Muzqaymoqning vatani qayer?
Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, muzqaymoqni kim o‘ylab topgan ekan-a? Kim bo‘lsa ham, zo‘r ish qilgan ekan-da, o‘ziyam. Ammo saratonda yangi uzilgan mevalarni muz yoki qor bilan aralashtirib iste’mol qilish birinchi bo‘lib kimning hayoliga kelgani hanuzgacha noma’lum. Xitoyliklar ham, Qadimgi misrliklar ham, forslar ham bu ajoyib ne’matning o‘ziga xos variantlarini yaratishgan.
Arablar dastlab asal yoki shakar qiyomini qor bilan aralashtirishgan, keyinchalik meva sharbatini qo‘shishgan. Shu tariqa dastlabki sharbatlar paydo bo‘lgan. Italiya janubida yashaydigan aholi esa jaziramada salqin shirinlik va ichimliklar tayyorlashni arablardan o‘rganishgan. Sitsiliyada hozir ham yoz oylarida maydalangan muz va meva sharbati aralashmasi – granit tayyorlashadi.
Muz va mevadan tashqari ko‘pirtirilgan sut, qaymoq va tuxum sarig‘ini qo‘shib, qaymoqli muzqaymoq tayyorlash usuli esa XVI asrlarga kelib paydo bo‘lgan. U Florensiyada, o‘sha vaqtlarda shaharni boshqargan Medichilar saroyida ixtiro qilingan, degan taxminlar bor. Lorenso Medichining qizi Yekaterina Medichi fransuz qiroliga turmushga chiqqanidan keyin o‘zi bilan bu antiqa shirinlikni tayyorlovchi oshpazni ham olib ketgan. Qaymoqli muzqaymoq tayyorlash siri uzoq vaqtgacha maxfiy saqlangan. Oradan bir necha 10 yillar o‘tganidan so‘ng Yekaterina Medichining nevarasi ingliz qiroli Karl I’ga turmushga chiqqach, ingliz saroyida ham muzqaymoq tayyorlanadigan bo‘lgan.
Uni tayyorlash usuli pazandalikka oid kitoblarda ilk bor XVIII asr boshlarida aks eta boshlagan. Misol uchun, fransiyada nashr etilgan L’Art de Faire des Glaces (“Muzqaymoq tayyorlash san’ati”) kitobini aytish mumkin. Xuddi o‘sha davrda Yevropada zodagonlarni muzqaymoqning turli xillarini tatib ko‘rishga taklif qiladigan ilk kafelar ochila boshlangan. O‘sha davrlarda bu ajoyib shirinlikni tayyorlash katta vaqt va mashaqqatli mehnatni talab qilgani uchun bahosi juda qimmat edi. Muzqaymoqqa qo‘shiladigan birgina massani ko‘pirtirish uchun deyarli bir soat to‘xtovsiz harakat qilish talab etilgan.
100 yillar o‘tib, Nensi Jonson muzqaymoq tayyorlovchi birinchi uskunasiga patent olganidan keyin, vaziyat bir muncha o‘zgardi. 1851-yilda Jeykob Fassel qaymoqni ko‘pirtiruvchi va muzlatuvchi mashina yaratdi. XIX asrning ikkinchi yarmida Fransiyada plombir ixtiro qilinadi. Neapolda, ispan saroyida bir taqsimchaga muzqaymoqning bir necha turini qo‘yib, dasturxonga tortish urfga kiradi. Muzqaymoq tortishning bu usuli hali hamon neapolitancha deb ataladi.
Hammamiz yoqtiradigan vaflili muzqaymoq esa o‘tgan asr boshlarida urfga kirgan. Muzqaymoqni vaflidan yasalgan konus – shoxchalarga solib sotish g‘oyasi Agness Marshallning 1888-yilda nashr etilgan pazandalikka oid kitobida keltirilgan. Hozirga kelib esa muzqaymoqlarning juda ko‘plab turlari bor.
Jaziramada muzqaymoqdan bahramand bo‘lish naqadar maza, to‘g‘rimi? Nima bo‘lganda ham me’yordan oshirib yubormang. Aks holda, yoz kunlarida shamollab qolishingiz hech gap emas!