Buxoro davlat universiteti Xorijiy tillar fakulteti Ingliz tilshunosligi kafedrasida mustaqil tadqiqotchilar va tayanch doktorantlarning 2026-yil II chorak yakunlari bo‘yicha monitoring o‘tkazildi
2026-yil 22-iyun kuni Buxoro davlat universiteti Xorijiy tillar fakulteti Ingliz tilshunosligi kafedrasida kafedraga biriktirilgan mustaqil tadqiqotchilar va tayanch doktorantlarning 2026-yil II chorak (aprel–iyun) davomida amalga oshirgan ilmiy-tadqiqot faoliyati yuzasidan monitoring yig‘ilishi o‘tkazildi. Monitoring yig‘ilishida kafedra mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Rasulov Zubaydullo Izomovich, ilmiy tadqiqot va innovatsiyalar bo‘yicha mas’ul dotsent, PhD Shukurova Madina Askarovna, PhD, o‘qituvchi Xayrullayeva Nigora, PhD, o‘qituvchi Naimova Aziza, kafedra o‘qituvchilari Soliyeva Munavvar va Barnoyeva Madina hamda tayanch doktorant Jumayeva Ozoda ishtirok etdilar. Yig‘ilish davomida kafedraga biriktirilgan 25 nafar mustaqil tadqiqotchi va 21 nafar tayanch doktorantning II chorak davomida olib borgan ilmiy izlanishlari, dissertatsiya ishlari, ilmiy maqolalari, tezislari, ilmiy seminar va konferensiyalardagi ishtiroki yuzasidan hisobotlari tinglandi hamda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.
Ilmiy tadqiqot va innovatsiyalar bo‘yicha mas’ul dotsent, PhD Shukurova Madina Askarovna so‘zga chiqib, mustaqil tadqiqotchilar va tayanch doktorantlar tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy ishlar muntazam nazorat qilinayotgani, ilmiy izlanishlarni sifatli olib borish, dissertatsiya ishlarini o‘z vaqtida yakunlash, ilmiy maqolalar soni va sifatini oshirish, xalqaro ilmiy bazalarda indekslanuvchi jurnallarda maqolalar nashr ettirish bo‘yicha zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berib borilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u barcha tadqiqotchilarni ilmiy faollikni yanada oshirishga chaqirdi. Jumladan, II bosqich mustaqil tadqiqotchi Fayzullayeva Nigina Sur’at qizi dissertatsiyasining “Zamonaviy Amerika va o‘zbek detektiv nasrida psixologik realizm” nomli ikkinchi bobini yakunlagani haqida ma’lumot berdi. III bosqich tayanch doktoranti Jumayeva Ozoda Ilhomjonovna dissertatsiya ishining barcha boblarini yakunlab, ilmiy rahbar tavsiyalari asosida avtoreferat tayyorlagani hamda kafedra muhokamasidan muvaffaqiyatli o‘tganini ta’kidladi. Shuningdek, II bosqich tayanch doktoranti Razoqova Kumushxon Sadriddinovna tomonidan ilmiy mavzu doirasida mahalliy va xorijiy manbalar o‘rganilgani, ilmiy maqolalar va tezislar chop etilgani hamda ilmiy seminar va konferensiyalarda faol ishtirok etilgani qayd etildi.
Mustaqil tadqiqotchi Nazarova Navbahor Ahrorovna dissertatsiya ishi yuzasidan amalga oshirilgan ilmiy izlanishlari, jumladan, ilmiy manbalar tahlili, bibliografik bazani shakllantirish, empirik materiallarni yig‘ish hamda ilmiy maqola va tezislar tayyorlash bo‘yicha bajarilgan ishlar haqida hisobot berdi.
Monitoring yakunida kafedra mudiri professor Zubaydullo Izomovich Rasulov tomonidan mustaqil tadqiqotchilar va tayanch doktorantlarning II chorak davomida amalga oshirgan ilmiy faoliyati ijobiy baholanib, kelgusi chorakda dissertatsiya ishlari sifatini yanada oshirish, ilmiy maqolalar nashri va xalqaro ilmiy hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. Mazkur monitoring kafedrada olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, mustaqil tadqiqotchilar va tayanch doktorantlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish hamda ilmiy faoliyat sifatini yuksaltirishga xizmat qiladi.