June 10, 2025

Another life

Another life 2Bob

Soat tungi 3 lar atrofida edi. Yeonhee charchoqdan zo‘rg‘a oyoqda turar, lekin yuragida Nabi xonim aytgan so‘zlar yuragini junbishga keltirgan — bu safar sukut qilmaslikka qaror qilgandi.

Eshikni ochdi. Uy ichida bir zum jimlik hukm surdi. Faqatgina Hyunwoo devanda yolg‘iz o‘tirar, qo‘lida arzon aroq shishasi, barmoqlarida so‘nib borayotgan sigaret titrab turardi. Ko‘zlari qizarib, mast edi.

Yeonhee unga biror so‘z demasdan, befarq qadamlar bilan yotoqxonaga kirib ketdi. U chamadonini olib, ichiga o‘zi va Sojun uchun kerakli kiyim-bosh, hujjatlar va birozgina pullarni joylashtira boshladi.

To‘satdan Hyunwoo orqasidan kirib keldi.

— “Nima qilyapsan?” — dedi u dimog‘ bilan.

Yeonhee uning tarafiga hatto qarab ham qo‘ymadi.

— “Ketyapman,” — dedi sokin, lekin qat’iy ohangda.

Hyunwoo chamadonni tortib to‘xtatmoqchi bo‘ldi:

— “Sen bu uydan hech qayerga ketmaysan!”

Yeonhee to‘xtadi. Ko‘zlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri uning ko‘zlariga qaradi. So‘ng birinchi marta yuragidagi butun yillar davomida yig‘ilib qolgan og‘riq, alam va g‘azabni chiqarib baqirdi:

— “Sen meni yo‘q qilding, Hyunwoo! Meni odamdek ko‘rmading! Tuni bilan ishladim, bolam uchun jonimni berdim, sen-chi?! Sen ko‘chalarda ayollar bilan yurib, ichib, uyni zaharga aylantirding!”

Hyunwoo bir qadam orqaga chekindi. Bu ayol endi avvalgidek ojiz emasdi.

— “Endi yetar! Men Sojun bilan yangi hayot boshlayman. Bu uy seniki bo‘lsin, bu zulm seniki bo‘lsin. Men erkinlikni tanlayman!”

Yeonhee chamadonini mahkam yopdi, Sojunning sumkasini olib, yana bir bor xonani ko‘zdan kechirdi. So‘ng, ortiga qayrilmasdan chiqib ketdi.

Yeonhee yotoqxonadan chiqib, bolalar xonasiga kirdi. Kichkina Sojun hali ham chuqur uxlardi, go‘yo tashqaridagi shovqin, og‘riq va zo‘ravonliklar unga yetib bormaganday.

Yeonhee asta yoniga cho‘kdi, yuzidan muloyim silab, asta uyg‘otdi:

— “Sojun… bolam, tur… biz ketamiz...”

Sojun ko‘zlarini ishqalay ko‘tarildi.

— “Qayerga, onajon?” — dedi u charchoq va hayrat aralash ovozda.

Yeonhee kulimsirab, uning yuzidan o‘pdi:

— “Yangi joyga. Bu yerdan ko‘ra chiroyliroq, osoyishta, sen orzu qilgan maktab bor joyga.”

Sojun bosh irg‘adi, onasiga ishonardi. Yeonhee uni kiyintirdi, kichik sumkasini olib berdi.

Ular eshikka yaqinlashayotganida Hyunwoo yana oldilariga chiqdi. Ko‘zlarida alam, pushaymonlik aralash edi. U ilk marta chin dildan gapirdi:

— “Iltimos, ketma. Men… men xato qildim. O‘sha qiz… ahmoqlik edi. Men seni… Sojunni sevaman.”

Yeonhee to‘xtadi. Uzoq yillar kutgan so‘zlar edi, lekin juda kech aytilgan. U Hyunwoo tomon bir qaradi — ko‘zlarida endi na muhabbat, na kutish bor edi. Faqat hozirgi bor haqiqat: bolasi uchun yangi hayot.

