June 18, 2021

El Chapo haqida bilib oling!

Dizaynlar muallifi @FarruxSotvoldiyev

Uning hayoti haqida

Haqiqiy ismi Xoakin Archivaldo Guzman Loera. 1957-yilda Meksikaning Sineloa shtatida, La Tuna nomli qishloqda dehqon-chorvador oilasida tug'ildi. Uni ikkita singlisi va to'rtta ukasi bor edi. Yoshligida o'qishga umuman imkoniyati yo'q bo'lgan. Eng yaqin maktab uyidan 60km masofada edi! Shu sababli otasi bilan ishlashga ketdi. Otasi o'zini chorvador deb ko'rsatsada aslida afyun (giyohvand modda turi) yetishtirardi. Otasi bilan munosabatlari juda yomonlashgani sababli Guzman 15 yoshida uyidan haydaldi va bobosi bilan yashay boshladi. Amakisi Gektor Palma giyohvandfurush savdogarlardan bo'lgan. Shu sababli u amakisiga yaqinlashdi. Bu orqali u eng yirik narkobaronlardan Feliks Gallardo bilan tanishdi. Vaqt o'tib Gallardo uni narkotiklarni yetkazib berish ishlariga mas'ul qildi.

El Chaponing Sineloa karteli nazorat qilgan hududlar

Guzman juda qattiqqo'l va beshavqat edi. Yuklarni vaqtida yetkazmaganlarni shaxsan o'zi otib tashlardi. Kolumbiyadan keladigan yuklarni AQSHga tez va abjirlik bilan olib o'ta olgani uchun unga «El Rapido» (isp. tez ma'nosida) deb ham laqab berishgandi. «El Chapo» (isp. kalta) laqabini esa yoshligidan bo'yi past bo'lgani uchun olgan (uning bo'yi 168sm).

Yillar o'tib Felis Gallardo qamoqqa olindi. Uning karteli uchga bo'linib, ulardan biriga (Sineloa karteli) Xoakin El Chapo rahbarlik qildi. Uning katta faoliyati shunday boshlandi.

El Chapo Tixuana karteli bilan janglar, va kardinal (katolik cherkovining davlat miqyosida rahbarlari) Xuan Posadasning o'ldirilishiga aloqadorligi tufayli 1993-yilda Gvatemalada xibsga olinib Meksikaga ekstraditsiya (ixtiyoriga o'tkazish, ko'chirish) qilingan.

2001-yilda Xoakin El Chapo Guzmanning Puente Grande qamoqxonasiga tushganiga sakkiz yil bo'lgandi. Bu paytda AQSH unga bir necha ayblovlar e'lon qilib, jazo muddatini Qo'shma shtatlarda o'tash bo'yicha Meksika bilan kelishayotgan edi. Shu sababli El Chapo qochish harakatiga tushdi.

El Chaponing hibsga olinishi / 1993-yil

Qamoqxonadagi bir necha xizmatchilarga pora berdi. Bu orqali katta va puxta reja amalga oshira oldi. 19-yanvarda qo'riqchi Kamberos Rivera uning kamerasi eshigini ochib berdi. Bu orqali El Chapo yana bir Xavier Kamberos ismli xizmatchi olib kelgan kir tashiydigan idishga tushib oldi. Ular bir necha nazorat punktidan o'tib asosiy darvozadan chiqishga muvaffaq bo'lishdi. El Chapo mashinada Kamberos bilan shahar tashqarisiga chiqdi. Yoqilg'i uchun to'xtab, Kamberos birozga qayergadir ketganda Guzman «quyonni chizadi». Kamberos ushlanib qamoqqa tiqildi. Shundan keyin El Chapo 13 yil davomida qidiruvda bo'ldi. Ma'lumotlarga qaraganda bu qochish rejasida kamida 78 kishi qatnashgan.

Qamoqdan qochganidan so'ng El Chapo foaliyati yangi bosqichga chiqdi. 13 yil davomida kartellar o'rtasida janglarda va turli terrorlarda 60 mingdan ortiq odam qurbon bo'ldi. Sineloa va unga ittifoqchilik qilgan ba'zi kartellar (Ismael «El Mayo» Zambada, Xuan «El Azul» Esparagoza kabilar) raqiblari hududini egallab olish harakatida edi.

13 yil davomida hukumatning uni qo'lga ololmaganligi u haqda afsonalar to'qilishiga olib keldi. U Gavadalaxara, Sineloa, Chehuahua hududlarida o'ta yaxshi qurollangan guruhi bilan yashirinib yura oldi. Mahalliy aholi hukumatni uncha xushlamaganligi, guruhning qo'qituvlari, terror vositasi bilan El Chapo bu hududlarni o'ziga sodiq holda ushlab turgan. Bir safar u mahalliy restoranlardan biriga kirganda hammaning telefonlarini yig'diradi va ovqatlanadi, so'ng hammaga o'zining hisobidan pul to'lab chiqib ketadi. 2007-yilda Guzman «Go'zallik malikasi» musobaqasida g'olib bo'lgan 17 yoshli Emma Koronelga uylanadi.

