U23 OSIYO CHEMPIONАTI
Osiyo kubogi U-23 chorakfinali doirasidagi O‘zbekiston olimpiya jamoasi va Iroq o‘rtasidagi uchrashuv yakuniga yetdi.
Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida 32 700 nafar tomoshabin qarshisida o‘tgan shiddatli va murosasiz bahs kutilmagan ssenariy ostida boshlandi.
12-daqiqadayoq darvozabon Abduvohid Ne’matov o‘z jarima maydoni ichida oddiy vaziyatda iroqlik futbolchini tirsagi bilan urib, yiqitgach vaziyatga VAR aralashdi.
Oqibatda saudiya arabistonilik bosh hakam darvozabonni chetlatib, penalti belgiladi. Ramazon Juma 11 metrlik nuqtada adashmadi – 0:1.
Temur Kapadze shogirdlari 10 kishi bo‘lib qolganiga qaramay, 45+5-daqiqaga kelib penaltidan hisobni tenglashtirishdi. Hojimat Erkinovga nisbatan ishlatilgan qo‘pollikdan so‘ng belgilangan 11 metrlik jarima zarbasini Jasur Jaloliddinov golga aylantirdi – 1:1.
Ikkinchi bo‘limning 50-daqiqasida vakillarimiz stadionni larzaga keltirishdi. Qarshi hujumda Norchayev va Erkinov kombinatsiyasidan keyin raqib o‘yinchisi avtogol muallifi bo‘ldi – 2:1.
Biroq olimpiyachilarimizning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. 68-daqiqada Ammar G‘olib chap qanotdan hujumga o‘tib, Vladimir Nazarov darvozasini ishg‘ol etdi – 2:2.
Bu esa yakunda jamoalarning qo‘shimcha bo‘limlarni o‘tkazishiga olib keldi. Ammo qo‘shimcha ikki 15 daqiqalik taymlarda ham g‘olib aniqlanmagach, jamoalar penaltilar seriyasiga taklif etildi.
Darvozabon Vladimir Nazarov iroqlik futbolchilarning bitta zarbasini qaytargan bo‘lsa, ikki zarbani yo‘llashda esa raqiblar xatoga yo‘l qo‘yishdi va yakunda O‘zbekiston yarimfinalga yo‘llanma oldi – 3:2