— “Kech bo‘ldi, Hyunwoo. Men seni kechirdim, lekin qaytmayman.”

U Sojunning qo‘lidan tutdi va orqasiga qaramasdan eshikni ochdi.

Sokin tun ichida ona va o‘g‘il qadamlari ketayotgan edi — yangi hayot sari, yangi umidlar sari...

Tong saharlab shahar hali uyg‘onmayotgan vaqtda qora rangli avtomobil shaharning chetidagi qabriston yo‘liga burildi. Ichkarida mashhur sportchi Seohyun sukutda, jiddiy nigohlar bilan oynadan tashqariga termilib o‘tirardi. Uning yonida esa haydovchisi va menajeri Seowoon mashinani jimlikda boshqarardi.

Seowoon sekin so‘z ochdi:

— “Bugun aynan o‘sha kunmi, Seohyun-ssi?”

Seohyun bir muddat indamay turdi. So‘ng, chuqur nafas olib javob berdi:

— “Ha... bugun biz u bilan ilk bor uchrashganimizga 10 yil bo‘ldi.”

Mashina qabriston oldida to‘xtadi. Seohyun jimlikda tushdi. Qo‘lida kichik guldasta — Sejinning eng sevimli gullari, oq freziya. Qadamlarini sust tashlab, tanish bir qabr tomon yurdi.

Qorong‘u, ammo toza qabr toshida birgina ism: "Han Sejin". Quyida esa kichik so‘zlar: "Sevgi tugamaydi, u yurakda yashaydi."

Seohyun tiz cho‘kib, gullarni qo‘ydi. Qo‘llarini birlashtirib, boshini egdi.

— “Sejin-ah... men seni har kuni eslayman. Nayoon katta bo‘lyapti. Ko‘zing tirik bo‘lganda, qanday yaxshi ona bo‘larding. U senga juda o‘xshaydi… fe’lida ham, nigohida ham. Men har safar unga qaraganimda, seni ko‘raman.”

Ko‘zlari jimjimador emas, lekin yuragi so‘zsiz yig‘lardi.

Seowoon uzoqda turib bu manzarani kuzatardi. Seohyun hech qachon yig‘lamasdi, lekin bu yerda... u boshqa edi.

— “Senga va’dam bor edi, to‘g‘rimi? Nayoon hech qachon yolg‘iz qolmaydi. Men uni ham onasi, ham otasi sifatida tarbiyalayman. Bu — mening eng muqaddas jangim.”

Shamol sekin yelkalardan o‘tdi. Qabriston sukut ichida guvoh edi — bir odamning bitmagan muhabbatiga, so‘nmagan iztirobiga.

Seohyun so‘nggi marta qabrga qaradi:

— “Men yana kelaman. Har doimgidek.”

So‘ng o‘rnidan turdi. Seowoon unga mashina eshigini ochdi. Har ikki erkak yana shahar tomon yo‘l oldi — biri professionallik niqobi ostida yashirin og‘riq bilan, ikkinchisi esa do‘stining og‘ir yukini sukutda ko‘tarib keti

Aftobus shahar tashqarisiga, baland binolar asta orqada qolayotgan tomonga yo‘l olar edi. Deraza yonida Yeonhee o‘tirar, yonida esa ko‘zlari yumilib ketgan kichkina Sojun. Uning mayin qo‘llari onasining yengini mahkam ushlab yotar, go‘yo "yo‘qolib qolmang" deganday.

Yeonhee deraza ortidagi ko‘chalarni kuzatib, fikrlar girdobiga tushib ketdi.

...U maktab yillarini esladi. O‘sha beg‘ubor davrlarni, ilk muhabbatini — Hyunwoo. U har doim sinfda eng quvnoq, hammaga yoqimli va o‘zini ayamas yigit edi. Dastlabki tanishuv, sovuq qishda birgalikda issiq choy ichganlari, ilk marta qo‘l ushlashganlari... Hammasi xuddi orzu kabi edi.

Yeonhee yuragini bosib, chuqur xo‘rsindi.

