagi erishilgan kelishuvlar natijalari va ularni davom ettirish bo`yicha yana yangi kelishuvlar imzolashga qaratildi.
O`ylashimcha, bu forumlarning tashkil qilinishi O`zbekistonni ochiq va keng tarmoqli iqtisodiyotini yanada rivojlantirish uchun chet ellik yirik investorlarga ichki bozor haqida ma'lumot berish, bu bilan yurtimizdagi yuqorida ta'kidlab o`tilgan sohalarini rivojlantirishga erishish maqsadi qilingan. Misol uchun, qo`shilgan qiymat solig`ining 20 %dan 12 %ga tushirilishi, chet ellik investorlarning dividenddan olinadigan daromad solig`ining 20% dan 12% ga tushurilishi, 3 yilgacha soliqdan ozod qilinishi, 7000 dan ziyod xom-ashyo materillarga bojlar bekor qilinishi albatta xorijiy investorlar uchun qulay va jozibador investitsiya muhitini yaratadi. Shuni qo`shimcha qilishim mumkinki ularning huquqlarini himoya qilish ham qonunan belgilandi. Bu harakatlardan biz ham manfaatdormiz, negaki, xorijiy investorlarning mamlakatimiz hududida korxonalar ochishi o`z navbatida yurtimizdagi ish bilan bandlikni oshiradi, qayd etishim kerakki, 1-forumdan keyin ish bilan bandlar soni qariyb 100 mingga oshgan. Lekin bular meni fikrimcha 2-darajali maqsadlar bo`lsa kerak, sababi hech kimga sir emaski, O`zbekiston "Jahon savdo tashkiloti"ga a'zo bo`lishga harakat qilyapti. Buni natijasida, shu kabi qonunchilikdagi o`zgarishlar, investitsion muhitni yaxshilashga qilingan chora-tadbirlar, boshqa davlat iqtisodiyotining yirik namoyondalari bilan qilinayotgan kelishuvlarni hammasini namoyish qilish ko`rgazmasi vazifasini mana shu forumlar bajarib beradi. Bunday tadbirlar, albatta, JSTga a'zo bo`lish uchun tashlanayotgan katta qadamlar deb hisoblayman.