September 20, 2024

Serendipik o’qish

Seren-di-pity = kutilmagan imkoniyatlar kuchi. O'zbek va rus tillarida bu so'z mavjud emas.

Kutilmaganda katta o'zgarishlar, ilmiy kashfiyotlar, daromadlar ortida serendipity turadi.

Serendipityga misollar:

-Uzoq ko'rmagan tanishingizni ko'rib qolasiz. Sizni loyihasiga chaqirib qoladi. Loyiha o'xshab ketadi, sizni daromadingiz ham oshib ketadi.

-Do'stingiz mijozlarini yo'qotib qo'yayotganidan shikoyat qildi. Siz ikki hafta oldin shuni yechadigan dasturni ko'rib qolgan edingiz. O'rnatib berasiz. Boshqalarga tavsiya qiladi.

O'zingizni biznesingiz boshlanib ketadi.

-Yangi tesha tegmagan g'oyalar ham shunday keladi. Bir joyda "taqdirda bori bo'ladi" deb o'qiysiz. Ikkinchi joyda "kuchli musulmon taqdirini o'zi quradi" deb o'qiysiz. Ikkalovini birlashtirasiz: "Kuchli odam taqdirini o'zi quradi va bu ham taqdirida bo'ladi". Yangi, juda kamchilik o'ylab ko'rgan g'oya keladi. (Shu inshoning g'oyasi kabi)

Serendipity = kutilmagan rizq. Kutilmagan imkoniyatlar. Kutilmagan ilm va tanishuvlar. Uni oldindan bila olmaysiz. Reja qila olmaysiz. Yo'liqish darajasini kengaytira olasiz xolos.

Serendipity bu omadning uchrashi. Omad uchrashi yo'llarini esa bemalol ko'paytirish mumkin. Bitta odam ish qidirib 4 ta tanishiga aytib qo'ydi. Ikkinchi odam esa 10 000 kishi kuzatadigan joyda e'lon qildi. Kimda omadli ish topish imkoni kattaroq?

Ikkinchisida. Chunki u serendipity (omadga uchrash) darajasini 2500 barobarga ko'paytirdi.

Bugun serendipityni kitob o'qish kontekstida gaplashamiz.

Hayotda omad ko'pincha odamlar orqali keladi. Bunday odamlar - unikal odamlar. Sizga ish taklif qiladi, ustoz bo'ladi, kerakli insonlar bilan tanishtiradi. Ular bilan tanishishni oldindan reja qilish qiyin. Qo'limizdan faqat tanishish imkoniyatlarni ko'paytirish keladi.

Universitetda o'qish, yig'ilish va darslarda qatnashish, bir joyda yashash, umumiy do'st tanishtirib qo'yishi - shunga o'xshash imkoniyatlar.

Bilim orgali keladigan omad ham shunday. Unikal bilim bo'lsa omad kelishi darajasi ortadi.

Unikal bilim sintezdan olinadi. Sintez bo'lishi uchun ikkita har xil bilim qo'shilib uchinchisi hosil bo'lishi kerak. Na + Cl = NaCl kabi.

Na + Na = 2Na sintez emas. Shunchaki bir turdagi narsaning ko'payishi.

Har xil bilim olish uchun esa har xil kitoblarni o'qish kerak.

Faqat psixologik kitoblar o'qiydigan odam - hamma muammolarning asosi psixologiya, faqat marketing kitoblar o'qiydigan odam - marketing deb o'ylaydi. Dunyoni bitta linzada ko'radi. Qobig'idan chiqa olmaydi. Tanishlari, ishlari, fikrlari faqat o'z qobig'i doirasida bo'ladi.

Kitoblar o'ta ko'p. Yozilgan kitoblarni 1%ni ham o'qib tugata olmaymiz. O'qishimiz ham shart emas. Biz kitoblarni avval o'qilmagan kombinatsiyada o'qisak yetarli. Shunda doim yangi g'oya va unikal bilimlarimiz bo'ladi.

Hadisda bomdodni masjidda o'qish afzalligini o'qib qolasiz. Fiziologiyada tonggi quyosh, kun bo'yi energiya miqdoriga ta'sir qilishini o'qib qolasiz. Birinchi turdagi ilm asosan islom ulamolarida bo'ladi, ikkinchi turdagi ilm esa shifokorlarda. Sizda esa ikkisi ham bo'ladi.

