Mustaqillik kuniga bagʻishlangan “Yangi nafas” xalqaro ommaviy yugurish musobaqasi
O‘zbekiston bo‘ylab Markaziy Osiyodagi eng katta marafonlardan biri –“Yangi Nafas” xalqaro ommaviy yugurish musobaqasi 3-sentabr kuni bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Transport tizimlari boshqaruvi fakultetining bir qator talabalari ishtirok etdilar.
O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasida press-anjuman o‘tkazilgan bo‘lib, unda kelgusi ommaviy yugurish musobaqasiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.
“Yangi Nafas” yugurish musobaqasining rasmiy shiori – “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” mamlakatimizning 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan har bir fuqarosini birlashtirgan holda, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini nishonlash jarayonidagi kayfiyat va umumiy muhitni yanada aniqroq aks ettiradi.
Ta’kidlash joizki, an’anaviy tarzda muhim davlat sanalari va xalqaro sport tadbirlariga bag‘ishlab tashkil etilayotgan “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2019-2023-yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasi” to‘g‘risidagi qarori doirasida mamlakatda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish hamda aholini faol turmush tarziga jalb etish maqsadida qabul qilingan keng ko‘lamli davlat dasturining ijrosiga yaqqol misol bo‘la oladi.