June 16, 2020

Apple bolalarni o‘yinga tobe qilib qo‘yishda ayblanmoqda: Muammo nimada?

O‘yinlar va ilovalardagi “lutboks”lar tufayli Apple’ni sudga berishdi. Bu xaridorlarga tasodifiy raqamli mukofotlarni qo‘lga kiritish imkonini beruvchi, o‘yin ichidagi xaridlarni o‘z ichiga oluvchi maxsus monetizatsiya mexanizmidir.

Da’vo AQShning Kaliforniya shtatidagi shimoliy okrug sudiga berildi. Hujjatda aytilishicha, Apple ishlab chiqaruvchilarga App Store loyihalarida “lutboks”larni joylashtirish orqali bolalarda tobelik yoki qimor o‘yinlariga bo‘lgan moyillik targ‘ibotchisiga aylanyapti. Da’voda Apple bolalarda tobelik paydo qilish orqali kompaniyaga katta foyda keltiryapti. So‘nggi to‘rt yil ichida bu kabi o‘yinlar bepul tarqatilayotganiga qaramay milliard dollarlar keltirganligi aytilmoqda.

“Lutboks” o‘yin ichidagi xaridlar bo‘lib, foydalanuvchiga turli qiymatga ega bonuslar, kostyumlar, qurollar va shunga o‘xshash maxsus buyumlarni qo‘lga kiritish imkonini beradi. Ushbu mexanizmni oldindan qanday bo‘lishini aytib bo‘lmaydi, negaki, har bir mukofotli bonus tasodifiy holatda beriladi. Aynan mana shu sabab bu narsa bolalarda o‘yinga tobelik chaqiradi. “Tishlangan olma” esa bu borada asosiy o‘rinni egallaydi, chunki kompaniya komissiyaga barcha o‘yindagi ichki xaridlar uchun pul to‘laydi va ishlab chiqaruvchilarga katta miqdorda foyda keltiradi.

Murojaatda aytilishicha, bir bola Brawl Stars o‘yinidagi mukofotli “lutboks”larni olaman deb 25 dollar sarflab qo‘ygan. Bunday zararli o‘yinlar ro‘yxatida App Store’dagi eng mashhur Mario Kart Tour, FIFA va Roblox deb ataluvchi o‘yinlar ham o‘rin egallagan. Da’vogarlarning aytishicha, bunday zararli “lutboks”larni tarqatish orqali Apple Kaliforniya shtati qonunlarini buzmoqda.