February 16

Ingliz tilshunosligi kafedrasida "Kelajak soati – Ma’rifat darsi"

2026-yil 16-fevral kuni Ingliz tilshunosligi kafedrasi o‘qituvchisi Baxronova M.A. tomonidan 11-7,8ing-25 hamda 11-8,9ing-24 guruhlari talabalari ishtirokida “Kelajak soati – Ma’rifat darsi” doirasida “Halollik vaksinasi” mavzusida navbatdagi ma’rifiy mashg‘ulot o‘tkazildi.

Mazkur darsning asosiy maqsadi yoshlar ongida halollik, vijdon, mas’uliyat va adolat kabi yuksak insoniy fazilatlarni mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirish hamda sog‘lom ma’naviy muhitni rivojlantirishdan iborat bo‘ldi. Mashg‘ulot davomida halollik tushunchasining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, shaxs kamolotidagi ahamiyati va uning kundalik hayotdagi amaliy ko‘rinishlari haqida atroflicha fikr almashildi.

Dars jarayonida talabalarga halollik — nafaqat shaxsiy fazilat, balki jamiyat barqarorligi va taraqqiyotining muhim omili ekani, “halollik vaksinasi” esa yoshlarning ma’naviy immunitetini kuchaytiruvchi tushuncha sifatida izohlandi. Shuningdek, halol mehnat qilish, adolatli qaror qabul qilish, akademik halollikka rioya etish va ijtimoiy mas’uliyatni his etish kabi masalalar muhokama markazida bo‘ldi.

Ma’rifat darsi interfaol usullar asosida tashkil etilib, talabalarning mavzu yuzasidan fikr-mulohazalari, hayotiy misollar va muhokamalar orqali yanada boyitildi. Ayniqsa, bugungi globallashuv davrida yoshlarning mustahkam ma’naviy pozitsiyaga ega bo‘lishi, halollik va poklik tamoyillariga sodiq qolishi zarurligi alohida ta’kidlandi.

Tadbir yakunida talabalarga halollik, vatanparvarlik va yuksak axloqiy qadriyatlarga amal qilish har bir yetuk shaxsning ajralmas belgisi ekani uqtirilib, ularni kelajakda mas’uliyatli, halol va fidoyi mutaxassis bo‘lib yetishishga da’vat etildi.