“Moyli tepa” sirlari. Professionallik va texnologik yechimlar
Geologik qidiruv ishlari sohasi ham zamon zayliga moslashgan holda o‘zgarib bormoqda. Bu sohada ham dadil, mas’uliyatli, epchil insonlar faoliyat yuritadi. Ba’zi geologlar qog‘ozlar bilan o‘ralashib, ofislardan tashqariga bosh suqmaydigan bo‘lib qolgan. Chunki to‘plangan ma’lumotlarni qayta ishlash, o‘rganish ishlariga ba’zan yillab vaqt talab etiladi.
Buning sababi shundaki, konlarni ochish maqsadida yangi istiqbolli tuzilmalarni aniqlash uchun, birinchi navbatda, muqaddam olib borilgan qidiruv ishlariga asoslangan birlamchi geologik va geofizik ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish zarur. Bunday tadqiqotlardan bevosita foyda yo‘q. Bu shunchaki ma’lumotlar to‘plami bo‘lib, ularni talqin qilish orqali kelajakda kichikroq joylarda qanday o‘lchovlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflarni kiritsa bo‘ladi. Bunday miqyosdagi tadqiqotlar falon nuqtada quduq qazib, neft olamiz, deyishga imkon bermaydi. Ammo bu bajarilishi shart bo‘lgan ishlar. Ularning natijasida, masalan, 500 km.ga 500 km bo‘lgan yerning shartli bo‘lagi aniqlanadi. Aynan shu bo‘lakda konlarni qidirish uchun kuchlarni jamlash kerakligi oydinlashadi. Bizning holatda esa hamkasblarimiz tomonidan ishchi nomi “Moyli tepa” deb qo‘yilgan maydon ana shunday yer bo‘lagiga aylandi. Darhaqiqat, istiqbolli deb topilgan “Moyli tepa” hududi ma’muriy jihatdan Farg‘ona viloyatining Quva tumaniga tegishli.
Geologlarimizni bu yerga nima olib keldi?
Mazkur bo‘lak izlanishlar olib borilayotgan hududning mavjud topografik xaritalarini o‘rgangan holda, dala sharoitida relefni vizual tekshirish yo‘li bilan aniqlandi. Ushbu hududni o‘rganish bo‘yicha tavsiyanoma muallifi — Geologiya-qidiruv ishlari axborot-tahliliy departamenti boshlig‘i Ibragim Toshpo‘latovich Boyqobilov bo‘lib, u mahalliy geologiya fanining shamchirog‘i. prognozlashtirishning klassik va geodinamik usullari sinteziga tayangan holda ish olib boradi. Albatta, uning yelkalari ortida ulkan tajriba mavjud hamda u geologiyaga oid ko‘p sonli kitoblarni mutolaa qilgan.
Ushbu hududning geologik xususiyatlari haqida Ibrohim Toshpo‘latovich Boyqobilov bizga zavq-shavq bilan so‘zlab berdi: “Gap shundaki, ushbu hudud perm-trias, yura, paleogen mahsuldor gorizontlarining ustki qismi kesimlarida sanoat kashfiyotlariga ega bo‘lgan “G‘arbiy Palvontosh” hamda tegishli ravishda bo‘r, paleogen qatlamlarga ega “Sharqiy Avval” hamda “Markaziy Avval” konlari orasida joylashgan. Bir-biriga yaqin bo‘lgan konlar tektonik blokning bir chizig‘ida turadi. Yuqorida qayd etilgan konlarning tuzilmaviy inshootlari va Moylitepa hududi, fatsial-paleogeografik, geokimyoviy shart-sharoitlari hamda kesimning litologik xususiyatlari bir-biriga juda o‘xshash. Bu esa paleozoy qatlamlarni ustki hosildor gorizontlarini ochish uchun 2500 m loyihaviy chuqurlikda burg‘ilash zarurligi, shuningdek, yaqin joylashgan ushbu konlardagi permo-trias, yura qatlamlarida gaz va kondensat mavjudligidan darak beradi!”
3D modellashtirish va dasturiy yechimlar
Keyin seysmik tadqiqotchilar Baxriddin va Yusupjon Beshimovlar A.K.Karimov hamda Ibrohim Toshpo‘latovich Boyqobilovlar rahbarligida XVIII gorizont yuzasi bo‘ylab tuzilmaviy xaritani hamda hududning geologik modelini tuzdilar. “PETREL” zamonaviy dasturiy yechimidan foydalangan holda, mavjud seysmik izlanishlar ma’lumotlari tahlil qilindi, ular ushbu maydonning sharqiy va g‘arbiy qismlarining 3D modelida taqdim etilgan. Schlumberger kompaniyasining dasturiy ta’minoti seysmik ma’lumotlarni tahlil qilish, quduqlar korrelyatsiyasini amalga oshirish, kollektor modellarini qurish, hajmlarni hisoblash, xaritalar tuzish hamda kollektordan maksimal darajada foydalanish uchun rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish imkonini beradi. Nafsilambrini aytganda, “Petrel” dasturiy ta’minoti geofizika, geologiya va konlarni o‘zlashtirishni yagona texnologik zanjirga birlashtiradi. Va real vaqt rejimida rezervuarlarni tavsiflashga imkon beradi.
So‘ngra o‘rganilayotgan hududning geologik tuzilishini yanada batafsil va ishonchli o‘rganish maqsadida “Moyli tepa” hududida paleozoy qatlamlarini ochgan holda loyiha chuqurligi 2500 m bo‘lgan 1 va 2-sonli ikkita parametrik quduqlarni burg‘ilash tavsiya etildi.
Burg‘ilash nuqtasi eng so‘nggi GNNS i73 gps navigatsiya qurilmasi yordamida atigi bir soat ichida aniqlandi. Qurilma 0,001 gacha yuqori aniqlikda koordinatalarni olish imkonini beradi. Avvalgi avlod gadjeti 15-10% xatolikka yo‘l qo‘yar va aniq koordinatalarni olish uchun odatda bir necha kun kerak bo‘lar edi.
Quduq “nafas olish”ni boshlaganda
Mana shu pallada geodezik-marksheyder uchun eng kulminatsion va uzoq kutilgan lahzalar yetib keladi. "Siz burg‘ilash uchun nuqta qo‘yasiz, pudratchi u yerda quduqni avariyalarsiz mahsuldor gorizontgacha burg‘ilaydi. O‘zlashtirgandan so‘ng quduq “nafas ola boshlaydi” - shunday paytlarda u yerda nimadir borligini his qilasiz, gaz pufakchalari yoki neft tomchilari hosil bo‘ladi va, qarabsizki.... Bum! Gaz yoki neftning sanoat oqimi bo‘y ko‘rsatadi. Shunday damlarda men tasvirlab bo‘lmas darajada mazza qilaman!” - Bekzod Vohidovich Rahmonov @BekzodVR, “Andijon” HICHK geologiya va ishlanmalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari.
"Agar uglevodorodlar oqimini olishga erishsak,1-sonli quduq yangi konning istidosiga aylanadi. Shuning uchun biz uchun bu nuqtaning ochilishi qazib chiqarishni ko‘paytirish borasidagi muhim vazifadir", - deydi Behzod Vohidovich Rahmonov.
Parametrli quduqlarning mahsuldor gorizontlarini burg‘ilash va sinovdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha ishlar hududda davom ettiriladi. Bu haqda biroz keyinroq xabar beramiz.