El Chaponing yaqin hamkori Ismael Zambada (El mayo)

El Chapo 2014-yil 22-fevral kuni Mezotlan nomli hududdagi mehmonxonada qo'lga olindi va Altiplano qamoqxonasiga jo'natildi. Unga har oy $48 pul olib turishiga (shaxsiy gigiena uchun narsalarga) ruxsat berildi. 23 soat kamera va bir soatlik ochiq havo rejimi o'rnatildi. Soqchilar bilan gaplashish taqiqlangandi.

El Chaponing sudida aytilgan ma'lumotlarga qaraganda u va sheriklari narkotik savdosidan $14 mlrd pulni yuvishgan. Yuvish bu noquniy orttirilgan pulni turli yo'llar bilan niqoblab, qonuniylashtirish. Guzmanning boyligi $2-4 mlrd oralig'ida. Agar unga qo'yilga ayblovlar umumiylashtirilsa 300-400 yillik qamoq jazosi berilishi kerak edi!

Qamoqqa olingach negadir Meksika hukumati Guzmanni AQSHga berishni kechiktirdi. Ekstraditsiyani rad etdi.

Qamoqda bo'lgan ikki yil davomida yana bir qochish rejasi pishib yetildi. U kamerasida iPadini (tasavvur qiling, qamoqda uning iPadi bo'lgan) o'ynab o'tirganda, uning kamerasidan 10 metr chuqurlikda tunnel qazilgan. Ba'zilar bu tunnelni o'zi qazigan ham deyishdi. Lekin bu mehnat uchun barmog'ini qimirlatmaydigan pakana, semiz narkobaron uchun haqiqatdan yiroq. Tunnelni uning me'mor bo'lgan malayi Xose Sanchez Villalobos qazib bergan.

2015-yil 11-iyunda tahminan soat ikkida El Chapo kamerasida ko'rinmay qoldi. Kamera yozuvlariga qaralsa u plansheti orqali baland ovozda nimadir qo'yib o'tirgan paytda, allaqanday tarillagan ovozlarni payqash mumkin. Lekin qo'riqchilar buni «sezishmagan». Uning kamerasiga kelishganda yuvinadigan dushda katta qora teshik bor edi. Shu zahoti qidiruv e'lon qilinib aeroport va chegaralar yopildi. Aniqlanishicha tunnel uzunligi 1.5km, kengligi 1 metrgacha bo'lgan. Ichidan hatto qo'lbola yasalgan mototsikl topishgan! Tunnel qamoqxona yaqinidagi qishloqda qurilish bo'layotgan uyga olib chiqqan.

El Chaponi qamoqda qo'riqlashda qatnashgan 49 xodim so'roq qilindi. Uning qochganini eshitgan Prezident Pena Nieto Fransiyaga tashrifni bekor qildi.

El Chapo uchun qamoqxona tagidan qazilgan tunnel

Tunellar Guzmanning buyrug'iga ko'ra ko'p joylarda qazilgan va faqat qochish uchun emas, narkotikni olib o'tishga ham ishlatildi. Shu sababli El Chapo «Tunellar qiroli» sifatida tanildi.

U qochqinda yurgan paytida jurnalistlar bilan uchrashib hayotini gapirib beradi. Aytishicha u hech qachon narkobiznesga «aralashmagan». Shuningdek samolyotlar, mashinalar, kemalar oldi sottisi orqali «pul orttirgan». Lekin Guzmanning o'zini Snouden deb tasavvur qilishda adashgandi. Uni kimligini butun dunyo bilardi.

El Chaponing bu erkinligi uzoqqa bormadi. 2016-yil yanvar oyida qayta qo'lga olindi. 2017-yilda AQSHga ekstraditsiya qilinib unga umrbod qamoq jazosi berildi. Hozirda AQSHda saqlanmoqda.

Qo'lga olingan El Chaponing soch soqolini olishmoqda

Xoakin Guzmanning hayoti haqida serial va filmlar suratga olingan u hozirdagi tirik afsonaga aylanib ulgurgan. Uning hayoti shuni ko'rsatadiki shaxsning kim bo'lib yetishishi oilasi va yaqinidagi muhitga bog'liq. Uning otasi va qarindoshlari giyohfurush edi. Guzman ham ulardan o'n baravar o'tib tushadigan giyohfurush bo'lib yetishdi.

Uning qamoqda o'lib ketishiga chin dildan tilakdoshmiz. Shunda dunyoga katta foyda keltirgan bo'ladi. E'tiboringiz uchun tashakkur. Qiziq bo'lgan bo'lsa boshqalarga ham ulashing. Sinoatlar seriyasining keyingi epizodlari butunlay video holida bo'lishi kutilmoqda...

El Chapo serialidan parcha / Qochish epizodi