— "Men seni yaxshi ko‘rgandim… lekin muhabbat ba'zida yetarli emas ekan. Turmush — bu faqat tuyg‘ular emas. Bu — mas'uliyat, sabr, fidokorlik. Men yolg‘iz kurashdim... bolam bilan..."

Yana ko‘zlari yoshga to‘ldi. O‘tgan yillarni eslab yuragi yana og‘ridi.

Sojun asta ko‘zlarini ochdi:

— “Onajon… biz qayerga ketayapmiz?”

Yeonhee tabassum qilishga harakat qildi, ko‘z yoshlarini artib:

— “Yangi joyga, bolam. Yangi hayot boshlaymiz. Yaxshi odamlar bilan yashaymiz. Sen maktabga borasan, men esa ishga. Endi hech kim bizni xafa qilmaydi.”

Sojun sekingina bosh irg‘adi, onasiga ishonardi.

Aftobus uzoqqa, umidli yo‘lga qarab harakatlanar, Yeonhee o‘z ichida so‘nggi marta ortga qarardi — yuragi og‘riq bilan to‘lsa ham, endi qaror qat’iy edi.

Yeonhee va Sojun shahar tashqarisidagi kichikroq, ammo go‘zal manzilga yetib kelishdi. Avtobusdan tushib, Yeonhee qo‘lidagi qog‘ozdagi manzilga qaradi, atrofga razm soldi. Qishloq chekkasidagi bir qavatli, atrofi gulzor bilan o‘ralgan kichik do‘kon ko‘zga tashlanardi. Do‘kon peshtoqida yozuv:
“Yunmin Gul Uyi – Go‘zallik hayotdan boshlanadi”.

Yeonhee tortinchoqlik bilan eshikni ochdi. Ichkarida rang-barang gullar, salqin havo, va sekin-sekin eshitilayotgan musiqa hukmron edi.

— “Salom~! Kim keldi, ko‘raychi?” — dedi orqa tarafdan chiqib kelgan ayol. O‘rta yoshdagi, quvnoq ko‘zlari kulib turgan, sochlari chiroyli yig‘ilgan ayol ularning yoniga yaqinlashdi.

— “Siz... Yunmin xonimmisiz?” — so‘radi Yeonhee asta.

— “O‘ziyam o‘zim! Demak, sen Nabi opamning gapirgan jigarbandi bo‘lasan! Xush kelibsan! Bu kichkina yigitcha esa Sojun bo‘lsa kerak-a?” — deya egilib Sojunning yelkasiga yumshoq tegdi.
Sojun biroz tortinib, lekin qiziqish bilan ko‘z qirini qildi.

— “Men Yunmin halangman, seni juda ko‘rishni xohlagandim. Juda chiroyli bolajonsan!”

Yunmin ularni do‘kondagi kichik orqa xonaga yetakladi. Bu yer yashash uchun mo‘ljallangan edi – kichik yotoq, parda bilan ajratilgan xona, kichik stol, deraza yonida esa gullar to‘plami.

— “Bu xona endilikda sizniki. Juda ko‘p narsa yo‘q, lekin yuragimdan joy berdim. O‘z uylaringizday bo‘linglar.”

Yeonhee ko‘zlari namlanib, asta bosh irg‘adi:

— “Yunmin xonim... men bu uchun qanday minnatdorchilik bildirishni bilmayapman…”

— “Yig‘lama qizim, bu yerda faqat tabassum qilishga ruxsat bor. Seni Nabi opa menga ishonib topshirdi. Endi sen bizning oilamizdansan. Sen menga do‘konda yordam berasan, Sojun esa bog‘dagi bolalar bilan o‘ynaydi. Hammasi yaxshi bo‘ladi.”

Sojun deraza yonidagi gullarga mahliyo bo‘lib qarardi. Yeonhee esa yuragidagi og‘irlikka qaramay, uzoq yillardan beri ilk bor yengillik his qildi — ilk bora kimdir unga "sen yolg‘iz emassan" degandek edi.