Aynan shu turdagi ilm sizni unikal qiladi.

Maktab haqidagi kitobda bolalar bir biri bilan urushishi muammosi (bullying) haqida o'qib qolasiz. Xarakter shakllanishi haqida kitobda esa yoshlikdagi urushish foydalarini o'qiysiz.

Natijada siz bullyingni oldini olish emas, bolalarga bullyingdan keyin kuchliroq shaxs bo'lib chiqishni o'rgatasiz. Hamma bitta natijaga erishsa, siz boshqa natijaga erishib turibsiz. Unikal bilimingiz omad kelishini ko'paytiradi.

O'zim ishlatgan shunday unikal bilimning bittasiga misol: Dodo pizza oshxonalariga kamera qo'yib, mijozlarga ulab berish orqali oshxonani doim toza ushlashini o'qib qolganman. Tarbiya haqidagi kitobda esa bolalar ota-onalari kuzatib turganini bilsa o'zi yaxshiroq tutishini, uchinchi joyda esa harakatlar doimiy bo'lsa, odatga aylanib qolinishini o'qib qolganman. Shunday qilib Merit Schoolda ota-onaga ulab berilgan kamera xizmati paydo bo'lgan. Hammadan birinchi bo'lib qilganmiz. Yuzlab mijozlarimiz bundan xursand bo'lishgan.

Turli g'oyalar sintezi uchun turli xil kitoblarni o'qishni men "Serendipik o'qish" deb nomlayman. Odamlar o'ylaganichalik ko'p kitob o'qimayman. Ko'pini oxirigacha tugatmayman ham. Har xil kitob o'qiyman xolos. Natijada kombinatsiya ehtimoli ortaveradi.

Kombinatsiya ehtimoli -> sintez ehtimoli -> unikal bilim ehtimoli -> Serendipity ehtimoli

Bizdan oldin juda ko'p insonlar aynan shunday o'qish orqali katta o'zgarishlar gilishgan:

  • Ibn Sino (Figh, tibbiyot, matematika, botanika)
  • Al Xorazmiy (Huqua, geografiya, matematika, geometriya)
  • Nyuton (Teologiya, Alximiya, Fizika, Tarix)
  • Stiv Jobs (Buddism, Kalligrafiya, dizayn, storytelling, platalar tuzilishi)
  • Shaxy Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (Aqida, figh, huqua, tarix, siyosat)

Serendipik o'qish uchun ikkita qadam bor.

  1. Fundamental kitoblar o'qiladi: Agida, figh (huqua), matematika, fizika, mikroiatisod, biologiya, tarix.
  2. Qiziqtirgan kitob qaysi sohada bo'lsa ham o'qib ketaveriladi. (IImiyot, psixologiya, aniq fanlar, tafsirlar bo'lsa yanada yaxshi)

Olinadigan xulosalar:

-Kitobdan zerikish tabiiy hol. O'qishdan zerikmaslik muhimi. Buning uchun turli sohalardagi kitoblarni o'qigan yaxshi.

  • O'qiganda shu darajaga yetish kerakki, hech qaysi sohadagi hech qaysi kitob qo'rqitmasligi kerak. (odatda buning uchun 200+ yetarli)
  • Bitta sohada 3+ eng zo'r kitoblarni tugatganingizdan keyin, keyingilarida ma'lumotlar takrorlanaveradi, uyog'iya yurishning foydasi kam.

-Serendipik o'qish hayotingizda kutilmagan o'zgarishlar olib keladi. Qanday o'zgarishlar?

Bilmadim. Uni hech kim oldindan bila olmaydi.

-Serendipik o'qisangiz artofdagilardan kam bo'lmaysiz. Lekin omad kelib qolsa eng katta imkoniyat aynan sizda bo'ladi.

Shu mavzuda ko'proq o'gimoqchi bo'lganlar uchun:

  • The great mental models, Shane Parrish
  • The Black Swan, Nassim Taleb
  • How to take smart notes, Sönke Ahrens